30
etish nazorat va boshqaruvni, hisob-kitobni talab etar edi. Demak, buning uchun yozuvchi
mirzalar, hisob-kitobchilar va hukmdorlar zarurati tug‘ilgan. Mehnat qurollari tayyorlash
uchun hunarmandlar faoliyat ko‘rsatgan. Ushbu murakkab tizim xavfsizligini ta’minlash
uchun qurolli guruhlar tuzish, hamda ma’lum hududlarni mudofaa inshootlari bilan o‘rab
olish kerak bo‘lgan. Shu tariqa jamiyatda ikkita yangi tuzilma-shahar va davlat paydo bo‘la
boshlaydi.
Davlat yoki shahar-davlat ma’lum hududlarni o‘z nazoratiga olishi va bu hududlarni
kengaytirib borishi natijasida chegaralar paydo bo‘lgan. Hududlarning kengayishi va
chegaralarning o‘zgarishi natijasida davlatlar o‘rtasida urushlar kelib chiqadi. Chegaralar
masalasida ta’kidlash joizki, qadimgi davrlarda ular ko‘p hollarda tog‘lar va dasht hududlar
orqali, ayrim hollarda esa daryolar orqali o‘tgan. Shuning uchun ham tarixiy yondashuv
shuni talab etadiki, tarixning turli davrlarida davlatlar chegaralari o‘zgarib turgan va hozirgi
chegaralarga mutlaqo mos tushmaydi.
Turli xalqlar va ularning ajdodlari o‘z davlatchiligining shakllanish boqichini
ijtimoiy-iqtisodiy va tarixiy-madaniy vaziyatlarga bog‘liq holda turli tarixiy davrlarda bosib
o‘tdilar. Bizning kunlarimizgacha saqlanib qolgan dastlabki yozma manbalar - “Avesto”,
ahmoniylar davri mixxat yozuvlari, qadimgi yunon-rim manbalari qadimgi Sharq va dunyo
tarixida birinchi bo‘lib, O‘rta Osiyodagi eng qadimgi xalqlarning nomlarini, alohida joylar,
tog‘lar, daryolar va ko‘llarning nomlarini, afsonaviy qahramonlar va podsholarning
nomlarini, yurtimiz xalqlarining turmushi, dini, madaniyati, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy
tuzumi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu yozma manbalar ma’lumotlarini
arxeologik tadqiqotlar natijalari bilan solishtirganimizda ilk davlatlarning paydo bo‘lishi
masalalariga ko‘pgina aniqliklar kiritish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Bronza davriga kelib aholining ijtimoiy va iqtisodiy hayotida katta o‘zgarishlar sodir
bo‘ldi. Xususan, qadimgi aholi ishlab chiqarishning ma’lum bir sohalariga - dehqonchilik,
chorvachilik va hunarmandchilikka ixtisoslashib bordi. Bu jarayon ishlab chiqaruvchi
kuchlarning o‘sishi va ularning bir yerga to‘planishi uchun zamin yaratdi.
Qadimgi xo‘jaliklarning ixtisoslashuvi, sug‘orma dehqonchilikning rivojlanishi,
metallning hayotga jadallik bilan kirib kelishi va yoyilishi, hunarmandchilikda turli
tarmoqlarning rivojlanishi, o‘zaro ayirboshlash va savdo-sotiqning taraqqiy etishi natijasida
jamiyat hayotida ijtimoiy-iqtisodiy yuksalish kuzatiladiki, bu yuksalish ilk davlatchilikning
asosiy poydevori hisoblanadi. Ahmoniylargacha bo‘lgan davrda ba’zi bir vohalar, asosiy
o‘troq aholi joylashuvi o‘lkalari edi. Ularning hududlarida manzilgohlar, sug‘orish
inshootlari, o‘zlashtirilgan yer maydonlari bor edi. Bir qancha shunga o‘xshash, daryolar
vohalarida joylashgan va umumiy aholi joylashuv hududlari bilan bog‘liq bo‘lgan yerlar
Baqtriya, So‘g‘diyona, Xorazm kabi tarixiy viloyatlarni tashkil etgan.
E.V. Rtveladzening so‘nggi yillardagi (2001) xulosalariga ko‘ra, O‘rta Osiyodagi
ikki daryo oralig‘ida qadimgi davr davlatchilik evolyutsiyasining mil.avv. II ming yillik va
milodiy IV asri oralig‘idagi vaqtni qamrab olgan bir necha davrlarni ajratib ko‘rsatish
mumkin. Bular quyidagi davrlardir:
Do'stlaringiz bilan baham: