SHU YILI YUZ BERGAN BOSHQA VOQEALAR
Payg‘ambar alayhis-salomning Usmon ibn Affon nikohidagi qizlari Ruqiya vafot etgach,
ikkinchi qizlari Ummu Gulsumni unga nikohlab berdilar. Shu bois u kishi Usmon
Zunnurayn (Ikki nurli) deb ataladi.
Shu yili payg‘ambar alayhis-salom Umar ibn Xattobning qizi Hafsani nikohlariga
oldilar. Hafsaning onasi Usmon ibn Maz’unning hamshirasi edi. Hafsa ilgari Badr
g‘azotida yaralanib vafot etgan Hunays ibn Huzofaning nikohida edi.
Shu yili payg‘ambar alayhis-salom Hilol ibn Omir avlodidan bo‘lmish Huzaymaning qizi
Zaynabni ham nikohlariga oldilar. Zaynab johiliyat davrida miskinlarga qilgan shafqati va
xayr-saxovati tufayli Ummul Masokin (Miskinlarning onasi) degan nomga erishgan edi. U
kishi ilgari Uhud jangida shahid ketgan Abdulloh ibn Jahshning xasmida edi. Zaynab
Horisning qizi Maymuna bilan ona bir hamshira (egachi-singil) edi.
Shu yili Alining o‘gli Husayn tug‘ildi.
Shu yili aroq harom qilindi. Arablar ichkilikni haddan tashqari yaxshi ko‘rishar, agar
birdaniga taqiqlansa juda ko‘p ko‘ngilsizlik yuz berishi ko‘zda tutilib, tadrijiy cheklana
bordi. Aroq odamlarning dilini xufton qiladigan voqealarga sabab bo‘lishi, ham moddiy,
ham ma’naviy, ham tibbiy zarari tufayli harom deb topildi. Har qanday ish ma’lum sabab
tufayli taqiqlansa hech kim e’tiroz bildirmaydi, aksincha qattiq ta’sirlanib, qo‘llab-
quvvatlaydi. Ichkilik haqida dastlab Baqara surasining 219-oyatida to‘xtalib o‘tilgan:
"Sendan ichkilik va qimor haqida so‘rashadi. Sen ularga: "Bu ikki narsada katta gunoh
va ba’zi bir foyda bor, lekin ularning gunohi foydasiga nisbatan anchagina katta, degin".
Qimorning foydasi shuki, arablarning odatiga binoan cho‘tal kambag‘allarga sadaqa
tarzida bo‘lib berilardi. Aroq inson a’zosini kuchaytiradi, deb hisoblanardi. Ba’zi
musulmonlar kayf bilan namoz o‘qiy turib Qur’on tilovatidan yanglishib ketgani uchun
Niso surasining 43-oyati nozil bo‘ldi: "Ey, mo‘minlar, agar mast bo‘lsangiz, to nima
deyayotganingizni anglab yetmaguningizcha namozga yaqinlashmanglar". Musulmonlar
mast holda bir-biriga ozor yetkazgani uchun Moida surasining 90-91-oyatlari nozil bo‘lib,
ichkilik butunlay harom qilindi: "Ey mo‘minlar, aroq ichish, qimor o‘ynash, butlar
(cho‘qinish uchun tiklangan toshlar), fol cho‘plari* chindan ham yaramas odat,
shaytonning ishi. Najot topish uchun ulardan saqlaninglar. Shayton aroq, qimor orqali
orangizda adovat, dushmanlik tug‘dirishga, Ollohning zikridan va namozdan qaytarishga
urinadi. Bu ishlardan qaytmaysizlarmi?" O’sha paytdagi musulmonlar "qaytdik" deb
javob berishgan. Bugungi musulmonlar ham shunday deyishlari kerak.
______________
*Fol cho‘plari — johiliyat davrida arablar safarga chiqmoqchi, uylanmoqchi bo‘lsa yoki biron kishining nasl-
nasabi ustida tortishib qolishsa, Uzro, Hubal nomli butlarning yoniga borib Azlom deb ataladigan maxsus cho‘plar bilan
fol ochishardi. Masalan, "Robbim buyurdi" yoki "robbim qaytardi" degan so‘zlar yozilgan cho‘plarni maxsus idishga
solib aralashtirishar va qo‘liga qaysi cho‘p chiqsa, shunga qarab ish qilishardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |