www.ziyouz.com kutubxonasi
264
Ellik to‘qqizinchi bob
Kech yuz ko‘rsatadigan qish quyoshining dastlabki nurlari soat sakkizlarda jimjimador beton
shakllar orasidan yorib o‘tdi. Oradan yana bir soatlar o‘tgandan keyingina yozuv stoli ustiga betartib
yoyilgan kitob va qog‘ozlardan bosh ko‘targan Palmer yangi kun boshlanganini payqadi.
Edis eriga yana bir marta qahva tayyorlab, tungi soat uchda uyquga yotdi. Palmer sovuq va
bemaza qahvani oxirigacha ichib, barmoqlari bilan sochlarini taraganicha, stul suyanchig‘iga yaslandi.
Ichkari xonalardan bolalarning ovozi kelardi. U stol ustidagi qog‘ozlarni yig‘ishtirib, ularga tikilib qoldi.
Kunduzgi sovuq tuzgan barcha rejalarini chippakka chiqaradiganga o‘xshardi. Palmer bo‘sh
idishdan finjonga yana ozgina qahvani sirqitib quyishga urindi. Keyin ikki bosqichdan iborat rejalari
tushirilgan qog‘ozlarni yana qaytadan o‘qib chiqdi. Shubha-gumonlar ichini kemirganicha o‘rnidan
turdi va qotib qolgan oyoqlari hamda belini yozish uchun turli harakatlar qilib, stol atrofida aylana
boshladi. Kecha uyga qaytgandagi charchoq yana oyoqlarini sirqiratishga tushdi. Ko‘ylagi tanasiga
yopishib, yenglarining chetlari kirlanib ketibdi. Palmer kerishmoqchi bo‘ldi va bor quvvati uni tark
etayotganini angladi. U vaqtni bilish uchun qo‘lidagi soatga qarab, telefonda bajariladigan ishlarni
faqat bir soatdan keyin boshlash mumkinligini aniqladi. Stol yoniga o‘tirib, kaftlari bilan yuzlarini
ishqaladi. U Edisning:
— ... yechinib, o‘ringa yot, — degan ovozini zo‘rg‘a eshitdi.
U sekin ingradi. Xayolida qumga ko‘milganu qum ko‘zlari, yoqasidan kirib, butun gavdasini to‘ldirib
qo‘yganday tuyuldi. U qiynalib, ko‘zlarini ochdi va ming‘illadi:
— Soat necha bo‘ldi?
— O’n bo‘ldi. Vuds, iltimos...
U nihoyat butunlay uyg‘onib, gavdasini ko‘tardi.
— Yarim soat vaqt yo‘qotibman, — deb ming‘irladi. — Marhamatli xudoyim. Keyj xonimga
aytinglar, yana qahva qaynatsin.
— Vuds.
O’girilib xotiniga qaradi. U ham atigi bir necha soat uxlagan bo‘lsa-da, ko‘rinishi qandaydir ginali,
ammo yashnab turardi. Kiyinib, bo‘yanib ham ulguribdi. Bularning hammasi Palmerga tanasidagi o‘ta
og‘irlikni yana qayta his etishga majbur qildi.
— Nima deysan? — so‘radi u.
— Azizim, bugun shanba. Sen...
— Hechqisi yo‘q. Berns dushanbagacha kutishi mumkin. Men esa kutolmayman. Iltimos, yangi
qahva ber.
— Keyinroq biroz uxlab olasanmi?
— Albatta. Iltimos, bolalarni bu yoqqa kiritma.
— Ulardan birortasi joningga tegdimi?
— Yo‘q. Mayli. Iltimos, qahva.
— Bir daqiqa. — U qahva qaynatadigan idishni olib, chiqib ketdi.
Palmer sigaret chekdi. Tutun shu lahzadayoq tinkasini quritib, ko‘nglini aynitdi. Biroq shu zahoti
tanasiga kuch quyilayotganini his qildi.” Palmer zudlik bilan ishga kirishdi. U Jet-Texning ilmiy-
tadqiqot markazi joylashgan O’rta Sharqdagi shahar bilan shaxsan telefonda gaplashish uchun
buyurtma berdi. Tajribaxonada hech kim yo‘q ekan. Mahalliy ma’lumot xizmatidagilar Geynts
Gaussning uy telefoni raqamini tezda topa olmadilar. Keyinroq telefonchi qiz uning raqamini shahar
atrofidagi nomerlar orasidan topdi. Bir ozdan keyin Geynts Gaussning o‘zi go‘shakni ko‘tardi.
— Gap shundaki, — salom-alikdan keyin maqsadga o‘tdi Palmer. — Siz sirayam xayolimdan
ketmayapsiz.
— Nahotki? Men bo‘lsa, allaqachon unutib yuborgansiz, deb o‘ylardim, do‘stim.
— Balki, unutib ham yuborardim, — tan oldi Palmer. — Agar bu la’nati ishkalliklarga mas’ulligim
bo‘lmaganda...
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |