www.ziyouz.com kutubxonasi
165
357. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kim
pok holatda pok to‘shakda yotsa, u bilan to‘shagida farishta bo‘ladi (qo‘riqlaydi). Kechasi
qaysi soatda uyqudan uyg‘onsa, farishta, ey Parvardigor, falonchi bandangning gunohini
kechir, chunki u pok holatda yotdi, deb aytadi".
358. Humron ibn Abon aytadilar: "Usmon ibn Affonning tahorat qilayotganlarini ko‘rdim.
Suvni qo‘llariga olib uch marta yuvdilar, keyin g‘arg‘ara va istinshoqni uch martadan
qildilar. So‘ng uch marta yuzini yuvdilar, o‘ng qo‘lini tirsagi bilan qo‘shib uch marta,
chap qo‘lini tirsagi bilan qo‘shib uch marta yuvdilar. Keyin boshlariga mash tortdilar.
So‘ngra ikki oyog‘ini uch marta yuvdilar. Va: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning
men tahorat qilganimdek tahorat qilganlarini ko‘rganman. U zot, kim mening tahoratim
kabi tahorat qilsa, keyin ikki rak’at namoz o‘qisa, shu vaqtda dunyo ishlaridan
gapirmasa, o‘tgan va kelajak gunohlari mag‘firat qilinadi, degan edilar", deb aytdilar.
359. Savbon Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar. U zot sollallohu
alayhi vasallam aytdilar: "To‘g‘ri bo‘linglar, hech sanay olmaysizlar. Bilingizki,
amallaringizning yaxshisi namozdir. Faqat mo‘min kishigina doim tahoratli bo‘ladi".
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning "hech sanay olmaysizlar", degan so‘zlarini
ma’nosi – to‘g‘ri bo‘lishga hech qodir bo‘lmaysizlar, deganidir. Yana aytiladiki, u so‘zning
ma’nosi, kim to‘g‘ri bo‘lsa, uning savobini sanamoqning imkoni bo‘lmaydi, deganidir.
To‘g‘ri bo‘lish – imon va toatdadir. "Faqat mo‘min kishigina doim tahoratli bo‘ladi",
degan so‘zlarini ma’nosi, tahoratni davomli qilish mo‘minlarning axloqlaridan, deganidir.
Mo‘min kishiga kun bo‘yi va kechasi uxlayotganda tahoratli bo‘lmog‘i lozim, chunki bu
amal tufayli Alloh va farishtalar uni yaxshi ko‘radi, Allohning panohida bo‘ladi.
Faqih aytadilar: Otam (r.a.) dedilar: "Menga yetdiki, Umar ibn Xattob (r.a.)
Rasulullohning (s.a.v) sahobalaridan birini Misrga Ka’ba yopinchig‘i uchun yubordilar.
Sahobiy Shomda bir nasoro olimining ibodatxonasiga tushdi. Bu olimdan ilmliroq odam
ularda yo‘q edi. Rasulullohning (s.a.v) elchilari u bilan uchrashmoqni, ilmidan eshitmoqni
xohladi. Uyiga kelib, eshikni ochishlarini so‘radi. Eshik uzoq vaqt ochilmadi, nihoyat
olimning oldiga kirdi va eshikda ushlanib qolganidan shikoyat qildi. Olim aytdiki: "Biz
oldimizga kelayotganingda seni sulton haybatida ko‘rdik va qo‘rqib eshikni ochmadik.
Alloh taolo Musoga: "Ey Muso, sultondan qo‘rqsang, tahorat qil va ahlingni ham
tahoratga buyur. Chunki kim tahorat qilsa, qo‘rqqanidan omonda bo‘ladi", degan. Senga
eshikni ochmay turganimiz tahorat qilib olib, namoz o‘qib, sendan omonlik topishimiz
uchun edi. Va keyin eshikni ochdik".
Faqih aytadilar: Tahorat qilayotgan kishi tahoratini ta’zim bilan qilishi va bu tahorat bilan
Rabbining ziyoratida bo‘lishini bilishi, so‘ngra hamma gunohlariga tavba qilishi lozim.
Chunki Alloh taolo suv bilan yuvishni gunohlardan ham poklanish belgisi qildi. Tahoratni
Alloh ismi bilan boshlamog‘i lozim. Farg‘ara, istinshoq qilsa, og‘zini g‘iybatdan va
yolg‘ondan, yuzini yuvsa, haromga qarashdan poklangan bo‘ladi. Boshqa a’zolarda ham
shunday. A’zolarini yuvib bo‘lsa, Allohga duo qiladi va tasbeh aytadi.
360. Hadisda rivoyat qilinadi: "Mo‘min banda tahoratni qilib bo‘lgandan keyin:
"Subhanakallohu va bihamdika, ashhadu alla-a ilaha illa anta, astag‘firuka va atubu
ilayk", desa, yaxshilik tamg‘asini bosadi. So‘ng u tamg‘a arshning tagiga qo‘yiladi. U
qiyomat kunida egasiga qaytarilguncha sindirilmaydi".
Tanbehul g’ofilin. Al-Faqih Abu Lays as-Samarqandiy
Do'stlaringiz bilan baham: |