3. Korxonalarda inqirozga qarshi moliyaviy boshqaruv jarayoni
bosqichlari
Korxonalarda inqirozga qarshi moliyaviy boshqaruv inqirozlar haqida
ogohlantirish, ularning oldini olish va salbiy oqibatlarini minimallashtirish boʻyicha
boshqaruv qarorlarini tayyorlash, qabul qilish va amalga oshirish jarayonini oʻzida
aks ettiradi. Korxonalarni boshqarishning boshqa funksional turlaridan farqli ravishda
inqirozga qarshi moliyaviy boshqaruvning alohida xususiyati inqiroz holati yuzaga
kelgan bir paytda vaqtning taqchilligi, noaniqlikning yuqori darajasi, xodimlarning
turli guruhlari boʻyicha manfaatlar ziddiyati, boshqaruvchanlikning pastligi holatida
boshqaruv qarorlari qabul qilish zarurati bilan ifodalanadi. Korxonalarda inqirozga
qarshi moliyaviy boshqaruvni amalga oshirish uchun yuqori malakali moliyaviy
menejerlardan iborat maxsus guruh shakllantiriladi va ular tomonidan maxsus
boshqaruv qarorlari qabul qilinadi hamda amalga oshiriladi.
Korxonalarda inqirozga qarshi boshqaruv jarayoni quyidagi asosiy
bosqichlardan tarkib topadi:
1. Moliyaviy inqiroz alomatlarini oldindan aniqlash maqsadida korxona
moliyaviy holati doimiy monitoringini amalga oshirish. Bunday monitoring korxona
moliyaviy-xoʻjalik faoliyati umumiy monitoringi doirasida moliyaviy inqirozning
boshlangʻich belgilarini aniqlash maqsadida mustaqil blok sifatida tashkil etiladi.
2. Korxonaning inqirozoldi moliyaviy holatini tashxislash vaqtida moliyaviy
inqirozning oldini olish boʻyicha profilaktik chora-tadbirlar tizimini ishlab chiqish.
Bu bosqichda inqirozga qarshi moliyaviy boshqaruv kuchsiz signallar boʻyicha
boshqaruv sifatida tavsiflanadi, asosan ogohlantiruvchi ahamiyat kasb etadi.
3. Tashxislash vaqtida moliyaviy inqirozlarning kirib kelish parametrlarini
identifikatsiyalash. Bunday identifikatsiyalash korxonalarda moliyaviy inqirozlarning
tasniflanishi asosida monitoring natijalari boʻyicha “inqirozning rivojlanish
indikatorlari”dan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
258
4. Korxonalarda moliyaviy inqirozlar yuzaga kelishiga sabab boʻluvchi va
ularning yanada chuqurlashuviga olib keluvchi omillarni tadqiq qilish.Bunday
tadqiqotmoliyaviy inqirozlarning alohida ichki va tashqi omillarini belgilab olish,
moliyaviy inqiroz shakllari va koʻlamiga alohida omillarning ta’siri, moliyaviy
inqiroz omillarining rivojlanib borishi va ularning korxona moliyaviy-xoʻjalik
faoliyati rivojlanishiga salbiy ta’sirini prognozlash kabilarni oʻz ichiga oladi.
5. Moliyaviy inqirozning oldini olish boʻyicha korxonaning moliyaviy
imkoniyatlarini baholash.Bunday baholash koʻp jihatdan inqirozga qarshi chora-
tadbirlarning aniq maqsadga yoʻnaltirilganligi va barqaror mexanizmlardan
foydalanish imkoniyatining yuqoriligi bilan belgilanadi. Shuningdek ichki
imkoniyatlar toʻliq baholangan holda tashqi moliyaviy resurslarga boʻlgan talab
miqdorini aniqlash imkoniyati yaratiladi.
6. Moliyaviy inqiroz koʻlamidan kelib chiqqan holda korxonani moliyaviy
barqarorlashtirish mexanizmlarini tanlash. Bunday mexanizmlarni tanlash kapital
tarkibi, aktivlar tarkibi, pul oqimlari tarkibi, moliyaviy resurslarni shakllantirish
manbalari tarkibi, investitsion portfel tarkibi kabi muhim parametrlarni qayta
shakllantirish yoʻli bilan korxona moliyaviy holatini barqarorlashtirishga undaydi.
Inqirozli rivojlanish sharoitida korxona moliyaviy faoliyatining asosiy parametrlarini
qayta tarkiblash jarayonida moliyaviy barqarorlashtirishning aniq mexanizmlarini
tanlash quyidagi masalalarni bosqichma-bosqich hal qilishga yoʻnaltirilgan boʻlishi
lozim:
- toʻlovga qobiliyatsizlikni bartaraf etish;
- moliyaviy barqarorlikni tiklash;
- uzoq muddatli istiqbolda korxonaning barqaror oʻsishini moliyaviy jihatdan
ta’minlash.
7. Korxonani moliyaviy inqirozdan chiqarishning kompleks dasturini ishlab
chiqish va amalga oshirish.Bunday kompleks dastur odatda ikkita muqobil hujjat –
korxonani moliyaviy inqiroz holatidan chiqarish boʻyicha chora-tadbirlarning
kompleks dasturi yoki korxonani moliyaviy sanatsiyalash (sogʻlomlashtirish)ning
investitsion loyihasi shaklida ishlab chiqiladi.
Korxonani moliyaviy inqiroz holatidan chiqarish boʻyicha chora-tadbirlar
kompleks dasturida ichki manbalar hisobiga shakllantiriladigan moliyaviy resurslar
miqdori doirasida moliyaviy barqarorlashtirishning ichki mexanizmlaridan yuqori
darajada foydalanishga e’tibor qaratiladi. Bunday reja quyidagi asosiy boʻlimlardan
tarkib topadi:
- inqirozga qarshi chora-tadbirlar roʻyxati;
- inqirozga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun ajratiladigan
moliyaviy resurslar miqdori;
- alohida inqirozga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirish muddatlari;
- alohida inqirozga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun mas’ul
shaxslar;
- moliyaviy barqarorlashtirishdan kutilayotgan natijalar.
259
Moliyaviy sanatsiyalash (sogʻlomlashtirish) investitsion loyihasi korxona
tomonidan moliyaviy inqirozdan chiqish uchun tashqi boshqaruvchilar jalb qilingan
holatda ishlab chiqiladi.
Korxonani moliyaviy inqiroz holatidan chiqarish boʻyicha kompleks dasturi
ishlab chiqilgach va tasdiqlangandan soʻng uni amalga oshirishga kirishiladi.
8. Korxonani moliyaviy inqirozdan chiqarish dasturining amalga oshirilishini
nazorat qilish.Bunday nazorat odatda korxona menejerlari tomonidan amalga
oshiriladi. Korxonani moliyaviy inqirozdan chiqarish kompleks dasturi chora-
tadbirlarining asosiy qismi inqiroz holatlarida korxonalarda tashkil etiladigan tezkor
moliyaviy kontrolling tizimi orqali nazorat qilinadi. Inqirozga qarshi chora-tadbirlar
samaradorligini oshirishga yoʻnaltirilgan zaruriy tuzatishlar kiritish maqsadida dastur
ijrosi boʻyicha nazorat natijalari davriy ravishda muhokama qilinishi talab etiladi.
9. Korxonada moliyaviy inqirozning salbiy oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha
chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish. Bunday chora-tadbirlar tizimi
har bir korxonada individual tavsifga ega boʻlishi va moliyaviy faoliyatni sifat
jihatdan tarkibiy qayta shakllantirishga yoʻnaltirilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |