”qopchur” ta’sis etilgan. Unga ko‘ra 100 tadan bir miqdorda chorva soliqqa to‘lanar edi.
(Bu soliq asosan mo‘g‘ullar turmush tarzi xususiyatini hisobga olgan holda joriy etilgan edi).
“Yasoq“qa ko‘ra, davlat xazinasi uchun “shulen” deb nom olgan oziq-ovqat solig‘i joriy
qilingan.
Bu soliqqa ko‘ra har bir podadan ikki yashar qo‘y, qimiz uchun har mingta otdan bir
biya hisobidan olingan. Soliqlar asosan xonlar tomonidan barot (ijara) tarzida oldindan
xazina uchun undirilib, so‘ngra aholidan zo‘ravonlik bilan oshirilgan miqdorda undirilar edi.
Ayniqsa, hunarmandlarning ahvoli og‘ir bo‘lgan ularning o‘z yurtlarida tirik qolganlari
mahalliy xonlarning mulki sifatida ishlatilinar edi. Masalan, 1262-yil Buxoroda bo‘lgan
Xubilay qoonning vakili bu yerda 5000 ta hunarmand Botuxonga, 3000 tasi malika
Siyurko‘kteniga (Xubilay va Munqalarning onasi) tegishli bo‘lganligini qayd etadi. 1246-yil
Mo‘g‘ulistonda bo‘lgan sayyoh Plano Karpini eng yaxshi hunarmandlar xoqon xizmatida
ekanligini va ularga qullarcha munosabatda bo‘lishlarini qayd etib o‘tadi. Bu guruh shaharlik
hunarmandlarga esa kundalik ovqat berilib, ularga darhaqiqat qullarcha munosabatda
bo‘lingan bo‘lsa, ikkinchi guruh shaharlik hunarmandlarga esa katta soliqlar solingan.
Mo‘g‘ullarga qarashli bo‘lgan harbiy qurol-aslaha va anjomlar ishlab chiqaradigan
ustaxonalar-”korxona” nomini olgan bo‘lib, u yerdagi hunarmandlar esa qul darajasidagi
kishilar hisoblanar edi. Hunarmandlar to‘laydigan maxsus soliqning nomi “tamg‘a” deb
atalgan. Mo‘g‘ullar, shuningdek, batamom huquqsiz qullar mehnatidan ham foydalanishar
edi. Mo‘g‘ullar hukmronligi davrida yer egaligi holati ham o‘zgarib, yangi in’om etilgan
yerlar mo‘g‘ulcha suyurg‘ol nomini olgan. Suyurg‘ol hajmi jihatidan (unig tarkibiga juda
katta yer maydonlari, suv havzalari, dasht-yaylovlar ham kirib ketar edi) iqtadan farq qilar
edi. Bu davrda davlat, mulk (xususiy yerlar), vaqf (diniy idoralar ixtiyoridagi yerlar) yerlarda
ko‘p holda ijaraga chorakor dehqonlar mehnat qilishgan. Bir qism ijarador-o‘rtahol
dehqonlar esa muzoriylar deb yuritilgan.
Buyuk hoqon hisoblangan O‘gedey (1229-1241 yy.) davridayoq mo‘g‘ullar o‘zlariga
xizmat ko‘rsatayotgan ayrim kishilar, katta yer egalari, savdogarlarga turli yorliq va payzalar
bera boshladilar. Payza qimmatbaho metall (oltin, kumush) yoki jez, yog‘och taxtalardan
ishlangan bo‘lib, unga no‘yonning muhri qo‘yilar edi. Bunday payzaga ega bo‘lgan kishilar,
shu jumladan, elchilar, soliq yig‘uvchilar va boshqa shaxslar aholidan turli yig‘im,
to‘lovlarni talab qilib olish huquqiga ega edilar. Ko‘plab beriladigan payza egalari aholidan
tekinga ot-ulov, yem-xashak, yotar-joy, oziq-ovqat talab qilishga haqli ham edi. Savdo
yo‘llarida joylashgan bekatlar “yom” (jom) deyilib, ularning xizmati va harajati mahalliy
aholi bo‘ynida edi. Bu bekatlar bo‘ylab davlat ishlari bo‘yicha ko‘plab elchi, chopar, vakil
va boshqalar o‘tib, ularga xalq tekinga xizmat qilib, ularni ta’minlab turishi ham lozim edi.
1235-yildan boshlab hoqon farmoniga ko‘ra, har bir yomning aloqa xizmati va harakati 2 ta
tuman aholisiga yuklatildi. “Yomlar bo‘yidagi aholida toqat va majol ham qolmagan edi”,-
deb yozgan edi Rashididdin.
132
Mahalliy aholi-hunarmand, dehqon, chorvador, kim bo‘lishidan qat’iy nazar umum
hashar ishlarida qatnashishi va tekinga ishlab berishi shart edi. Mo‘g‘ullarning ichki xo‘jalik
hayotni savdo-sotiq sohasini bir oz jonlantirish borasidagi chiqargan past qiymatli tangalari
aholi ichida o‘z o‘rnini topmadi. Aksincha, zo‘rlik po‘pisaga qaramay, 1232-yildan boshlab
Samarqandda pul muomalasi tugatildi, savdo-sotiq ayriboshlov darajasiga tushib qoldi.
Farg‘ona, Shosh, Termiz va boshqa viloyatlarda mo‘g‘ul istilosidan so‘ng pul zarb etish o‘z-
o‘zidan tugagan edi. Natijada tez orada Movaraunnahrda pul muomalasi butkul izdan chiqdi.
Mislsiz jabr-zulm, aholining xo‘rlik va qashshoqlik domiga tashlanishi, soliqlarning
haddan ziyod o‘sishi, mehnatkash aholining tinka madorini quritib yubordi. Aholi ichida
mo‘g‘ullarning zo‘ravonligi va istibdodiga qarshi norozilik harakati tobora kuchayib, bu
norozilik ayniqsa, 1238-yilgi Mahmud Tarobiy qo‘zg‘olonida o‘z aksini namoyon qildi. Bu
ozodlik qo‘zg‘oloni 1238-yil Buxorodan uch farsah (taxminan 18-21 km) uzoqlikdagi Tarob
qishlog‘ida boshlandi. Bu qo‘zg‘olonda mo‘g‘ullar va mahalliy zodagonlar zulmidan ahvoli
og‘irlashgan hunarmand, dehqon va kambag‘al aholi, ayniqsa, faol qatnashadi. Qo‘zg‘olonga
esa asli Tarob qishlog‘idan bo‘lgan g‘alvir yasovchi hunarmand usta Mahmud Tarobiy
boshchilik qiladi.
Mahmud Tarobiy avval o‘z qishlog‘ida istilochilar zulmi, bedodligiga qarshi otashin
chaqiriqlar bilan chiqadi. O‘z atrofiga yig‘ilgan qo‘zg‘olonchilarga murojaat etib: “Yey haq
toliblari, qachongacha kutamiz va intizorlik tortamiz. Ro‘yi zaminni tangridan
qo‘rqmaydiganlardan pok qilmoq lozim. Kimning qanday qurolga qurbi yetsa, qilichmi, o‘q-
yoymi, kaltakmi, qo‘lga olsin. Qo‘ldan kelgancha tangridan qo‘rqmaydiganlardan birontasini
ham tirik qo‘ymaslik lozim”,-degan so‘zlar ozodlik kurashiga xalqni da’vat etadi. Shu
paytda Sherozdan kelgan harbiy anjomlar ortilgan karvon qo‘zg‘olonchilarning
qurollanishiga yordam beradi. Qo‘zg‘olon kuch-qudrati oshib borayotganligini, xalq
qo‘zg‘olonchilar tarafiga o‘tib borayotganligini ko‘rgan mo‘g‘ul no‘yonlari Movarounnahr
hokimi Mahmud Yalavochdan yordam so‘rashga majbur bo‘ladilar. Mahmud Tarobiy
o‘zining ko‘plab tarafdorlari bilan Buxoro tomon yo‘l oladi. Buxorolik aqoid (diniy ilm)
olimi, mashhur shayx Shamsiddin Mahbubiy ham qo‘liga qurol olib, o‘z safdoshlari bilan
qo‘zg‘olonchilar safiga qo‘shiladi. Tarixchi Juvayniy Mahmud Tarobiy haqida shunday deb
yozgan edi: “U akobir, boy-badavlat kishilarni haqorat qildi, sharmandasini chiqardi,
o‘ldirtirdi, ularning bir qismi esa undan qochib qutildi. U oddiy xalqqa va darbadarlarga,
aksincha, iltifot va marhamat ko‘rsatdi”. Darhaqiqat Mahmud Tarobiy Buxoro ahliga
muruvvat namunalarini ko‘rsatdi. Buxorodan qochgan mo‘g‘ul harbiylari va buxorolik
zodagonlar Karmanaga kelib panoh topgan edilar. Bu yerda ular ma’lum kuch to‘plab,
Mahmud Tarobiy ustiga harbiy yurishni boshlaydilar. Bundan xabardor bo‘lgan Mahmud
Tarobiy dushmanga qarshi kurashish maqsadida shahar chetidan Karmana yo‘liga katta
harbiy kuch bilan chiqadi. Ikki o‘rtadagi qattiq jangdan so‘ng istilochilar yengilib orqaga
chekindilar. Qo‘zg‘olonchilar mo‘g‘ullarni to Karmanagacha quvib bordilar. Ushbu jangda
mo‘g‘ullardan 10000 kishi qirib tashlandi. Lekin bu zafarli jangda qo‘zg‘olonchilar
rahbarlari Mahmud Tarobiy va Shamsiddin Mahbubiylar halok bo‘ldilar. Qo‘zg‘olonchilar
endilikda shahid ketgan Mahmud Tarobiyning o‘rniga uning ukalari Muhammad va Alini
rahbar etib saylaydilar. Lekin bu yangi rahbarlarning harbiy tajribalari yo‘q, xalq ularni
yaxshi tanimas, omma ichida ular nufuzga ega emas edilar. Bu esa qo‘zg‘olonning borishiga
salbiy ta’sir o‘tkazdi. Oradan bir hafta o‘tmay mo‘g‘ullarning Yelduz no‘yon va Chag‘an
qo‘rchi boshchiligidagi yangi qo‘shini qo‘zg‘olonni bostirib uchun yetib keldi. Ikki
tomonlama jangda Mahmud Tarobiy tarafdorlari butkul tor-mor qilinib, ikkala tomondan 21
mingdan oshiq jangchi halok bo‘ldi.
Mahmud Tarobiy boshchiligidagi ushbu xalq ozodlik qo‘zg‘oloni xalqimiz ozodlik
kurashlari tarixida o‘ziga xos iz qoldirdi. U, avvalo, istilochilar va ular tomoniga o‘tib
ketgan mahalliy zodagonlarning umumiy zulmiga qarshi ko‘tarilgan kurash edi. Bu ozodlik
qo‘zg‘oloni mo‘g‘ul istilochilariga ular qanchalik shavqatsiz tuzum o‘rnatmasinlar, xalq
133
hamisha o‘z ona vatani ozodligi yo‘lida kurashdan cho‘chimasligini namoyon qildi.
Mo‘g‘ullar bu qo‘zg‘olondan so‘ng bosqoqlar tomonidan yig‘iladigan soliq va o‘lponlarni
tartibga keltirishga harakat qildilar. Mahmud Torobiy qo‘zg‘olonidan keyin Chig‘atoy
qo‘zg‘olonni bostirishda sustkashlik qilgan, degan maqsadda, Mahmud Yalavochni o‘z
amalidan chetlashtirib, uni Movaraunnahrdan chiqartirib yubordi. Tez orada xoqon uni
Dasin (Pekin)ga shahar noibi etib jo‘natadi. Shundan so‘ng Movaraunnahr noibi hamda
ijaradori sifatida Mahmud Yalavochning o‘g‘li Ma’sudbek tayin etiladi. U o‘limiga qadar
(1289 y.) shu lavozimni egallab turadi.
XIII asrning ikkinchi choraklaridan boshlab, mo‘g‘ullarning ichida ham endilikda
ma’lum siyosiy nizolar, parokandaliklar kelib chiqa boshlaydi. 1241-yilga kelib bosib
olingan Rusiya, Volga bo‘yi, Ural va boshqa yerlardan Oltin O‘rda davlati tashkil topadi.
Mo‘g‘ullar 1256-yili Xulagu boshchiligida Eron, Kurdiston, Iroq va Yaqin Sharqning
boshqa yerlariga hujum qiladilar. Mo‘g‘ul xonlari o‘rtasida oliy hukmdorlik uchun kurash
avj oladi. Ayniqsa, buyuk hoqon Guyukxonning (1246-1249) o‘limidan so‘ng bu kurash
keskin kuchayadi. 1251-yili hokimiyat tepasiga Botuxon va Berkaxonlarning qo‘llab-
quvvatlashlari bilan Tulining to‘ng‘ich o‘g‘li Munqa (1251-1259) ulug‘ xon sifatida
saylanadi. U dastlab Chig‘atoy ulusini mulk sifatida tugatadi va uni Botuxon bilan bo‘lib
oladi. Keyinchalik Munqaning o‘limidan so‘ng Chig‘atoyning nevarasi Olg‘uxon (1261-
1266) Oltin O‘rdaga qarshi kurashib, Chig‘atoy ulusini qayta tiklashga muvaffaq bo‘ladi.
XIII asrning 60-70-yillariga kelib, rasman yagona hisoblangan mo‘g‘ul imperiyasi
aslida Erondagi Xulagiylar, Movaraunnahrdagi Chig‘atoylar, Oltin O‘rda deyarli mustaqil
qismlariga bo‘linib ketgan edi. Har bir ulus xoni o‘zini tamomila mustaqil sanab, payt
kelganda qo‘shni uluslarga o‘lja uchun hujum ham qilib turar edilar. Masalan 1272-yili
Xulagiylarning Oqbek boshchiligidagi askarlari Kesh va Nahshab shaharlarini, 1273-yil
yanvarida Buxoroni talon-taroj etadilar. Buxoro dahshatli qirg‘in-barotni boshdan kechirib,
yetti yilgacha vayrona tarzda yotadi. Mo‘g‘ullar to‘g‘risida so‘z ketganda yana bir muhim
xususiyatni e’tiborga olmoq kerak bo‘ladi. Bosib olingan yerlarda mo‘g‘ul harbiy
sarkardalari, no‘yonlari, zodagonlari orasida siyosiy dunyoqarash o‘zgara boshlaydi.
Ba’zi no‘yon, xonlar, harbiy ma’murlarning kichik qismi, ularga ergashgan mahalliy
zodagonlar, savdogarlar, diniy ulamolar va boshqalar o‘troq hayotga o‘tish, markaziy
hokimiyatni kuchaytirib, savdo-sotiqni rivojlantirish tarafdorlari edi. Dehqonchilik va savdo-
sotiq xazinaning asosiy manbayi bo‘lishi mumkin edi. Buning uchun esa shahar va
qishloqlarni tiklash, ekinzorlarni o‘zaro payhon etishga chek qo‘yish, soliqlarni tartibga
tushirish, shaharlar rivoji, savdo, hunarmandchilikka homiylik qilish darkor edi. Yuqorida
ta’kidlangan madaniylashish tarafdorlari safiga Munqaxon (1251-1259) va Chig‘atoy noibi,
hoqonning yaqin maslahatchisi Ma’sudbek (1238-1289) ham kirar edilar. Munqaxon
shubhasiz tadbirli va zehnli Movaraunnahr noibi Ma’sudbekning ta’siri ostida ba’zi bir
ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirdi.
Butun mo‘g‘ullar imperiyasida soliqlar bir xil tarzda undirilmas edi. Masalan,
Xitoyning shimoli, Movarounnahrda badavlat kishi 10 dinor, kambag‘al 1 dinor to‘lasa,
Xurosonda badavlat kishi 7 dinor, kambag‘al esa 1 dinor to‘lar edi va xakozo. Munqaxon
soliq va xashar ishlarini tartibga solish borasida maxsus farmon-yorliq chiqardi. Unga ko‘ra
Chingizxon o‘limidan so‘ng berilgan payza va yorliqlar bekor etildi, yomlar bo‘ylab aloqa
vositasi uchun ajratiladigan otlar soni belgilanib, aholidan ortiqcha ot-ulov talab etish,
yomlar uchun belgilangan otlarda shaxsiy maqsadda foydalanish ta’qiqlab qo‘yildi.
Munqaxoning qonunlashtirib qo‘ygan chora-tadbirlari aholini behisob soliq va yig‘inlardan
ozod etib, ularning tinchlik-osoyishtaligini bir muncha ta’minladi, shahar hayotining, ichki
va tashqi savdoning rivojlanishiga qisman imkon yaratib berdi. Bu islohotlar natijasida
mamlakatning ayniqsa shimoliy-sharqiy rayonlari, jumladan Farg‘ona vodiysida xo‘jalik,
iqtisodiy hayotda jonlanish sodir bo‘la boshlaydi.
134
Ayniqsa, xo‘jalik-iqtisodiy hayotni bir me’yorga tushirish, savdo va pul muomalasini
izga solishda Chig‘atoy ulusi noibi Ma’sudbekning xizmati va islohotlari katta o‘rin tutgan.
Ma’sudbek mo‘g‘ul qoonlariga shaxsan yaqinligi ham uning islohotlar o‘tkazilishga imkon
ham bergan edi. 1271-yili mo‘g‘ullarning madaniy, o‘troq hayot tarafdorlari madadi, Talas
qurultoyi (1269-y.) qarorlariga tayanib, Ma’sudbek yangi pul (moliyaviy) islohot o‘tkazishga
kirishdi. Unga ko‘ra, har qanday shaxs o‘ziga kerakli tangalarni zarbxonalarga olib borib,
uni xohlagan tarzda, lekin bir xil hajm, qiymat, vaznda zarb etish mumkin edi. Avval
boshida qiyinchilik bilan kechgan bu jarayon XIII asrning 80-yillariga kelgandagina
faollasha bordi. Tez orada 16 ta yirik shahar va viloyatlarida bir xil vazn va yuqori qiymatga
ega sof kumush tangalar zarb etilib, muomalaga kiritildi. Garchi atrofdagi islohotlarga qarshi
mo‘g‘ul harbiylari Erondan, Yettisuvdan Movaraunnahrga vayronagarchilik keltirib
chiqaruvchi kurashlarni amalga oshirib tursalarda, lekin islohotlar borishiga to‘sqinlik qila
olmadilar. Ma’sudbek 1273-1276-yillari qayta talangan Buxoroning tiklanishiga o‘zi bosh
qosh bo‘ldi. 1282-83-yillarda Buxorodagi zarbxonalar to‘laqonli ishlashga kirishdi. Savdo-
iqtisodiy munosabatlar rivojlanib borayotgan Farg‘ona vodiysida esa Chig‘atoy xoni
Duvaxon (1291-1306) davrida Andijon shahriga ham asos solindi.
XIV asrning 1-yarmiga kelib, Chig‘atoy ulusida mo‘g‘ullarning o‘troqlashuv jarayoni
kuchayib, mo‘g‘ul zodagonlarining katta qismi savdo doiralari bilan yaqinlashib, islom
madaniyati ta’siriga berilishi kuchayib bordi. Movarounnahr madaniy o‘lkasi bilan yaqin
aloqa o‘rnatib, o‘troq hayot kechirishga intilgan Chig‘atoy xonlaridan biri Kebekxon (1309,
1318-1326) bo‘ldi. U butunlay Movarounnahrga ko‘chib kelib, o‘z qarorgohini Nasaf shahri
yonida barpo etdi. Keyinchalik bu saroy o‘rnida yangi Qarshi shahri yuzaga keldi. Kebekxon
davlatni idora etish, uning ma’muriy tuzilishini qayta tashkil etish, iqtisodiy hayotni tartibga
solish maqsadida 2 xil ma’muriy va moliyaviy islohot o‘tkazdi. Ma’muriy islohotga ko‘ra
mahalliy tuzilmalar tumanlarga, viloyatlarga aylantirildi. Mahalliy hokimlar-maliklar,
sadrlarning o‘rinlari turkiy-mo‘g‘ul urug‘ boshliqlari qo‘liga o‘tdi. Noiblik esa merosiy
bo‘lib qoldi. Bu islohot davlatni birmuncha mustahkamlashda o‘zining ijobiy samarasini
berdi.
Ma’sudbek davrida pul islohoti amalga oshirilgan bo‘lsa-da, Kebekxon uni
takomillashtirmoqchi bo‘ldi. Jumladan, u Xulagiylar va Oltin O‘rda tangalari namunasida 2
xil pul: yirik kumush tanga-“dinor” va mayda kumush tanga “dirham” lar zarb ettiradi.
Dinor (2 misqol, 8 gr. atroflarida) 6 ta dirhamdan iborat bo‘lib qoldi. Kebek nomidan
tangalar asosan Buxoro va Samarqandda zarb etilar edi. Shuningdek, O‘tror zarbxonasi ham
faol ishlay boshladi.
Kebekxonning islohotlari anchadan beri o‘troq hayot, mahalliy aholi madaniyati
bilan yaqinlashuviga qarshi bo‘lgan guruhlarning ham faoliyatini kuchaytirib yuboradi.
Kebekxoning ukasi Oloviddin Tarmashirin (1326-1334) akasining siyosatini davom ettirib,
o‘troq hayot an’analarini qattiq turib himoya qiladi. U islom dinini qabul qilib, islom dinini
Chig‘atoy ulusining rasmiy diniga aylantiradi. Tarmashirin siyosatidan norozi ko‘chmanchi
mo‘g‘ul zodogonlari isyon ko‘tarib 1334-yilda uni o‘ldirishadi. Tarmashirindan so‘ng
hokimiyat tepasida bo‘lgan Changshi (1334), Bo‘zan (1334-1338), Eson-Temur (1338-
1342), Muhammad (1342-1343)lar davrida Movarounnahrning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy
hayotida sezilarli o‘zgarishlar bo‘lganligi yo‘q. Aksincha, mahalliy qabilalar hokimiyati,
urug‘ boshliqlarining ta’siri bu paytga kelib yanada kuchayib, Chig‘atoy hokimiyatining
qudrati pasaya boshlaydi.
XIV asrning 40-yillariga kelib, Yettisuvda Dug‘lot amirligining yuzaga kelishi,
amalda Chig‘atoy ulusining tarqab ketishidan, o‘rniga Movarounnahr amirligi yuzaga
kelganligidan dalolat berar edi. Chig‘atoy xonlarining so‘nggi vakilaridan biri Qozonxon
(1343-1346) markaziy xon hokimiyati kuch-qudrati ta’sirini ko‘tarib, ichki siyosatda
Kebekxon-Tarmashirin yo‘lini tutishga harakat qildi. U ko‘chmanchi harbiylarga qarshi
kurash olib borib Qashqadaryo vohasida hatto ularga qarshi tayanch markazi etib-
135
Zanjirsaroy qal’sini ham barpo etgan edi. Qozag‘on boshchiligidagi bir guruh ko‘chmanchi,
talonchilik siyosati tarafdorlari 1346-yili fitna natijasida Qozonxonni o‘ldirishga muvaffaq
bo‘lishadi.
Qozag‘an o‘ziga amir unvonini olib, davlat boshqaruvini o‘z qo‘liga oldi.
Movarounnahr Qozag‘on davridayoq bir necha yarim mustaqil qismlarga bo‘lib ketgan edi.
Mamlakatda siyosiy tarqoqlik avj olib, o‘zaro nizolar yanada kuchaygan edi. Kesh
(Shahrisabz) atrofidagi yerlar Hoji Barlos boshchiligidagi barlos urug‘iga, Xo‘jand Boyazid
Jaloyiriyga qaram bo‘lib qoldi, Balx va uning atrofidagi yerlar Qozog‘onning nevarasi amir
Husaynga tobe bo‘ldi, Shiburg‘on esa Muhammadxo‘ja Apverdi qo‘liga o‘tib ketdi. Bundan
tashqari Buxoroda diniy ulamolardan iborat sadrlar, Xuttalonda mahalliy hokimlardan
bo‘lishi Kayxusrav, Termizda-sayidlar, Badaxshonda o‘zboshimcha mahalliy shohlar
hokimiyatni qo‘lga olishdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |