www.ziyouz.com kutubxonasi
183
kerak bo‘lgan bir vaqtda.
Juvon jimib qoldi. Bir lahzadan keyin Palmer boshini ko‘tardi:
— Tugatdingmi?
— Butunlay.
— Savolim bor.
— Xo‘sh?
— Shunchalik baxtsiz bo‘la turib, shunchalik chiroylik bo‘lish qanday qo‘lingdan keladi?
Juvon unga ajabsinib qarab qo‘ydi:
— Jahling chiqmasligiga ishonasanmi?
— Bu yoqqa kel-chi.
— Kelayapman.
O’ttiz oltinchi bob
Palmer kechki soat oltida Park avenyu bo‘ylab “kadillak”da shamolday yelib borar ekan, “Uorld
telegram”dagi so‘nggi yettinchi sport bo‘limini moliyaga doir bobigacha varaqlab chiqdi. U
mashinadagi mutolaaga mo‘ljallangan chiroqni yoqdi va birja yopilishi vaqtidagi bank aktsiyalari
narxini o‘rgana boshladi. YuBTK aktsiyasi narxi 25 foizga ko‘tarilgan va sotilgan aktsiyalar miqdori
ortgan edi.
Ularni kim sotib olsa ham nazorat paketini egallab olishi hali amri maholligiga amin bo‘lib, Palmer
gazetani bukladi-da, o‘zining yoniga o‘rindiqqa tashladi. Birmuncha muddat u haydovchi boshining
orqasiga qarab turdi. So‘ng vujudida qandaydir tanholik tuyg‘usini his etdi. Garchi haydovchi undan
bor-yo‘g‘i bir yarim-ikki metrcha narida o‘tirgan bo‘lsa-da, Palmer o‘zini mutlaqo yolg‘iz his qildi.
Bunday sezgi qaysidir ma’noda unga yoqardi.
Shuning uchun yoqadiki, o‘yladi u, bu yerda, qubbasimon mayin oq nur ostida, go‘yo do‘kon
peshtaxtasidagidek, yolg‘iz va qaysidir darajada sevimli bo‘lib o‘tirish maza edi, ayni vaqtda esa
qorong‘ilik qo‘ynida butun shahar ko‘zga ko‘rinmas suvratlar silsilasiday yoningdan o‘tib turadi. Palmer
charaqlagan yangi yil archalari ulug‘vor safining lip-lip uchib o‘tishini tomosha qildi. Oqshomlari Park
avenyu har doim yorqin qizil nuqtalar — mashinalarning orqa chiroqlari bilan bezangan bo‘ladi. Hozir
esa archa chiroqlari ortida butun ko‘cha bayramona tus olgandi.
Yetmishinchi ko‘chalarda haydovchi chapga burilish signalini berdi va Palmer oldinga engashdi.
— Jimmi, buriling-da, meni muyulishda tushirib qoldiring. Bu yog‘iga yayov ketaman.
— Yaxshi, mister Palmer, rahmat.
Palmer qoshini chimirdi. Bu tashakkur nechun? Bu Jimmining qaytar yo‘lini nari borsa besh
daqiqaga qisqartirgandir. Nahotki besh daqiqa shunchalik zarur bo‘lsa?
— Biron yoqqa shoshayapsizmi? — so‘radi u.
— Uyga. Archa bezatish kerak, mister Palmer. Men galga solganim-solgan, bu yog‘i atigi olti
kungina qolibdi. Bolalarim o‘ldiradi meni...
Mashina yumshoqqina kichikroq doira yasadi-da, yo‘lka chekkasiga, shaharning ishbilarmonlar
mahallasi tomonga kelib to‘xtadi. Jimmi eshikni ochgani chiqib kelguncha Palmer qubbasimon
chiroqni o‘chirdi va gazetani oldi.
— “Telli”ni oling, — dedi u gazetani haydovchiga uzata turib; uning bilishicha, haydovchi, odatda,
faqat “Jornel amerikan”ni sotib olardi.
— Yana bir marta rahmat. Xayrli tun, ser.
— Xayrli tun.
Hayhotday mashina jo‘nab ketdi va Palmer muzdek havodan chuqur nafas oldi, so‘ng osmonga
qaradi. Osmon shu qadar musaffo ediki, u hatto yakkam-dukkam yulduzni ham ko‘ra oldi — tutunli
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |