www.ziyouz.com kutubxonasi
339
- O' -
O’ZBEKISTON MUSULMONLARI IDORASI - O’zbekiston musulmonlariga rahbarlik
qiluvchi diniy tashkilot. 1943 y. 20 okt.da Toshkentda bo‘lib o‘tgan O’rta Osiyo va
Qozog‘iston musulmonlari qurultoyida ta’sis etilgan. Toshkentdagi Baroqxon
madrasasida joylashgan. Bu tashkilot 1992 y.dan Movarounnahr musulmonlari idorasi,
1996 y.dan O’.m.i. deb ataladi. U davlatdan ajralgan mustaqil tashkilot sifatida faoliyat
yuritadi. Idora o‘z hududidagi musulmonlar o‘rtasida diniy ishlarni boshqarib turadi,
fatvolar beradi, masjidlarga imom-xatiblar tayinlaydi, diniy xodimlar tayyorlaydi. O’.m.i.
moddiy jihatdan musulmonlardan masjidlarga tushadigan xayr-ehsonlar, yordamchi
xo‘jaliklar va b. hisobiga ta’minlanadi. Idora rahbar organi - Oliy Hay’at. Uning raisi
muftiy hisoblanadi. Muftiy o‘rinbosar (noib)lari bor. O’.m.ida Masjidlar, Xalqaro aloqalar,
Xayriya, Fatvo, Ta’lim va Muhtasiblik bo‘limlari bor. Buxorodagi Mir Arab madrasasida
(1945) va Toshkentdagi Buxoriy nomidagi Islom in-tida (1971) va bir necha diniy bilim
yurtlarida kadrlar yetishtiriladi. Idora tasarrufidagi "Movarounnahr" nashriyotida "Islom
nuri" gazetasi, "Hidoyat" jur., diniy adabiyotlar, diniy taqvim va b. nashr etiladi. O’.m.i.
xorijiy mamlakatlardagi ko‘pgina diniy tashkilotlar bilan aloqa qiladi. Idora har yili 3,5-4
ming kishining haj safarini uyushtirishda faol ishtirok etadi. U.m.i. o‘z faoliyatida
Uzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar
to‘g‘risida"gi qonunga rioya qiladi.
O’.m.i.ga turli yillarda Eshon Boboxon Abdumajidxon o‘g‘li (1943-1957), Ziyovuddinxon
Boboxonov (1957-1982), Shamsuddinxon Boboxonov (1982-1989), Muhammadsodik
Muhammadyusuf (1989-1993), Muxtorjon Abdullaev (1993-1997), Abdurashid qori
Bahromov (1997 y.dan) muftiylik qilgan.
O’N IKKI IMOM - shialikdaga asosiy oqim - imomiylar (ba’zan "o‘n ikkichilar" -
"isnoashariya" deb ataladi) o‘rtasida e’tiqod qilinadigan imomlar sulolasi. Xalifa Ali bilan
Fotima (Muhammad (sav) qizi)dan tarqalgan avlodlardan iborat. Ular payg‘ambar avlodi
deb taniladi. Imomiylar ularni islomning qonuniy rahnamolari deb tanib, xalifalar
hokimiyatini g‘ayriqonuniy deb hisoblaydi. Bular - Ali ibn Abu Tolib, Hasan, Xusayn,
Zayn al-Obidin Ali (vafoti 713 yil), Muhammad al-Bokir (732 y.v.e.), Ja’far as-Sodiq
(700-765), Muso al-Kozim (799 y.v.e.), Ali ar-Rizo (818 y.v.e.), Muhammad at-Taqiy
(835 y.v.e.), Ali an-Naqiy (868 y.v.e.), Hasan al-Askariy (846-873), Muhammad al-
Mahdiy (rivoyatlarga ko‘ra, 874-878 y.lar orasida yo‘qolgan). Imomlarning ba’zilarigina
o‘ldirilgan yoki zaharlangan, lekin shunga qaramay, imomiylar ularning barchasini
xalifalar tomonidan o‘ldirilgan deb hisoblaydi, ularni jabrdiyda va din yo‘lida shahid
bo‘lganlar deb motam tutadi. 12-imom - Muhammad al-Mahdiyni yashiringan deb
hisoblab, uning qaytib kelishini kutish asrlar davomida shialar orasida an’ana sifatida
saqlangan. Sunniylar orasida ham "imom Mahdiy"ning kelishiga ishonish ma’lum o‘rin
egallab, u zamona oxir bo‘lganda keladi, deb tasavvur qilingan (q. Mahdiylik). Imomlar
va imomzodalar dafn etilgan maqbaralar hozir ham shialar uchun muqaddas ziyoratgoh
hisoblanadi, hatto ular uchun haj o‘rnini bosadi. Bunday "muqaddas joylar" Najaf,
Karbalo, Kozimayn (Iroq), Madina (Saudiya, Arabistoni), Mashhad, Qum, Shoh Abdul
Azim (Eron) shlarida joylashgan.
Islom Ensiklopediyasi
Do'stlaringiz bilan baham: |