ABU TUROB Naxshabiy (? - 875) - Naxshab (hoz. Qarshi)lik avliyo. A.T. Xuroson
mashoyixlari orasida mashhur bo‘lgan. Qirq marta hajni ado etgan. Ma’ruza va
suhbatlarida kishilarni nafsni tiyib yurishga, sabr-qanoatli bo‘lishga, shariat, tariqat va
ma’rifat yo‘lidan borishga chaqirgan. Zamondoshlari uni "ma’no shohining mardoni",
"Taqvo osmonining oyi", "Haqiqat ilmining orifi", "qutbi zamon" deb ta’riflashgan. A.T.
haqida el orasida o‘nlab naqllar yoyilgan. Shulardan yigirmaga yaqini Muhammad Siddiq
Rushdiyning "Avliyolar sultoni, turonlik avliyolar" kitobida (Toshkent, 1995) keltirilgan.
A. Navoiy uning 261 hijriy (mil. 875) yilda olamdan o‘tganligini qayd etadi. Basra
dashtida vafot etganligi rivoyat qilinadi. Qabri Qarshi sh.da.
Do'stlaringiz bilan baham: |