BAHOUDDIN NAQSHBAND, Muhammad ibn Muhammad Bahouddin an-Naqshband al-
Buxoriy (ko‘proq Bahouddin yoki Xoja Bahouddin Balogardon, Xo‘jai Buzruk, Shohi
Naqshband nomlari bilan mashhur) (1318-1389) - mashhur avliyo, naqshbandiylik.
tariqatining asoschisi. Buxoro viloyati hoz. Kogon tumanidagi Qasri Hinduvon qishlog‘ida
tug‘ilib, shu yerda vafot etdi. Bu qishloq keyinchalik B.N. sharafiga Qasri orifon deb
atalgan. B.N.ning oilasi va farzandlari to‘g‘risida aniq ma’lumot yo‘q. Uning Muhammad
payg‘ambar avlodlariga mansub sayyidzodalardan ekanligi qayd etilgan. Otasi to‘quvchi
hamda o‘yma naqsh soluvchi (naqshband) bo‘lgan. B.N. hayotida bobosining alohida
xizmati bor. U so’fiylar bilan yaqin aloqada edi. Shu sababli nabirasida ilohiyotga katta
qiziqish uyg‘otdi. B.N. Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol, mavlono Orif,
Xalil ota, Qusam Shayx kabi ustozlardan saboq oldi. B.N.ning deyarli butun umri Buxoro
va uning atrofidagi qishloklarda so’fiylik bilan o‘tgan. U ikki marta haj qilgan. Raribona
hayot kechirgan, faqat o‘z mehnati - dehqonchilik va keyinroq kimxobga naqsh (gul)
solish bilan kun ko‘rgan. O’z ta’limotini yaratishda Yusuf Hamadoniy va Abdulholiq
G’ijduvoniy g‘oyalariga asoslangan. Ta’limotining asosida "Dil-ba yor-u, dast-ba kor"
("Ko‘ngil Xudoda bo‘lsin-u, qo‘l ish bilan band bo‘laversin") degan shior yotadi.
B.N. tasavvufdagi ilgarilari amalda bo‘lgan qattiq talablarni bir qadar yumshatdi,
mo’tadillashtirdi, kundalik turmushga mosladi. Uningcha, Allohga intilish ko‘ngil bilan
amalga oshishi kerak. Qo‘l esa, ish - mehnat bilan band bo‘laversin. B.N.ning
tarkidunyochilik qilmay, demakki, bu dunyo ishlaridan ochiq-oshkor qo‘l silkimay turib
ham Allohga yetishish mumkinligi haqidagi g‘oyasi musulmon olamida tasavvufning juda
keng aholi qatlamlari ichiga kirib borishini ta’minladi. B.N.ning Buxorodagi qabri
ziyoratgoh hisoblanadi. B.N. va uning ta’limoti hamda naqshbandiy shayxlar to‘g‘risida
talay asarlar yaratilgan. Birgana Uzbekiston FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi
Sharqshunoslik in-ti qo‘lyozmalar xazinasining o‘zida a naqshbandiylikka doir 195 kitob
mavjud. B.N. tavalludining 675 yilligi (1993) O’zbekistonda keng nishonlandi. Unga
bag‘ishlab qator asarlar nashr etildi, xalqaro ilmiy anjumanlar bo‘lib o‘tdi. B.N. nomi
bilan bog‘liq yodgorliklar qayta tiklandi.
BAHOULLO (arab. - Alloh nuri, jilosi; asl ismi Mirzo Husayn Ali Nuri) (1817 - 1892) -
bahoiylik asoschisi. Bobiylik harakatining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan.
Mozandaronda tug‘ilgan. Bobiylarning Eron shohiga uyushtirgan suiqasdi
muvaffaqiyatsizlikka uchragandan keyin B. Iroqqa qochgan (1852), bu yerda o‘zini Bob
ishini davom ettiruvchi va xudodan vahiy olgan mahdiy deb e’lon qilgan. 1858 yilda
Bag‘dodda chiqqan "Kitobi iymon" ("Ishonch kitobi") asarida Bob ta’limotiga bo‘lgan
munosabatini aks ettirgan. 1873 yilda Falastinda "Kitob al-akdas" ("Eng muqaddas
kitob") asarini yozadi, unda bahoiylik ta’limotining asosiy g‘oyalarini bayon etadi.
Keyinchalik B. o‘z ta’limotini davom ettirishni katta o‘g‘li Abbos afandiga (taxallusi
Abdulbaho, 1920 y.v.e.) vasiyat qiladi. Uning avlodlari hamon o‘z g‘oyalarini targ‘ib
etmoqda.
Islom Ensiklopediyasi
Do'stlaringiz bilan baham: |