Taraqqiyoti. Yuqorida aytilganidek, timus boshqa qon yaratuvchi va immun-himoya
organlaridan o’zining epitelial to’qimadan tuzilgan asosi (stromasi) borligi bilan ajralib turadi. Bu
to’qimaning bo’lishi timusning taraqqiyotida epitelial manbaning aktiv ishtirok etishini ko’rsatadi.
Timusning kurtagi embrionning 4-haftasida yutqin ichak epiteliysining III – IV juft jabra cho`ntaklari
sohasida paydo bo’ladi. Bu sohada ko’p qavatli epiteliy kurtaklar shaklida mezenximaga botib kiradi.
Kurtaklarning distal qismlari yo’g’onlashib, bo’lg’usi bezning tana qismiga aylanadi, proksimal
qismlari esa cho’zilib, chiqaruv nayiga o’xshash nayni hosil qiladi. Demak, timus ilk taraqqiyot
paytida ekzokrin bezga o’xshab rivojlanar ekan. Ammo chiqaruv nayi tezda yo’qoladi va timus tanasi
jabra cho’ntaklaridan ajraladi. Uning o’ng va chap kurtaklari o’zaro yaqinlashadi va bir-biri bilan
qo’shiladi. Embrion taraqqiyotining 7-haftasigacha timus faqatgina epitelial kurtakdan iborat bo’ladi.
8–10-haftalarda bez kurtagiga mezenxima bilan birgalikda qon tomirlari o’sib kiradi. Mezenximadan
hosil bo’lgan biriktiruvchi to’qima bezni bo’laklarga bo’ladi. Qon tomirlar orqali bezga dastlab
embrionning sariqlik qopchasidan, so’ngra esa jigaridan qonning o’zak hujayralari keladi. Ulardan
11–12-haftalarda T-limfotsitlarning maxsus retseptorlariga ega bo’lgan limfotsitlar shakllanadi. Shuni
ta’kidlab o’tish kerakki, timusda joylashgan barcha turdagi limfotsitlar umumiylashtirib t i m o t s i t
l a r nomi bilan yuritiladi. Shu bilan birga o’zak hujayralardan bez mikromuhitini yaratuvchi
makrofaglar va interdigitirlovchi hujayralar (IDH) ham differensiallashadi. Timotsitlarning
ko’payishi va bezning periferik qismlarida zich joylashishi tufayli bezda periferik po’stloq va
markaziy mag’iz zonalari farqlanadi. Timotsitlar va mikromuhit hujayralari paydo bo’lishi bilan birga
epiteliy hujayralarida ham o’zgarishlar sodir bo`ladi. Ular yulduzsimon shaklni olib, bir biri bilan
faqat sitoplazmatik o’siqlari yordamida tutashadi. Epitelial hujayralarning o’zaro bog’lashuv joylarida
desmosomalar paydo bo’ladi. Natijada, epitelial asos mayin to’r shaklini oladi. Shu tufayli timusdagi
epitelial hujayralarni retikuloepitelial (to’r hosil qiluvchi epiteliy) hujayralar (REH) deb yuritiladi.
Ularning sitoplazmasida asta-sekin timik gormonlar saqlovchi sekretor pufakchalar va tonofibrillalar
paydo bo’ladi. Tonofibrillalar soni va qalinligi timusning markaziy zonasiga qarab ortib boradi.
Embrion taraqqiyotining 4-oyiga kelib bezning mag’iz zonasida qatlam-qatlam bo’lib joylashgan
epitelial hujayralardan tashkil topgan o’ziga xos tuzilmalar - qatlamli epitelial tanachalar yoki Gassal
tanachalari hosil bo’ladi. Ularning tarkibiga kiruvchi epiteliy hujayralari sitoplazmasida juda yo’g’on
tonofibrillalarni va muguzlanish jarayonida hosil bo’ladigan keratin donachalarini uchratish mumkin.
Timusning taraqqiyoti embrion hayotining 5-oyida deyarli yakunlanadi. Qizil suyak ko’migi hosil
bo’lgach, u timusga T- limfotsitlarning boshlang’ich hujayralarini yetkazib beruvchi asosiy manba
hisoblanadi va bu mavqeini butun umr davomida saqlab qoladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |