Qadriyatlar va ijtimoiy jarayonlar. Odamlar bitta jamiyatda, bir davrda va o’xshash sharoitlarda
yashayotganliklariga qaramasdan, u yoki bu narsaning qadri turlicha anglab olinadi, tushuniladi va talqin qilinadi.
Ijtimoiy jarayonlar ta’sirida kishilarning qadriyatlar to’g’risidagi tasavvuri, qarashlari o’zgaradi, bu esa taraqqiyot
jarayonida odamlarning turmush sharoitlari, hayoti va ma’naviy qiyofasidagi o’zgarishlar bilan bog’liqdir.
Ana shunga ko’ra, hammada ham qadrlash tuyg’usi doimo bir xil bo’lavermaydi, ijobiy va salbiy qarashlar, turli xil
jihatlar har qanday qadriyatning qarama-qarshi tomonlarini tashkil qiladi. Ijobiyligi va salbiyligi, baholanishi va
ahamiyatiga ko’ra bir-biriga mutlaqo ziddek bo’lib ko’rinadigan yaxshilik va yomonlik, haqiqat va haqsizlik, baxt-
saodat va g’am-kulfat, taraqqiyot va tanazzul kabi tushunchalar hayotning bir-biriga zid va chambarchas bog’langan
tomonlarini ifodalaydi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, qadriyatlar jamiyatning rivoji va kishilar hayotining turli davrlarida turlicha
ahamiyat kasb etadi, tarixiy zaruriyatga mos ravishda goh u, goh bu qadriyat ijtimoiy taraqqiyotning eng oldingi
pog’onasiga chiqib oladi, boshqalarini xiralashtirganday bo’lib tuyuladi. Natijada ijtimoiy rivojlanish va taraqqiyot
qonuniyatlariga mos ravishda, oldinga chiqib olgan qadriyatni barqaror qilishga intilish nisbatan kuchayadi. Masalan,
yurtni yov bosganida – ozodlik, imperiya hukmronligi nihoyasida — istiqlol, urush davrida — tinchlik, tutqunlikda —
erkinlik, kasal va bemorlik onlarida — salomatlikning qadri oshib ketadi, ularga intilish kuchayadi.
Ta’lim tarbiyaning muhim omillari bo’lgan qadriyatlarning namoyon bo’lish shakllari orasida o’z ahamiyatini, ijobiylik
xususiyatlarini doimiy saqlab qoladiganlari ham bor. Bular — inson vujudining tirikligi, umri va hayoti, sihat-salomatligi,
mehnati, bilimi, muomalasi. ular inson va jamiyat bor ekan, o’zining ijtimoiy ahamiyatini saqlab qolaveradi. Afsuski, ularning
qarama-qarshisi bo’lgan kasallik, ma’nosiz hayot kechirish, bilimsizlik va boshqalar ham tarixiy jarayonlarning hamrohi.
Tiriklik bor ekan — o’lim, borliq eng buyuk ma’vo ekan — yo’qlik, inson tirik jonzod ekan — kasallik, hayot kechirishdan
maqsad mazmunli umr ekan — ma’nosiz qo’yilgan ba’zi qadamlar, yashashning zaruriy shartlaridan biri bilish va anglash
ekan — bilimsizlik, taraqqiyotga intilish bor ekan — tanazzul va boshqalar insoniyatni doimo ta’qib qiladi. Yuqoridagi ijobiy
qadriyatlarning ahamiyati ham ularga teskari bo’lgan jihatlarga nisbatan aniqlanadi. Yoshlarda, ayniqsa, talaba va
o’quvchilarda ma’naviy etuk tuyg’ularni shakllantirishda ana shunday aksiologik bog’liqliklarning botiniy va zohiriy
tomonlarini o’rgatish katta ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |