KASHFIYOTLAR OLAMIDA
Mendeleyevning bashoratlari
Rus xalqining buyuk farzandi Dmitriy Ivanovich Mendeleyev fanda yangi ilmiy
dunyoqarashlarning yaratuvchisi sifatida maydonga chiqdi. Mendeleyevning hayoti va ilmiy
faoliyatini o‘rganarkanmiz, uning ilmga sodiqligini, fan va amaliyotning bir-biri bilan qat'iy
va uzluksiz bog‘liqligini ta’minlash borasidagi faoliyatini kuzatamiz.
Mendeleyev o‘ziga xos tabiiy-ilmiy qonuniyatlarni kashf qildiki, ularning amaliyotda
qo‘llanilishi mayda zarrachalardan insonning ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan juda katta
miqdordagi energiyalarni olish imkoniyatini berdi. Uning nomi yana shu bilan o‘chmaski,
olim davriy qonunni (1869) kashf etdi, kimyoviy elementlarni o‘z xossalariga asosan ma’lum
tartibda joylashtirishning uddasidan chiqdi. Olimning kimyo va fizika borasidagi hozirgi
zamon kimyo va fizikasi, birinchi navbatda atomlar to‘g‘risidagi tushunchalari shu fanlar
rivojlanishiga turtki berdi.
Mendeleevning ilmiy merosidagi falsafiy qarashlar iqtisodiy va siyosiy maqolalari,
publitsistik ocherklari, tabiiy-ilmiy fikrlari va kashfiyotlari bilan bevosita bog‘lanib ketgan.
Mendeleyevning ijtimoiy-iqtisodiy, shuningdek, falsafiy qarashlari, ishlab chiqarish
munosabatlari, sanoatning o‘sishi bilan bog‘liq. Uning dunyoqarashidagi dastlabki asos — bu
ishlab chiqarish kuchlarini cheksiz rivojlantirish g‘oyasidir.
150
Ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirish fabrika-zavodlarni rivojlantirishga olib keladi,
deydi u. Jamiyat hayot tarzi moddiy jihatlarini, ehtiyojlarini hisobga olgan holda, eski qoloq-
patriarxal xo‘jalik yuritish shaklidan so‘zsiz shahar tipidagi fabrika-sanoat xo‘jalik sharoitiga
o‘tish zarurligini ta’kidlaydi.
Mendeleyevning siyosiy dunyoqarashi uning iqtisodiy dasturlariga bo‘ysungan edi.
«Chorlovchi o‘ylar» asarida u rus sanoatining yuksalishida hukumat oldida turgan vazifalarni
ko‘rsatib berib, uning oldidagi to‘siqlarni olib tashlash kerakligini qayd etadi. Olimning
industriyani rivojlantirishga ilmiy-madaniy jihatdan yondashishi yanada ahamiyatlidir. U
fanning fundamental bilim manbai ekanligini hisobga olgan holda, hech qachon progmatizm
g‘oyalarida turmagan. Bu uning dunyoqarashiga yot narsa edi. Progmatizm — ilm-fanning
ahamiyatini faqat bilimlar to‘plami sifatida anglab, uning ishlab chiqarishdagi rolini
tushunmaslik bo‘lib, bu Mendeleyev tomonidan to‘g‘ri talqin qilingan edi.
Mendeleyev materiyasiz harakat mavjudligi haqidagi idealistik fikrlarni rad etadi.
«Harakat harakatlanuvchi narsani talab etadi» — deb yozgan u. Xuddi mana shunday, u
Ostavldning «energetizm» (dunyoda faqat energiya mavjud deb, materiyani inkor etuvchi
dunyoqarash) g‘oyalariga qarshi chiqadi. U materiyaning, moddaning inkor etilishi, tashqi
dunyoning rad etilishiga olib kelishi, uni sub'ektiv tarzda tushunish ekanligini ko‘ra bildi.
