BOQILLONIY, Abu Bakr Muhammad at-Tayyib al-Boqilloniy (? - 1013) -kalomning yirik
vakili, Basrada tug‘ilgan. Asosan, Bag‘dodda yashab, shu yerda vafot etgan. Fiqh
masalalarida molikiylik mazhabiga suyangan. B. 52 asar yozgan bo‘lib, bizgacha 6 tasi
yetib kelgan. Ilohiy sifatlar va ilohiy mohiyat haqidagi mu’taziliylar oqimiga mansub Abu
Hoshim al-Jubboiy ishlab chiqqan g‘oyaga qo‘shildi. Bir necha mu’taziliylarning bu
masalaga doir g‘oyalarini rivojlantirib, Xudoning sifatlari haqida fikr yuritdi. Iroda
erkinligi muammosini ham B. yuqoridagi fikrga muvofiq ravishda hal qildi: Xudo faqat
"borliq" va "asos"ni yaratgani, inson esa, borliqni shakllantirib, amaliyotni muayyan
yo‘singa solishini uqtirdi. U imomat masalasida shialar va rofiziylar bilan bahsga kirishib,
imom yoki xalifa lavozimi merosiy emas, balki ular saylanishi zarur, deb hisobladi.
Ammo bu lavozimga saylanadigan kishi Alining avlodlaridan bo‘lishi shart bo‘lmasa ham,
qurayshiylardan bo‘lishi lozim. Agar imom o‘ziga topshirilgan vazifani uddalay olmasa
vazifasidan tushirish zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |