surna/zuna, nabat
Xususiyat bildiruvchi sifatlar: batir, bagatir, chaliy
Biz quyida rus leksikonida mavjud boʻlgan oziq-ovqat va ichimlik
nomlarini bildiruvchi bir qator turkiy soʻzlarni izohlashga harakat qildik.
Tahlilga tortilgan ba’zi soʻzlar asosan rus shevalarida qoʻllaniladigan soʻzlar
boʻlib, tahlil jarayonida izohlash qiyosiy aspektda olib borildi, ularning fonetik
variantdoshlari ham hisobga olindi.
Churek. XIX asrda turkiy xalqlardan ma’lum bir fonetik oʻzgarishlar
asosida oʻzlashgan ushbu soʻz Oʻrta Osiyo va Kavkaz xalqlarining toʻrtburchak
shaklli taram-taram milliy noni hisoblanadi. Turk, ozarbayjon, qrim-tatar
tillaridagi “čörӓk” – “oshirilmagan non, patir” ma’nolarni anglatadi [Radlov 3,
2040]. Mahmud Koshgʻariyning “Devoni lugʻatit turk” asarida “čörӓk” –
“kulcha”, ya’ni kichik non ma’nosida ishlatilgan [DLT, I, 369].
Cheburek. Rus va fransuz tillaridan turkiy tillarga kirib kelgan, deb talqin
qilingan bu soʻz, aksincha, turkiy tillardan rus tiliga oʻzlashgan soʻz boʻlib
chiqdi. Bu soʻzni etimologiyasiga e’tiborimizni qaratamiz. Tatar millatida börek
36
– bürök soʻzi “qoplamoq, ustini yopmoq” ma’nosini beruvchi “bör – bür” soʻziga
harakatning natijasini bildiruvchi –aq//-ek qoʻshimchasini qoʻshish orqali
yasalgan boʻlib, “toblamoq” ma’nosini beradi [Budagov. I, 277)] Qardosh turkiy
tillarda, jumladan, noʻgʻay, qrim-tatar, qoraqalpoq tillarida bür soʻzi “qat-qat
burma, achitilgan xamir” ma’nosida qoʻllanilgan. Qrim-tatar tilida čij “yogʻli
goʻsht” + bürök < čij bürök, ya’ni “yogʻli goʻshtni xamirga oʻrab pishirmoq”
sememasini bildiruvchi leksema vujudga keldi. Bu esa rus tiliga “cheburek”
shaklida XIX asrda oʻzlashdi.
Kurdyuk. Shipova 2000 ta turkiy soʻzni oʻz ichiga qamrab olgan kitobida
Dal, Korsh, Melioranskiyning fikrlariga tayanib, bu soʻzni turkiy tildan
oʻzlashganligini aytadi. Dmitriyev organizmdan ajralib chiqqan qoʻy
dumbasidagi quyruqni qardosh turkiy xalqlarda hozirda faol qoʻllanilayotgan
fonetik variantdoshlarini koʻrsatadi. Jumladan, turkman, tatar, qirgʻiz tillarida
“quyruq”, mongollarda “xu/duruk” shaklida qoʻllangan [Dmitriyev, 1958, 28]
“Shashlik” - Markaziy Osiyo xalqlarining, avvalo, koʻchmanchi aholining
bu taomi shu nom bilan ruschaga oʻzlashgan. Odatda u qoʻy goʻshtidan metall
yoki yogʻoch shish — sixda pishirilgan. “Shashlik” kabob pishirishda
ishlatiladigan temir ma’nosidagi shish soʻzidan kelib chiqqan. “Devoni lugʻatit
turk”da sish shaklida qayd etilgan. Bu soʻz Lutfiyda shish, Navoiyda esa hozirgi
kundagidek six shakllarida qoʻllangan:
Andoq soʻrung begimki, ne shish kuysa, ne kabob,
Ul gʻamzaning soʻziyu, koʻngul sharhi holini. (Lutfiy)
Bazmning asbobini qilgʻil nasaq,
Hozir etub sixu, kabobu tabaq. (Navoiy)
Navoiy asarlari tilida “shish” soʻzidan “shishlamoq” fe’li yasalganini
koʻrishimiz mumkin:
Garchi ishq oʻtida koʻnglumni oʻqunggʻa shishlading,
Garm boʻlmakim, hanuz ne six kuymish, ne kabob. (Navoiy)
37
Turk qardoshlarimizning mana bu maqoli yuqorida alloma shoirlarimiz
mahorati bilan she’riy shaklga kirgan oʻzimizning oʻzbekona “Six ham
kuymasin, kabob ham” maqoliga gʻoyat uygʻun boʻlishi bilan ushbu xalq
donishmandligi namunasining ham, shish soʻzining ham turkiy xalqlar uchun
qadimiy va xosligini koʻrsatadi: “Hem shish yagʻlanmali, hem kebap pishmeli”
[7].
Bugungi kunda tilimizda faol boʻlgan “suzma”, “qaymoq”, “qatiq”,
“qimiz”, “qurut”, “qatlama”, “qazi”, “yogurt” kabi soʻzlar “Devonu lugʻatit
turk”da, tilimizning keyingi bosqichi boʻlgan eski oʻzbek tilida, ayniqsa, Alisher
Navoiy asarlarida deyarli oʻzgarmasdan uchraydi. Bular allaqachon rus tili
lugʻat tarkibini boyitgan. Faqat yogurt sal boshqacharoq boʻlgan.
Yogurt — Navoiyda jugʻrot shaklida uchraydi. Bu soʻz lugʻatda “qatiq”
deb izohlangan. Buning misoli “Saddi Iskandariy”dan:
Ani uyga kelturdi tortib inon,
Ravon mohazar chekti jugʻrotu non.
Mazmuni: uni uyga keltirib, oldiga tayyor turgan jugʻrot va nonni qoʻydi.
Jugʻrot hozir boshqa turkiy tillarda, xususan, tatar tilida ishlatiladigan “yugʻurt”
soʻzining Navoiy davridagi shakli. Bu soʻzning “yogʻrut” fonetik shakli
“Qutadgʻu bilig”da ishlatilgan: qimiz, sut ya yun yagʻ ya yogʻrut qurut (qimiz, sut
yoki jun, yogʻ yoki qatiq, qurut). Yogurt turkiy tillardan rus tiliga oʻzlashib, hozir
shu shaklda faol qoʻllanmoqda. Hatto ingliz tiliga ham oʻtib ulgurgan [7].
Chixir/Chifir. Eski turkiy tilda faol qoʻllangan ushbu soʻz dastlab “Devoni
lugʻatit turk” asarida uchraydi: čaγïr – sharbat. Alisher Navoiy asarlarida esa
“chogʻir” shaklida ishlatilgan.
Qaddi havosida labiddin rohat istaram,
Ichsam kerak mudom chogʻiri mu’tadil bila [“Xazoyinul-maoniy”, I-550;
ANATIL, IV, 467].
Bobur she’riyatida ham xuddi shu tarzda qoʻllanilgan: “Firoq oʻtida
ovunsam chogʻir bila ne ajab…” [OʻTUL].
38
Hamid Olimjon oʻz ijodida “chogʻir”ni “qirmiz sharob” deya izohlaydi: “ Uy
egasi peshvoz boʻlib, chogʻir – qirmiz sharob tutadi” (OʻTUL).
Kumis. Moʻgʻullar davridan oldin rus tiliga turkiy xalqlardan oʻtgan
ushbu soʻz “qïmïz” shaklida “Devoni lugʻatit turk” asarida keladi. Mahmud
Koshgʻariy qimiz yilqi suti boʻlib, uni sanoch-meshlarga solib achitib ichilishini
aytgan [DLT, I, 346]. Shuningdek, qadimgi turkiy tilda qoʻllaniluvchi bu ot asli
“chayqal, toʻlqinlan” ma’nosini anglatgan qum-fe’lidan [Devon, II, 35] –(u)z
qoʻshimchasini qoʻshish bilan yasalgan: qum+uz=qumuz [OʻTIL, I, 547]. “Oʻzbek
tilining universal lugʻati”da bu soʻzga quyidagicha ta’rif berilgan: “biya sutidan
maxsus idishlarda bijgʻitish yoʻli bilan tayyorlanadigan, yengil kayf beruvchi,
shifobaxsh ichimlik” [OʻTIL, V, 292]. Oʻzbek adiblaridan biri Oybek ham uning
shifobaxsh ekanligini aytib oʻtadi: Dala havosi, qimiz, koʻkalamzor – dardimga
naq davo [OʻTIL].
“Korsondagi qimiz tugab, shoʻrva ham ichildi” (“Oʻtgan kunlar” asaridan).
Alisher Navoiyda ham xuddi shu shaklda kelgan: Va qimizni va suzmani
va boxsumni va boʻzani dagʻi turkcha ayturlar [“Muhokamatul-lugʻatayn”, XIV-
115; ANATIL, IV, 52].
Kurt/kurut. Suzmani yongʻoqdek yumaloqlab, 2-3 kun oftobga qoʻyib
qurutib tayyorlanadigan mahsulot [OʻTIL, V, 385]. Buni pishloq ham deyiladi.
Bu qurutilgan qatiq demakdir [12, 16-bet]. Yaģı alınmış sütten ya da ayrandan
yapılan kuru peynir; çökelek [13, 454-bet ]. Bu ot “suvi, nami qochib, quruq
holatga kel-” ma’nosini anglatuvchi qurï- fe’lidan –t qoʻshimchasi bilan
yasalgan [OʻTIL, II, 578].
Zamonaviy tilshunoslikning hozirgi kundagi dolzarb masalaridan biri
leksikografiya – lugʻatchilik hisoblanar ekan, biz toʻplagan materiallar yangi bir
lugʻatni yaratishga imkon beradi. Shuningdek, yevropa tillaridan oʻzlashgan
soʻzlar sifatida notoʻgʻri talqin qilinib kelinayatgan asli turkiy soʻzlar
aniqlangandan soʻng, bu soʻzlar oʻzbek tilining izohli lugʻatidagi soʻzlar sonining
boyishiga asos boʻla oladi. Tahlil qilingan soʻzlarni jamlab, mavzuviy-tematik
lugʻatlarni tuzish mumkin.
39
Do'stlaringiz bilan baham: |