«Energetiklar har qanday moddiyatni inkor etishadi, ularning aytishicha, biz faqat
modda tomonidan beriladigan energiyani bilamiz va bundan ko‘rinadiki, moddiyat bu
energiyaning o‘zginasidir. Bu mening fikrimcha, dunyoni, materiyani sub'ektiv tushunishdir»
deydi olim. Mendeleyevning asosiy g‘oyalaridan biri ruhning materiyasiz mavjudligini inkor
etishidir. U o‘zining «realistik» qarashlarida bir-biridan ajratib va o‘z navbatida birlashtirib
bo‘lmaydigan uch substantsiya: moddiyat, kuch va ruh haqida to‘xtalib o‘tadi. Uning ajoyib
asari — «Dunyo efirini kimyoviy tushunishga urinish» quyidagi falsafiy kirish bilan
boshlanadi: «Xuddi baliq o‘zini muzga urgani kabi, necha asrlardan beri donishmandlarning
hamma fikrlari barcha narsada umumiylikka intilish, ya’ni «barcha narsaning boshi»ni
qidirishdir. Lekin bu narsa yana bir-biri bilan bog‘liq va o‘z navbatida qorishmaydigan uch
substantsiya: moddiyat (materiya), kuch (energiya) va ruhning tan olinishiga olib keldi.»
Mendeleyev shuningdek, dunyoning birligi va uning elementlariga to‘xtaladi.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, Mendeleyevning ijtimoiy va ilmiy-falsafiy
qarashlari o‘ziga xos va turli-tumandir. Ishlab chiqarish kuchlarini cheksiz taraqqiy ettirish va
iqtisodiy masalalar, shuningdek, tabiat qonunlariga dialektik yondashish olim
dunyoqarashining asosini tashkil etadi. Unda qaror topgan bunday dunyoqarash, tabiiy
fanlarning rivojiga katta hissa qo‘shgan olamshumul kashfiyot — davriy qonun va davriy
sistemaning yaratilishiga olib keldi.
Kimyoviy elementlar davriy qonunining yaratilishi D.I. Mendeleyev hayoti va o‘sha
paytda fan tarixidagi eng muhim voqyealardan biri bo‘lgan edi. Tabiatning ko‘pchilik
qonuniyatlari aniq va tabiiy fanlar borasida XIX asrda yaratilgan. XVII asrda butun olam
tortish qonuni, keyinroq Lomonosovning modda massasining saqlanish qonuni, Darvinning
evolyutsion nazariyalari o‘sha paytda yaratilgan va tabiatni ilmiy asosda tushunishga
qaratilgan dunyoqarashni shakllantira boshlagan edi. Mendeleyevning davriy qonuni
yuqoridagi kabi «klassik» tabiat qonunlarining biri bo‘lib, nafaqat kimyo, balki butun ilm-fan
borasidagi katta yutuqlardan biri edi. Mendeleyev davriy qonunining yaratilishi bir qator
o‘ziga xosliklarga ega. 1869-yil Mendeleyev o‘sha paytda ma’lum bo‘lgan kimyoviy
elementlarni ma’lum bir qatorga (atom massasi ortib borishi tartibida) joylashtirganda, ba’zi
elementlar va ular hosil qilgan birikmalarning kimyoviy va ba’zi fizikaviy xossalari davriy
ravishda o‘zgarishini aniqladi. Mendeleyev kimyoviy elementlarning davriy sistemasiga duch
keldi. U jadval tuzib, unda elementlarning kimyoviy belgilarini atom massalari ortib borishi
va kimyoviy xossalarining qaytarilishi tartibida joylashtirib chiqdi. Bunda jadvalning qator va
guruhlarida xossalari bilan bir-biriga o‘xshash elementlar joylashdi. Bu davriy sistema hozirgi
kunda hammaga tanish, uni butun dunyo maktablarida o‘rganishadi.
151
Mendeleyevning kashfiyoti tabiatni ilmiy asosda tushunishga yordam beradi. Qadimgi
dunyoning buyuk allomalari Levkip, Demokrit va Epikur tabiatdagi barcha narsalar mayda,
ko‘zga ko‘rinmas zarrachalardan tuzilgan, deb aytib ketishgan. Qadimgi atomistik qarashlar
XVIII-XIX asrga kelib yana qaytadan tiklandi va rivojlantirildi. Olimlar moddalarning fizik
va kimyoviy xususiyatlari bog‘liq ravishda o‘zgarishini eng mayda zarrachalar — atomlardan
qidirishga tushishdi. Endi, nima uchun elementlarning atom massalari ortishi bilan ularning
davriy xossalari takrorlanishi ayon bo‘la boshlagan edi.
Ma’lumki, Mendeleyevdan ham oldin kimyoviy elementlar ma’lum bir tartibga
solingan. Bulardan Debereyner, Odling, Shankurtua, Nyulends, Lotar Maer va boshqalarni
eslab o‘tish mumkin. Mendeleyevning yuqorida zikr qilingan o‘tmishdoshlari kimyoviy
elementlarning xossalari davriy ravishda o‘zgarishini aniqlagan bo‘lsalar-da, lekin butun bir
sistemani yarata olishmadi. Mendeleevning uzoq izlanishlari natijasida davriy qonun yaratildi.
Mendeleyev qog‘oz kartochkalarga o‘sha paytda ma’lum elementlarning atom massalari,
kimyoviy birikmalari va nomini yozib chiqadi. Bunda u elementlarning valentligi, ya’ni
boshqa atomlar bilan bog‘lanishlar hosil qilish xususiyatiga e’tiborini qaratdi. Mendeleyev bu
kartochkalarni turlicha joylashtirib, ular o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni izladi. Tadqiqotchi
elementlarning faqatgina o‘xshash xossalarinigina e’tiborga olmasdan, balki ularning
farqlarini ham kuzatdi. Masalan, u litiy — Li deb ataladigan ishqoriy metallning xossalari,
boshqa bir ishqoriy metall natriyniki — Na kabi ekanligini aniqladi. Ular atom massalari ortib
borishi tartibida joylashtirilsa, orasiga yana olti element joylashadi. Xuddi ana shuncha
elementdan so‘ng natriyning — Na xossalari boshqa bir ishqoriy metall kaliy — K da
takrorlanadi. Mendeleyev bu xususiyat boshqa holatlarda ham takrorlanishini kuzatdi.
Elementlar qatorida kimyoviy birikmalarning xossalari davriy ravishda o‘zgarishi va bu holat
atom massalari ortib borishi, shuningdek, ma’lum sondagi elementlardan keyin takrorlanishini
e’tiborga olib, Mendeleyev kimyoviy elementlarning nomlarini ma’lum tartibda yozib chiqib,
davriy sistemani tuzishga erishdi. Davriy sistemaning har bir katakchasida biz kimyoviy
elementning simvoli, tartib raqami va atom massalari qiymatini ko‘ramiz. Vertikal qatorlar
guruhlar, gorizonital qatorlar esa davrlar deb nomlandi. Mendeleev shuningdek, kimyoviy
elementlarning xossalari o‘n yettita elementdan keyin ham takrorlanishini kuzatdi va davrlarni
katta-kichigiga ajratdi.
Kimyogar o‘zi yaratgan qonunning ob'ektivligiga to‘la ishongan holda, o‘sha paytda
ma’lum bo‘lgan ba’zi elementlarning atom massalariga tuzatish kiritdi. Agar elementlar faqat
atom massalari tartibida (o‘sha vaqtda ma’lum bo‘lgani bilan) joylashtirilganda, davriy
qonundan bir qator chetlashishlar kuzatiladi. Masalan, agar biz elementlarni yuqoridagidek
joylashtirganimizda alyuminiy tagida titanni, kremniyning tagida vadaniyni, xossalari
umuman o‘xshash bo‘lmagan elementlarni uchratgan bo‘lar edik. Uning elementlarning
kimyoviy xossalarini e’tiborga olib, unga yaqin elementlarning atom massalariga o‘zgartirish
kiritdi. Mendeleyev davriy sistemasida davriylik elementlar o‘rtasida ma’lum bo‘sh
katakchalar (o‘sha vaqtda noma’lum bo‘lgan elementlar uchun) tashlab ketilgandan so‘ng
takrorlanar edi. Mana shu bo‘sh katakchalarga Mendeleyev o‘sha paytda noma’lum bo‘lgan
elementlarni joylashtirdi. Bu elementlar alyuminiydan keyin joylashgan edi. (Mendeleev
ularni «eka-alyuminiy», sanskritchadan - «eka» - bir, «ekakremniy» va «ekobar» deb
nomlagan). Mendeleyev, hatto bu noma’lum elementlarning xossalarini oldindan bashorat
ham qildi. 1875-yil Parij Fanlar akademiyasida katta voqyea yuz berdi. Bu yerda frantsuz
olimi Lekok De—Buabodran tomonidan topilgan noma’lum element ta’riflandi. Unga Galliy
(Fransiya sharafiga) deb nom qo‘yishdi. Mendeleyev darhol bu yangilikdan xabar topgach,
Parijga xat jo‘natib, Lekok De-Buabodran tomonidan topilgan element o‘zi ta’riflagan
«ekaalyuminiy» ekanligini va uning solishtirma og‘irligi Buabodran aniqlaganidek 4,7 emas,
balki 5,96 ga teng ekanligini aytadi. Lekok De-Buabodran Mendeleevning xati bilan
tanishgach, o‘z tadqiqotlarini takrorlaydi va haqiqatdan ham yangi elementning solishtirma
og‘irligi 4,7 emas, balki 5,96 ga teng ekanligini aniqlaydi. Tez orada Shved ximigi Nilson
152
ta’rifidan «Ekabor» — skandiy va nemis ximigi Vinkler tomonidan germaniy, Mendeleyev
tomonidan, ayniqsa, xossalari batafsil bashorat qilingan«ekasilitsiy» topildi.
Mendeleyevning yuqoridagi ilmiy bashoratlari ro‘yobga chiqishi u yaratgan davriy
sistema va davriy qonunning ob'ektivligi, haqqoniyligining yorqin isboti bo‘ldi. Shundan
keyin 1894-yilda Reley va Ramzay tomonidan inert gazlarning (argon va boshqalar) ochilishi
natijasida davriy sistemaga bir qator o‘zgartirishlar kiritilib, yanada takomillashib bordi.
Mendeleev davriy qonun va davriy sistemani yaratish borasidagi ishlarining oxirida shunday
degan edi: «Mening hamma xulosalarim shunga olib kelyaptiki, elementlarning atom
massalari, ayni element va u hosil qilgan birikmalarning xossalarini belgilab beradi. Atom
massalari oshib borishi tartibida joylashtirilgan elementlar xossalari davriy ravishda
takrorlanadi».
Fan taraqqiyotiga Mendeleyevning qo‘shgan ulkan hissasi shundaki, o‘zining birinchi
bor kashf qilingan davriy qonun zaminida yaratgan elementlar davriy sistemasida ana shu
qonunning grafik ifodasini izchil ravishda, aniq talqin qilib berdi. Shu bilan birga, u o‘zining
mavjud elementlar sistemasida hamma elementlarning solishtirma og‘irligiga qarab bir butun
sxemaga joylashtirdi, ularning obyektiv tabiiy - qonuniy aloqada birlashib yoki ajralib
turishini ko‘rsatib berdi. Uzoq vaqt izlanishlar natijasi sifatida olim oldindan bashorat qilib,
hali fanga ma’lum bo‘lmagan, ochilmagan elementlarning tabiatda mavjudligini va ularning
solishtirma hamda atom og‘irligini oldindan bayon qilib bergan. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish
zarurki, birinchi bor «element» kategoriyasi va uning mohiyati Mendeleyev tomonidan
izohlab berildi.
Hozirgi paytda buyuk ixtirochining yuqoridagi davriy qonuni ta’rifi har bir maktab
o‘quvchisiga yaxshi tanish. Ilm-fan taraqqiyoti bizning asrimizda undagi ba’zi kamchiliklarni
bartaraf etish imkonini berdi. Lekin shunga qaramay Mendeleevning davriy qonuni XIX asrda
nafaqat kimyo, balki butun tabiiy fanlarning rivojiga turtki bo‘ldi va hozirgi kunda ham o‘z
kuchini saqlab qoldi. Davriy qonun xususiy qonun bo‘lmasdan, balki umumiy qonuniyatlar
jumlasiga kiradi. Unda dialektika qonunlari o‘z ifodasini topgan. (Masalan: «Miqdor
o‘zgarishlarning sifat o‘zgarishlariga o‘tishi» qonuni davriy sistemada yaqqol ko‘rinadi. Li
(qattiq modda), uning atom massasi m=7 va yadro zaryadi oshib borishi bilan butunlay
boshqa sifat ko‘rsatkichga ega bo‘lgan element — G‘ (gaz), atom massasi m=19ga o‘tiladi.)
Mendeleyevning davriy qonuni yordamida hozirgi kunda vaqt va o‘lchov, ikki dunyo:
musbat zaryadlangan yadro va manfiy zaryadlangan elektronlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik,
geokimyoning ko‘pchilik masalalari, tirik organizmlardagi biologik va fiziologik jarayonlar
o‘z yechimini topmoqda.
Lug‘at
tejash – экономить
aziyat chekish – страдать, мучиться
to‘qima – ткань
davriy – периодический
kimyoviy birikma – химическое соединение
bashorat qilish – предсказать
jismoniy– физический
baholash – оценивать
so‘rovnoma – опрос, анкетирование
Do'stlaringiz bilan baham: |