BAYT ul-MAQDIS, Bayt ul Muqaddas (arab. - Muqaddas uy) - Quddus (Ierusalim) sh.da
qadimdan mavjud bo‘lgan, musulmonlar, xristianlar va yahudiylarda muqaddas
hisoblangan ibodatxonalar. Shu munosabat bilan Quddus sh.ning o‘zi ham B.ul-M. deb
nom olgan. B.ul-M.ning o‘rta asrlarga oid sharqiy qismida - Harom ash-Sharif (Moria
tog‘i etaklarida) qo‘riqxonaga aylantirilgan hudud bo‘lib, Aqso masjidi, Qubbat as-sahro
masjidi va b. inshootlar uning tarkibiga kirgan. Qur’oni Karimning Muhammad (sav)ning
me’roj kechasida borgan yerlari haqidagi oyatdagi joy - B. ul-M. deb hisoblanadi.
Muhammad (sav) Madinada bo‘lgan dastlabki bir yarim-ikki yillik davrlarida musulmonlar
B.ul-M.ga qarab namoz o‘qiganlar (q. Qibla). Quddus sh. Umar (ra) bilan patriarx
o‘rtasida tuzilgan bitimga asosan 638 y. boshida musulmonlar qo‘liga o‘tgan. Umar (ra)
Quddusda bo‘lgan chog‘ida Aqso masjidini qurdirgan (705-715 y.larda u yangidan
qurilgan). Qubbat us-sahro masjidi bunyod etilgach, shaharning diniy markaz sifatidagi
mavqei kuchaygan. Arabcha al-Quds nomi shu payt (8-a. boshi)dan e’tiboran qo‘llanila
boshlagan (bu paytgacha shahar Iliyo deb atalgan). 11-13-a.larda B.ul-M. diniy
urushlar, xususan, salbchilar bilan musulmonlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarning
asosiylaridan sanalgan. 1517 y. shaharni Usmonli turk saltanati egallagan. 16-a.da
Harom ash-Sharif tubdan qayta ta’mirlangan. Ark va b. inshootlar qurilgan. 16-19-a.
o‘rtalarida shahar (80 ga yaqin shahar hududi va 13 ga dan iborat Harom ash-Sharif)
devor bilan o‘rab olingan. 1553 y.dagi aholi ro‘yxatiga ko‘ra shaharda 1950 musulmon,
413 nasoro va 324 yahudiylar oilasi, jami taxm. 15 ming aholi yashagan. 19-a. so‘nggi
choragidagi aholi ro‘yxatida ham taxm. shu manzara aks etgan. 19-a.da xristian
qadamjolarini himoya qilish bahonasida Yevropa davlatlari Usmonlilar saltanatining ichki
ishlariga aralasha boshlagan. 19-a.ning ikkinchi yarmida Kuddusning g‘arbiy qismida
yevropalik bir qancha missionerlik markazlari paydo bo‘lgan; shu asr oxirida esa, bu
yerda yahudiy-immigrantlar (muhojirlar)ning koloniyasi (manzilgohi) vujudga kelgan.
1920-47 y.larda Quddus Millatlar Ligasi mandatiga ko‘ra, Buyuk Britaniya tomonidan
boshqarilgan Falastinning ma’muriy markazi bo‘lgan. 1947 y. Isroil davlati barpo etilishi
tufayli Quddus sh. BMT boshqaruvidagi alohida zona sifatida ajratilgan, biroq Isroil-Arab
urushi (1948-49) natijasida shaharning g‘arbiy qismini Isroil bosib olgan, sharqiy qismi
esa, Iordaniyaga o‘tgan. 1967 y. Quddusning sharqiy qismi Falastinning arablar
yashaydigan qismi bilan birgalikda Isroil tomonidan egallangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |