3. 1995-2001-yillarda O‘zbekiston sug‘urta bozorining
rivojlanishi
Sug‘urta tashkilotlari taraqqiyotining ikkinchi bosqichi 1995-2001-
yillarni o‘z ichiga oladi. 1995-yil 1-yanvardan transport vositalari va
boshqa o‘ziyurar mashina va mexanizmlar egalarining uchinchi shaxslarga
zarar keltirish bo‘yicha javobgarligini majburiy sug‘urta qilish
joriy etildi. Bu davrda bevosita davlat ishtirokida yirik sug‘urta tashkilotlari
tashkil etildi.
O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan sug‘urta tashkilotlari haqida
gapirganda, albatta, «Madad» sug‘urta agentligini ham alohida tilga
olish joiz. Bu agentlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Xususiy
tadbirkorlik va kichik biznesni sug‘urtaviy himoya qilish bo‘yicha
agentlikni tashkil etish to‘g‘risida» 1995-yil 26-iyuldagi farmoniga
binoan tashkil etilgan va bugungi kunda muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatyapti1.
Agentlik ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati bo‘lib, uning asosiy
muassislari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy
banki, «O‘zsanoatqurilishbank», «Tadbirkorbank» (hozir Mikrokreditbankka
aylantirilgan) va boshqa bir nechta tijorat banklari hamda tashkilotlardir.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga, shuningdek,
aholiga hamda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari korxonalariga
sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish agentlikning asosiy faoliyat yo‘nalishlari
bo‘lib hisoblanadi.
«Madad» sug‘urta agentligi, dastlabki tashkil etilgan yillaridayoq,
mamlakatimizda tadbirkorlik harakatini qo‘llab-quvvatlashda, ayniqsa
kichik biznes subyektlariga «Biznes-fond» tomonidan ajratilgan
kreditlarga sug‘urta kafolatlarini berish hamda ularni imtiyozli tariflar
asosida sug‘urta qilishda muhim rol o‘ynadi. Hozirgi kunda ushbu
agentlik respublikamizning barcha viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston
Respublikasida o‘z filiallariga ega. Agentlikda yuqori malakali mutaxassislarning
mavjudligi sug‘urta faoliyatini muntazam takomillashtirib
borish, yangi sug‘urta xizmatlarini joriy etishda katta omil bo‘layapti.
O‘zbekiston Respublikasining jahon hamjamiyatiga tobora integratsiyalashuvi,
o‘z navbatida, sug‘urta xizmatlari ko‘rsatish darajasini
xalqaro andozalarga moslashtirishni talab etadi. Shuningdek, vatanimiz
iqtisodiyotiga jalb etilayotgan chet el investitsiyalarini sug‘urtaviy
himoya qilish va chetga eksport qilinayotgan mahsulotlarni siyosiy
hamda tijorat risklaridan sug‘urta qilish tizimini yaratish o‘tgan asrning
90-yillari o‘rtalarida dolzarb ahamiyat kasb eta boshladi. Buni e’tiborga
olib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 1997-yilning 18-fevralida
«O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasini tashkil
etish to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi. Ushbu hujjatga ko‘ra, sobiq
«O‘zbekinvest» milliy sug‘urta kompaniyasi negizida tashkil etilgan
yangi tashkilotning ustav kapitali 60,0 mln AQSh dollari miqdorida
belgilandi. Bugungi kunda uning ustav kapitali to‘liq shakllantirilgan.
Kompaniyaning asosiy muassislari O‘zbekiston Respublikasi Moliya
vazirligi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankidir.
1997-yilning 14-martida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan
tashkil etilgan «Kafolat» Davlat aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasi
haqida ham iliq gaplarni aytish mumkin. Bu kompaniya sug‘urta
operatsiyalari hajmi va ustav kapitali miqdori jihatidan respublikamizdagi
yirik sug‘urta tashkilotlari tarkibiga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Sug‘urta faoliyatini
davlat tomonidan tartibga solish to‘g‘risida» 1998-yil 8-iyuldagi
qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga davlat
sug‘urta nazorati funksiyasi yuklatildi va shu munosabat bilan uning
markaziy apparatida Sug‘urta nazorati davlat inspeksiyasi tashkil etildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |