www.ziyouz.com kutubxonasi
18
Maftun bo‘lganman men bir sevimli yorning sevgisiga.
Uning eshigidan uzoq rohat-farog‘atli bir yer xohlamasman.
Menga foyda qilar deb o‘ylaganlaringiz zararim, xolos.
Mendan qaytarayotganingiz narsada men uchun najot, hurlik bor.
Oliylar oliysini yaxshi ko‘rsam, yomonmi?!.
Zero, gunohlardan panoh so‘rab Unga sig‘inurman!”
Uning bu so‘zlari menga qattiq ta’sir qildi, yuragim to‘lib, yig‘lab yubordim.
Joriya qiz ko‘z yoshlarimni ko‘rib:
– Ey Sirriy! – dedi. – Sen eshitganlaring bois ko‘z yoshlaringni to‘xtata olmading. Bordi-
yu, buni (ya’ni, haqqa oshiqlik dardini) chini bilan anglab yetsang, unda holing nima
bo‘lur?!
So‘ng u bir muddat o‘zini yo‘qotdi. O‘ziga kelgach, unga dedimki:
– Ey joriya!..
– Nima deysan? Gapir…
– Meni qaerdan bilasan?
– Uni (Haqni) taniganimdan buyon johillik menga begona.
– Muhabbat haqida so‘ylading, eshitdim. Kim ekan u sevgiling?
– Lutf qilib O‘zini bizga tanitgan, hadyalar ehson qilgan, qalblarga yaqin bo‘lgan va duo
qilgan kishining duosini ijobat qilguvchi Zot.
– Seni bu yerga kim qamab qo‘ydi?
– Ey Sirriy! Buning uchun hasadchilar bir-biriga yordam qilishdi.
Shundan so‘ng qiz shunaqangi na’ra tortdiki, men uning joni chiqib ketdi, hayot shami
so‘ndi, deb gumon qildim. Bir payt o‘ziga kelib, sohib bo‘lib turgan holiga munosib bir
necha bayt o‘qidi. Shifoxona egasidan uning qo‘l-oyoqlarini banddan xalos qilishini
so‘radim. U rozi bo‘ldi. Men joriya qizga yuzlanib:
– Qaerga xohlasang, borgil, – dedim. U:
– Qandoq keta olurman, ey Sirriy? Qalbim sevgilisi meni o‘z qullaridan biriga qul qilib
bergan. Agar xo‘jayinim rozi bo‘lsa, ketaman, aks holda, sabr qilurman.
– Bu joriya, Allohga qasamki, mendan aqlliroqdir, – dedim.
Shu choq uning xo‘jayini kirib keldi. Qo‘riqchidan Tuhfa (joriya qiz)ning qaerdaligini
so‘radi. Qo‘riqchi: “Ichkarida, uning oldida Sirriy bor”, dedi. Xo‘jayin bundan xursand
bo‘lib, oldimga keldi, mendan hol-xotir so‘radi, hurmat-ehtirom ko‘rsatdi. Men:
– Shu joriyaga hurmat ko‘rsatsang, bu menga bo‘lgan ehtiromingdan ko‘ra ulug‘roq
bo‘lur. Nega buni bog‘lab, bu yerga keltirding?” – dedim.
– Bunga sabab ko‘p, – dedi u. – Aqlini yo‘qotib qo‘ygan. Yemaydi, ichmaydi, uxlamaydi,
bizga ham uyqu bermaydi. Ko‘p o‘y-fikrga toladi, ko‘p yig‘laydi. Holbuki, u mening
birdan bir mulkim, xolos… Butun mol-mulkimni sotib, yigirma ming dirhamga sotib
olganman. San’atkorlikda tengi yo‘q edi, san’atidan foyda ko‘raman deb umid qilgan
edim.
– Qo‘lidan nima ish keladi?
– Mutriba (qo‘shiqchi va sozanda)dir.
– Qachondan buyon qiz bu dard bilan bemor.
Soliha ayollar. Bahriddin Umrzoq
Do'stlaringiz bilan baham: |