Konsitutsiyaning 21-moddasiga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarosi ayni paytda O‘zbekiston
Respublikasi fuqarosi hisoblanadi. Bu qoraqalpoq xalqiga O‘zbekiston xalqlarining barcha huquqlardan
foydalanish imkonini beradi. Ularning haq-huquqlari va erkinliklarini kafolatlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi
taraqqiyoti uchun qator
imkoniyatlar beradi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 82-moddasida mustahkamlab
qo‘yilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Raisi o‘rinbosarlaridan biri — Oliy Majlis deputati,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qarg‘i Kengesi Raisi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasiga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi
hukumati rahbari lavozimi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kiradi. 107-
moddaga
binoan esa, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi
tarkibiga
Qoraqalpog‘iston Respublikasining xuddi shunday sud organlarining rahbarlari kiradi. Sud hujjatlari
o‘zbek tili bilan birga qoraqalpoq tilida ham olib boriladi (115-modda).
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 71-moddasida belgilab qo‘yilganidek, Qoraqalpog‘iston
Respublikasi o‘z Konstitutsiyasiga ega bo‘lmog‘i kerak. Ana shu huquqiy asosga ko‘ra Qoraqalpog‘iston
Respublikasi Oliy Kengashi o‘zining o‘n ikkinchi sessiyasida (1993-yil 9-aprelda) Qoraqalpog‘iston
Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga hech
qanday monelik qilmaydi, aksincha, uni bosh huquqiy asos sifatida biladi va Qoraqalpog‘iston hududida
to‘la amal qilishini ta’minlaydi. O‘zbekiston Respublikasi qonunlari Qoraqalpog‘istonning butun
hududida majburiy ekanligi e’tirof etilgan.
Qoraqalpog‘iston milliy davlatchiligi o‘z taraqqiyoti tarixida birinchi marta ana shunday insonparvar,
adolatli, demokratik imtiyozlarga ega bo‘ldi. Ayni paytda u suveren davlatning barcha ramzlariga ega.
1992-yil 14-dekabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi
sessiyasida
Qoraqalpog‘iston Davlat bayrog‘i tasdiqlandi.
1993-yil 9-aprelda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n ikkinchi sessiyasida Davlat gerbi
tasdiqlandi.
1993-yil 4-dekabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n to‘rtinchi sessiyasida Davlat
madhiyasi tasdiqlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasiga asosan 1994-yil 25-dekabrda Oliy Kengashning 75
deputatdan iborat yangi tarkibi muqobillik asosida saylandi. Respublika parlamenti Qoraqalpog‘iston
Respublikasi Jo‘qarg‘i Kengesi deb ataldi. Jo‘qarg‘i Kengesning 1995-yil 11-yanvarda
Nukus shahrida
bo‘lib o‘tgan birinchi chaqiriq birinchi sessiyasida Jo‘qorg‘i Kenges Raisi, uning o‘rinbosarlari, mandat
komissiyasi, 8 ta qo‘mita raislari va uning a’zolari saylandi. Ayni paytda, deputatlar qo‘mitalar raislari
rahbarligida Qoraqalpog‘iston qonunchilik tizimini yaratishda faol ishtirok etmoqdalar.
Xususan, demokratik jamiyat qurish hamda erkin bozor munosabatlarini shakllantirishga mo‘ljallangan
muhim qonun va qarorlar qabul qilindi. Jo‘qorg‘i Kenges Raisi qoshida
doimiy harakatdagi Kengash
tashkil qilindi. Uning tarkibiga Jo‘qarg‘i Kenges Raisi, Rais o‘rinbosarlari, mandat komissiyasi va
qo‘mitalar raislari kiradi.