33
kuchlarni bir necha kichik oiladan iborat uy jamoalari tashkil etgan. Makonlar
joylashuvining tashqi belgilari katta oilali uy jamoalari ancha yirik uyushmalarga
kirganligidan dalolat beradi. Boshqaruv tartibida katta oilalar jamoasi boshliqlari yoki uy
xo‘jayinlari, shuningdek, alohida qishloq qo‘rg‘onlarini boshqaruvchi eski jamoalar katta
o‘rin tutgan. Har bir katta oila mumkin bo‘lgan qarindoshlik aloqalariga qaramasdan alohida
uyga, ishlab chiqarish buyumlariga ega bo‘lishgan, o‘zining qishloq xo‘jalik mahsulotlari
zahiralari va chorvalari bo‘lgan yoki o‘zini iqtisodiy jihatdan ta’minlay oladigan xo‘jalikni
aks ettirgan.
Mil. avv. VII-VI asrlarda ancha yirik bo‘lgan Qadimgi Baqtriya, Xorazm va
So‘g‘diyona davlatlarining aholisi qon-qarindosh bo‘lib, bir-biriga o‘xshash tilda
gaplashganlar va juda yaqin madaniy an’analarga ega edilar. Bu davrda jamiyatning hududiy
bo‘linishi ko‘zga tashlanib, o‘troqlashuv jarayoni kuchaydi. Muhim savdo yo‘llari bo‘yida
tayanch istehkomlar qurildi. Turli qurilishlar bunyod etishda mudofaa inshootlarining
ahamiyati birinchi o‘ringa chiqdi.
O‘rni kelganda shuni alohida ta’kidlash lozimki, o‘zbek xalqining ilk davlatchiligi
tarixi geografik, hududiy ma’noda nafaqat O‘zbekistonning hozirgi hududi bilan, balki butun
O‘rta Osiyoda qadimda yuz bergan etnik, madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jarayonlar
bilan bog‘liq holda talqin etilmog‘i lozim. Tarixning qadimgi davrlarida ilk davlatlar orasida
va ajdodlarimizning yashash joylari orasida aniq ma’muriy chegaralar yo‘q edi. Qadimgi
Baqtriya, Xorazm, So‘g‘d chegaralari tabiiy bo‘lib, yaqin hududlardagi joylarning geografik
bo‘luvchisi sifatida dashtlar, cho‘l va tog‘lardan foydalanilgan.
Hozirgi kunga qadar to‘plangan arxeologik ma’lumotlar asosida O‘zbekistonda ilk
davlatlarning shakllanishi va rivojlanish jarayoni quyidagi davrlar bilan sanalanishi
aniqlandi:
1. Bronza davri. Mil. avv. II ming yillikning o‘rtalari va ikkinchi yarmi. Unchalik katta
bo‘lmagan dehqonchilik vohalari asosida (misol uchun Sherobod vohasi) ilk davlatchilik
tizimiga o‘tish davri.
2. Bronza asridan temir asriga o‘tish davri. Mil. avv. IX-VIII asrlar. Mayda davlat
tashkilotlarining rivojlanishi va harbiy siyosiy uyushmalarning vujudga kelishi.
3. Ilk temir davri. Mil. avv. VII-VI asrlar. Qadimgi Baqtriya, Xorazm va So‘g‘diyona
misolidagi davlat uyushmalarining paydo bo‘lishi.
O‘zbek xalqi va uning ajdodlari ilk davlatchiligi taraqqiyoti o‘troq dehqonchilik
xo‘jaligi va qadimgi shaharlar tarixi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan. Ilk davlatlar tashkil
bo‘lishida, jamiyat rivojlanishining ichki qonuniyatlaridan tashqari ijtimoiy-iqtisodiy
munosabatlarning yuqori darajasi- hunarmandchilik, almashinuv va savdoning kuchayib
borishi, siyosiy qarama-qarshiliklar va harbiy to‘qnashuvlar ham ta’sir qildi.
Do'stlaringiz bilan baham: