6 mavzu. XVII - XVIII asrlarda xalqaro munosabatlar va
diplomatiya.
59
XVII asrning xususiyati uning ilk yangi davrning qoq markazida
bo‘lganligidadir. Ushbu asrdagi xalqaro siyosatning mazmuni va tamoyillarini hosil
qilgan davlatlararo ziddiyatlar, bir tomondan, XVI asrning merosiga tayanardi,
ikkinchi tomondan - ushbu siyosatning kelgusi asrdagi rivojlanishini, ma’lum
darajada, belgilab berardi. Ushbu davrda diplomatiyaning tutgan o‘rni yanada
ahamiyatli bo‘lib bordi, diplomatik xizmatning oyoqqa turishi va takomillashishi ro‘y
bermoqda edi. Fransuz tili diplomatik aloqalarning rasmiy tiliga aylandi. XVII asrda
paydo bo‘lgan dastlabki gazeta va jurnallardan siyosiy va diniy kurashda, demak
xalqaro munosabatlarda ham, keng foydalanildi. Bundan tashqari, diniy omilning
xalqaro munosabatlar holatiga ta’sir ko‘rsatishi davom etardi. XVII asrning
o‘rtalarigacha davlatlararo ittifoqlarning shakllanishi va harbiy to‘qnashuvlarning
yuzaga kelishi asosan diniy tamoyillar negizida ro‘y berardi. Ko‘p hollarda xristian
dinidagi turli konfessiyalarning (yo‘nalishlarning, oqimlarning) vakillari prinsipial
raqiblar sifatida namoyon bo‘lardi. Bu esa Evropa mamlakatlarini o‘zaro qarama -
qarshiligiga olib kelardi.
Qudratli buyuk davlat - Usmoniylar imperiyasi xalqaro munosabatlarning yana
bir omili edi. Ulkan harbiy va moddiy kuchga ega bo‘lgan Istanbul Evropada yuzaga
kelayotgan xalqaro munosabatlar tizimida muhim rol o‘ynardi. Evropa davlatlari
Usmoniylarga qarshi ittifoqlar tuzish yo‘lidan borishardi, garchand imperiyaga yaqin
joylashgan mamlakatlar tinchlikni saqlashga moyillik bildirsa ham.
Kuchlar muvozanatini saqlash g‘oyasi xalqaro munosabatlar tizimida
belgilovchi tamoyillardan biriga aylandi. Yirik davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatlar
alohida ahamiyatga ega edi. Ushbu davlatlar o‘zlarining atrofiga o‘rta va kichik
mamlakatlarni jalb etib, turli ittifoqlar tuzishardi. Shu tarzda ko‘plab mamlakatlar
diplomatik va harbiy nizolarga tortilardi. Asosiy maqsad - birorta davlatning boshqa
davlat evaziga haddan tashqari kuchayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik va mavjud
vaziyatni saqlash edi.
Tashqi siyosatning asosiy ko‘rinishlaridan biri - bu davlatlar tomonidan olib
boriladigan urushlar edi. Xalqaro nizolarni keltirib chiqaradigan sabablar orasida
chegara mojarolari, sulolaviy da’volar, savdo molnopoliyasi uchun kurash va
boshqalarni ko‘rsatish mumkin. Uzoqqa cho‘ziladigan tavsifga ega bo‘lgan harbiy
operatsiyalarning ko‘lami kengayib bordi. Bu esa asosan yollanma askarlardan iborat
doimiy armiyalarning mavjud bo‘lishini talab qilardi.
O‘ttiz yillik urush (1618 – 1648 yy.) XVII asrdagi xalqaro xayotning eng yirik
voqeasi bo‘ldi. Bu urush umumevropa miqyosdagi birinchi urush edi. Uning
girdobiga ko‘plab mamlakatlar tortilib ketdi.
O‘ttiz yillik urushning boshlanishidan oldin Germaniyada ichki kurash avj oldi.
XVII asr boshida kontrreformatsiyaning hujumi kuchayib bordi. Protestantlar
tomonidan erishgan mavqelarini birin - ketin yo‘qotib borishi nafaqat umumgerman,
balki xalqaro ta’sirga ega edi. Germaniyada diniy - siyosiy vaziyatning
keskinlashuvida Evropa davlatlari orasidagi murakkab o‘zarobog‘liklar va ziddiyatlar
katta rol o‘ynadi.
1608 - 1609 yillarda bu erda nemis knyazlarining, konfessional (diniy)
negizdagi, ikki harbiy - siyosiy ittifoqi yuzaga keldi - Evangeliya uniyasi (Injilchilar
60
ittifoqi) va Katolik ligasi. Ikkala ittifoq ham xorijiy davlatlarning ko‘magini oldi.
Natijada Germaniyadagi har qanday harbiy to‘qnashuv, davlatlar orasidagi
keskinlashgan munosabatlar sharoitida, xalqaro nizoga aylanib ketishi mumkin edi.
Aynan shunday holat O‘ttiz yillik urushning boshida ro‘y berd iva Germaniya harbiy
harakatlar maydoniga aylandi.
G‘arbiy Evropaning siyosiy hayotidagi asosiy to‘qnashuvi - bu Ispaniya va
Avstriya Gabsburglari ittifoqining Fransiya bilan qaytadan boshlanib ketgan kurashi
edi. Ikkala kuch ham qit’aning ushbu qismida ustivorlikga da’vogarlik qilardi.
Chexiyadagi lokal nizodan boshlangan urush Shimoliy Germaniyaga yoyildi,
keyinchalik esa Markaziy Evropaning ulkan hududlarini qamrab oldi. Evropa
mamlakatlarining muayyan manfaatlari urushning turli bosqichlarida ularning
qatnashuvini belgilab berdi. O‘ttiz yillik urush to‘rtta davrdan iborat: Chexiya davri
(1618 – 1629 yy.), Daniya davri (1625 – 1629 yy.), Shvedlar davri (1630 – 1635 yy.)
va Fransuz - shvedlar davri (1635 – 1648 yy.). Dastlabki uch davrda Gabsburglarning
qo‘li baland keldi. Oxirgisida esa imperiya va uning ittifoqchilari mag‘lub etildilar.
Kurashayotgan tomonlarning tinkasi quridi, asosiy harbiy harakatlar olib
borilgan Germaniyada aholi xonavayron etildi. Natijada armiyalarning ta’minotini
amalga oshirish imkonsiz bo‘lib qoldi. Qolaversa, urushayotgan mamlkatlarning
o‘zida ijtimoiy vaziyat keskinlashib bordi. Urushni to‘xtatish zaruriyati yuzaga keldi.
1638 yilning o‘zidayoq Rim papasi va Daniya qiroli urushni to‘xtatishga da’vat
etishdi. Ikki yildan so‘ng Regensburgdagi German reyxstagi tinchlik muzokaralarini
boshlash g‘oyasini qo‘llab - quvvatladi. Biroq, sulhni diplomatik tarzda tayyorlashga
kechroq kirishildi. Faqatgina 1644 yilda Myunsterda tinchlik kongressi ochildi; bu
erda imperator va Fransiya o‘rtasida muzokaralar olib borildi. 1645 yilda
Vestfaliyaning Osnabryuk shahrida esa shved - german munosabatlari muzokaralar
orqali muhokama qilindi.
1648 yilning 24 oktyabrida Myunster va Osnabryukda imzolangan tinchlik
shartnomalari nafaqat ushbu o‘ttiz yillikka, balki reformatsion kuchlari va ularning
raqiblari o‘rtasidagi qarama - qarshiligi davriga yakun yasadi. Vestfaliya sulhida
Evropada hududiy o‘zgarishlar masalalari hal etilgandi. Bundan tashqari, Germaniya
imperiyasining siyosiy tuzilishi, uning hududlaridagi din masalasi, Gollandiya va
Shveysariyaning mustaqilligini xalqaro huquq tomonidan tasdiqlanishi ham sulhida
o‘z aksini topdi. Tinchlik Evropa davlatlari tartibiga va Germaniyadagi vaziyatga
sezilarli o‘zgarishlarni kiritgan majburiy yon berishlar natijasida tuzildi.
Hududiy jihatdan hammadan ko‘proq Shvetsiya foyda ko‘rdi. Bundan tashqari,
Shvetsiya katta pul to‘lovini qo‘lga kiritdi va o‘zining xalqaro mavqeini oshirdi.
Shvetsiya Boltiqda hukmronlik qilish maqsadiga erishdi va Evropaning buyuk
davlatiga aylandi.
Fransiya ham o‘ziga kerakli siyosiy natijaga erishdi - Germaniya
imperiyasining siyosiy mavqei zaiflashdi va uning hududiy tarqoqligi saqlanib
qolindi. Hududlarga ega bo‘lish masalasida esa Fransiya imperiya hisobidan nisbatan
oz erlarni qo‘lga kiritdi.
Vestfaliya sulhi Germaniyaning siyosiy tarqoqligini ikki yuz yilga
mustahkamladi. Nemis knyazlari o‘zaro ittifoqlar va horijiy davlatlar bilan
61
shartnomalar tuzish huquqini qo‘lga kiritishdi. Bu esa ularning suverenligini
ta’minladi. Vestfaliya sulhidan so‘ng imperiyaning o‘zi, rasman saylanadigan monarx
va doimiy reyxstaglari mavjud davlatlar ittifoqi bo‘lib qolib, amalda “imperiya
mansabdorlarning” quramasiga aylandi. Katolitsizm va lyuteranlik bilan bir qatorda
kalvinizm ham imperiyada rasmiy din maqomini oldi. Vestfaliya sulhi natijasida
Ispaniya urushlarining bir qismini yakunladi xolos: Fransiyaga qarshi harbiy
harakatlar davom ettirildi. Ular orasidagi tinchlik faqatgina 1659 yilda tuzildi.
Gabsburglarning Evropadagi ustivorligiga Vestfaliya sulhi barham berdi.
Yagona xristian imperiyasini barpo etish g‘oyasi, hamda Ispaniyaning katolik
zo‘ravonligi puchga chiqdi. Shunday bo‘lsa ham, Avstriya imperiyasining o‘zi
urushda mag‘lubiyatga uchramadi, nemis knyazlari esa (ham katoliklari, ham
protestantlari) o‘zining to‘la suverenligida mustahkamlanishdi. Vestfaliya sulhi,
Evropada kuchlarning yangi nisbatini o‘rnatib, ikki yirik tarixiy davrning chegarasiga
aylandi.
XVII asrning o‘rtalari xalqaro va diplomatik munosabatlarda yangi davrni
ochib berdi. Hukmdorlarning sulolaviy manfaatlari, o‘zining davlatiga Yangi erlarni
qo‘shib olishga intilish XVII asrning ikkinchi yarmi - XVIII asrda xalqaro
munosabatlarga katta ta’sir ko‘rsatishni davom etardi. Shu bilan bir qatorda yangi
omil kuchayib bordi - dengiz orti mustamlakalari va dengiz yullarini egallash uchun
kurash; Evropada va undan tashqarida xom ashyo va mol chiqarib sotish bozorlari
orqasidan raqobat.
Ushbu omillarning jiddiy ta’siri ostida buyuk davlatlar o‘rtasidagi kuchlar
nisbati o‘zgardi. Markazlashgan monarxiyalari ilgariroq yuzaga kelgan davlatlar
XVII asrning ikkinchi yarmi - XVIII asrning birinchi yarmida etakchilik qilishdi.
Ushbu davlatlarda hukmron xonadonning sulolaviy manfaatlari nisbatan umumdavlat
manfaatlariga omili ustunlik qilgan. Iqtisodiyotning rivojlanish darajasi, armiya va
flotning ahvoli o‘ta muhim rol o‘ynardi.
XVII asrning ikkinchi yarmi - XVIII asrning boshida G‘arbiy Evropada
Fransiya etakchilik qilardi. Evropaning xalqaro xayotidagi yangi vaziyat Lyudovik
XIV hukmronligining boshlanishiga to‘g‘ri keldi. Fransiya tomonidan Evropada
ustivorlikka intilishi bir qator urushlarni keltirib chiqardi - ki, ularda Evropaning
ko‘plab davlatlari qatnashdi. Ular turli, lekin albatta Fransiyaga qarshi koalitsiyalarga
(ittifoqlarga) birlashishdi.
Fransiyaning Evropada tashqi siyosiy ustivorligining o‘rnatilishiga qator qulay
sharoitlar yordam berdi. Angliyada Styuartlarning tiklanishidan so‘ng (1660 y.) Karl
II va Yakov II muxolifat bilan kurashish uchun xorijdan, birinchi galda Lyudovik
XIV-dan, yordam izlashni boshladilar. Fransiya ingliz qirollariga doimiy tarzda pul
subsidiyalarini berardi. Shunday “moliyaviy diplomatiya” orqali Lyudovik XIV
Angliyani qit’adagi faol siyosatdan 30 yilga (1688 yildagi davlat to‘ntarilishigacha)
chetlatib qo‘ydi. O‘ttiz yillik urush Ispaniya va Avstriya Gabsburglarining an’anaviy
yakdilligini yo‘qqa chiqardi. Gabsburglarning ikkala sulolasi ham XVII asrning
ikkinchi yarmida jiddiy ichki qiyinchiliklarni boshidan kechirayotgan edi,
Avstriyaning esa Usmoniylar imperiyasi bilan munosabatlari yana keskinlashdi. XVII
asrning 60 - yillarida Usmoniylar imperiyasi Evropadagi egaliklarini kengaytirishga
62
va G‘arb tomon yanada uzoqroqqa siljishga, Bolqon ortiga o‘tishga urinishlarini
qaytadan boshladi.
Fransiya dastlabki ikki yirik urushini (1667 - 1668; 1672 – 1678 yy.) boy va
sanoati rivojlangan Ispan Niderlandlari uchun olib bordi. “Golland urushlari”
Lyudovik XIVga to‘la g‘alabani keltirmadi (ya’ni butun Ispan Niderlandlarining
bosib olinishi), ammo Aaxen (1668y.) va Nimvegen (1679y.) tinchlik
shartnomalariga ko‘ra Fransiya o‘z erlariga Janubiy Niderlandlarining qator
shaharlarini (Lill, Valansen, Kambre va boshq), hamda Muqaddas Rim
imperiyasining Fransh - Konte viloyatini qo‘shib oldi. Tinchlik imzolanganidan so‘ng
Lyudovik XIV, turklarning Venaga solgan Yangi tahdididan foydalanib, 1681 yilda
Elzas viloyatining markazi - Strasburg shahrini bosib oldi.
1684 yilda imperator Leopold I (1658 - 1705yy.) va Ispaniya qiroli Karl II
(1665 - 1700yy.) Regensburgda Lyudovik XIV bilan shartnoma imzolashdi. Unda 20
yil yarash ahdi ko‘zda tutilgandi va Fransiyaning hududiy istilolari tan olindi.
Fransiyaning muvaffaqiyatlari 1686 yilda, Vilgelm III Oranskiy tashabbuskori
bo‘lgan, Augsburg ligasi deb nomlangan mudofaa ittifoqining tashkil etilishiga sabab
bo‘ldi. Augsburg ligasi tarkibiga Gollandiya, Ispaniya, Shvetsiya, Savoyya, Avstriya,
ayrim nemis kurfyurstliklari va italyan davlatlari kirishdi. Ittifoqqa Rim papasi
Innokentiy XI xomiylik qildi. Angliyada 1688 yilda ro‘y bergan “Shonli inqilob”
natijasida Niderlandlar stautxauderining ingliz taxtiga o‘tirishi Angliyaning
koalitsiyaga qo‘shilish uchun imkon yaratdi.
1688 yilda Lyudovik XIV deyarli butun Evropaga qarshi o‘zining uchinchi
urushini boshladi. Harbiy harakatlar quruqlikda va dengizda olib borildi. Evropa
maydonlarida g‘alabalarga erishgan Fransiya ingliz flotidan mag‘lubiyatlarga
uchrardi. Urush 1697 yilda Risvik sulhining imzolanishi bilan yakunlandi. Hududiy
jihatdan deyarli urushdan oldingi holat tiklandi. Fransiya faqat Strasburgni va
imperiya bilan chegaradagi ayrim erlarni o‘zida saqlab qoldi. Fransiyaning eng katta
siyosiy yon berishi - Vilgelm III Oranskiyni ingliz qiroli sifatida tan olishi edi.
Risvik sulhidan uch yil o‘tgandan so‘ng Lyudovik XIV o‘zining to‘rtinchi,
oxirgi urushini - “ispan merosi”
1
uchun urushni (1701-1714yy.) boshladi. Ispaniya
taxtining bo‘shab qolganligi (ispan Gabsburglaridan bo‘lgan farzandsiz Karl II ning
1700 yilda vafotidan so‘ng) ushbu urushga bahona bo‘ldi.
Vilgelm III Oranskiy, imperator Leopold I, german knyazlarining ko‘pchiligi,
Bryunderburg kurfyursti (1701 yildan Prussiya qiroli), Portugaliya, Savoyya
Fransiyaga qarshi chiqishdi. Ispaniyadan tashqari, faqatgina Bavariya kurfyursti
(unga Ispan Niderlandlari va Pfals va’da qilingandi) va Kyoln arxiepiskopi Lyudovik
XIV ning ittifoqchilari bo‘lib qolishdi. Lyudovik XIV Fransiyaning an’anaviy
ittifoqchisi - Shvetsiyadan katta umidlari bor edi. Shvedlar o‘sha davrda Evropadagi
eng ilg‘or armiyaga ega edilar.
Ammo Shvetsiya Shimoliy urushda (1700 - 1721yy.) o‘ralashib qoldi va Fransiya
hech qanday yordam beraolmadi.
1
Ispan merosi” - bu Yangi Dunyodagi (Amerika) ulkan mustamlakachilik imperiyasi, hamda
ispan qirolining Evropada yoyilib ketgan erlari.
63
Harbiy harakatlar asosan Italiya, Ispaniya, Niderlandlar, hamda Germaniya va
Fransiyaning ular bilan chegaradosh hududlarida olib borildi. Fransiyani to‘la
mag‘lubiyatdan uning dushmanlari lageridagi kelishmovchiliklar va ularning ichki
qiyinchiliklari saqlab qoldi.
1713 yilda Utrexda tinchlik kongressi ochildi; unda Fransiya va Ispaniya, bir
tomondan va Angliya, Gollandiya, Brandenburg, Savoyya, hamda Portugaliya,
ikkinchi tomondan, tinchlik shartnomalariga imzo qo‘yishdi. Ispaniyaga uning
mustamlakalari qoldirildi, ammo Filipp V Burbon, o‘zida faqatgina ispan taxtini
saqlab qolib, Fransiya tojiga bo‘lgan da’volaridan voz kechdi. Ersgersog Karlga
(1711 yilda Karl VI nomi bilan Muqaddas Rim imperiyasining imperatori bo‘ldi)
ispan taxtidan voz kechganligi evaziga Ispan Niderlandlari (Belgiya) va Italiyadagi
barcha ispan erlari (Milan gersogligi, Neapolitan qirolligi, Sardiniya va boshq)
berildi. 1714 yilda Utrext shartnomasiga Avstriya ham qo‘shildi (1714 yildagi
Rashtatt shartnomasi). Angliya Pireneydagi Gibraltar qal’asini, Menorkadagi Maon
portini, fransuzlarning Shimoliy Amerikadagi sobiq hududlarini (Nyufaundlend oroli,
Kanadada avliyo Lavrentiy daryosining quyilish joyi), hamda ispan
mustamlakalarida alohida savdo huquqlarini, shu jumladan “asiento”ni (qullar bilan
savdo qilish huquqi), qo‘lga kiritdi.
Fransiya yirik tashqi siyosiy mag‘lubiyatga uchradi. Evropada Fransiyaning
ustivorligi davri yakunlandi.
XVII asrning ikkinchi yarmida Shvetsiya Shimoliy va Sharqiy Evropada
hukmronlik qilardi. Asrning birinchi yarmida Polsha Sharqiy Evropa masalalarida
etakchilik qilgan bo‘lsa, O‘ttiz yillik urushi yillarida esa ushbu rolni Shvetsiyaga
yaqqol berib qo‘ydi. Boltiq dengizida shvedlarning hukmronligi qo‘shni
mamlakatlarning manfaatlariga zid kelardi. XVII asrning oxirida (1698 - 1699 yy.)
rus podshosi Pyotr I (1682 - 1725 yy.), Polsha qiroli va Saksoniya kurfyursti Avgust
II Kuchli (1697 - 1733 yy.) va Daniya qiroli Fridrix IV (1699 - 1730 yy.) o‘rtasida
Shimoliy Ittifoq tuzildi. Keyinroq Prussiya ham unga qo‘shildi. 1700 yilning 3
iyunida Rossiya va Turkiya o‘rtasida tinchlik shartnomasining imzolanishi Pyotr I-ga
kuchlarni Shvetsiyaga qarshi kurash olib borish uchun mujassam etishga imkon berdi.
Ittifoqchi monarxlar armiyalari shvedlar qiroli Karl XII-ga (1697 - 1718 yy.) qarshi
harakatlar olib borishdi. Shimoliy urush boshlandi.
Urush uzoqqa cho‘zildi va omad u yoki bu tomonga o‘zgarib turdi. Urushning
dastlabki bosqichida Karl XII o‘zining mohirona va ildam harakatlari bilan rus
armiyasini Narva yonida (1700 y.) mag‘lub etdi va Daniya, Rech Pospolitaya va
Saksoniyani urushdan chiqarib tashlashga erishdi. Rossiya yakka o‘zi urushni davom
ettirishga majbur bo‘ldi. Biroq, Karl Saksoniyada yo‘qotgan vaqtdan Pyotr I rus
armiyasining jangovarligini mustahkamlash va Boltiq bo‘yida o‘rnashib olish uchun
maksimal tarzda foydalandi.
Rus armiyasining Poltava jangidagi (1709 y.) va yosh rus flotining Gangut
burnidagi (Xanko) (1714 y.) g‘alabalari urushning borishini batamom o‘zgartirib
yubordi va Shimoliy ittifoqning tiklanishiga ko‘mak berdi. Biroq, shvedlarga qarshi
koalitsiyani urushning oxirigacha saqlab qolishga imkon bo‘lmadi. Rossiyaning
ittifoqchilari, Shvetsiya bilan separat bitimlarini birin - ketin tuzib, urushdan chiqib
64
ketishdi. 1718 yilda Aland orollarida rus va shved vakillarining tinchlik kongressi
ochildi. Ammo Karl XII ning vafoti sababli kongress to‘xtatildi va urush davom
ettirildi.
1721 yilda Fransiyaning vositachiligida Nishtadt shartnomasi imzolandi.
Rossiya va Shvetsiya o‘rtasidagi Shimoliy urush tugadi. Ingermanlyandiya,
Estlyandiya, Liflyandiya, Janubi - G‘arbiy Kareliya Rossiyaning ixtiyoriga o‘tdi.
Rossiya Boltiq dengizi qirg‘oqlariga chiqdi.
Urush natijasida Shvetsiya buyuk davlat maqomini batamom yo‘qotdi. Rossiya
qit’aning Shimolida va Sharqida ustunlik mavqeiga ega bo‘ldi.
XVIII asrning o‘rtalarida Markaziy Evropada Avstriya va Prussiya o‘rtasida
raqobat avj oldi. Ushbu raqobat umumevropa ko‘lamidagi ikki urushga olib keldi -
“Avstriya merosi” uchun urushga (1740 - 1748 yy.) va Etti yillik urushga (1756 -
1763 yy.). Avstriya - Prussiya kurashiga Evropaning boshqa mamlakatlari aralashib
ketishdi. Ushbu urushlar davomida harbiy harakatlar nafaqat Evropada, balki
mustamlakalarda ham bo‘lib o‘tdi.
Imperator Karl VI ning 1740 yildagi vafoti “Avstriya merosi” uchun urushni
boshlanishiga xizmat qildi. 1713 yil Pragmatik sanksiyasiga ko‘ra (ayol naslidan
taxtga merosxo‘rlik qilish huquqi joriy etildi) taxtga imperatorning 23 - yoshlik qizi
Mariya Tereziya o‘tirdi. Ammo, o‘zlarining majburiyatlariga zid tarzda, Mariya
Tereziyaning huquqlariga nisbatan da’volarini nafaqat Prussiya va Fransiya, balki
Bavariya, Ispaniya, Savoyya ham bildiradi. Bavariya kurfyursti esa hattoki Avstriya
taxtiga da’vogarlik qildi. Urushni Sileziyani bosib olgan Prussiya boshladi. G‘arbdan
mamlakat hududlariga Karl Albert Bavarskiy o‘z qo‘shinlari bilan bostirib kirdi.
Gabsburglarning raqiblari uni Chexiya qiroli va Rim imperatori etib saylashdi (Karl
VII; 1742 - 1745yy).
Sileziyaning bosib olinishi Prussiyaga qarshi ittifoq tuzilishini tezlashtirdi.
Unga turli sharoitlar ostida va turli davrlarda Avstriya, Rossiya, Angliya,
Niderlandiya, Saksoniya va Sardiniya kirgandi. Aksincha, Fransiya va Ispaniya
Prussiya bilan ittifoq tuzishdi va German millatiga tegishli Muqaddas Rim
imperiyasining tojini egallashga qaratilgan Bavariya kurfyurstining intilishini qo‘llab
- quvvatlashdi.
Vengriyaning harbiy yordami tufayli Mariya Tereziya bavariyaliklarni tez
orada mag‘lub etishga va turmush o‘rtog‘i Frans Lotaringskiyga Muqaddas Rim
imperiyasi imperatori unvonini (Frans I; 1745 – 1765) qaytarishga muvaffaq bo‘ldi,
garchand Sileziya Fridrix II ning qo‘lida qolgan bo‘lsa ham. “Avstriya merosi» uchun
urushni yakunlab bergan Aaxen sulhiga (1748y.) ko‘ra Mariya Tereziya Parma va
Pyachensani ham yo‘qotdi. Lekin shu bilan bir qatorda Pragmatik sanksiyaning
Evropa tomonidan tan olinishiga erishdi. Fransiya Avstriyaga Niderlandlarda egallab
olgan erlarni, Angliyaga esa Hindistondagi Madrasni va Amerikadagi ayrim
hududlarni qaytarib berdi.
Urush natijalari uning qatnashchilarini qoniqtirmadi. Prussiyaning Evropada
buyuk davlatga aylanishi, Avstriyaning Sileziyani qaytarishga intilishi, hamda ingliz -
fransuz raqobatining keskinlashi yangi urushning kelib chiqishini muqarrar qilib
qo‘ydi. Buyuk davlatlar zo‘r berib ittifoqchilarni qidira boshlashdi. Natijada
65
“diplomatik inqilob” nomini olgan mamlakatlarning sezilarli qayta guruhlashishi ro‘y
berdi.
Angliya Prussiya bilan ittifoq tuzdi. Bunga javoban Rossiya, Avstriya va
Fransiya o‘zlarining koalitsiyasini barpo etishdi -ki, unga Shvetsiya va Saksoniya,
hamda Ispaniya (1761yilda) qo‘shildi.
Etti yillik urush (1756 - 1763yy.) Fridrix II ning Saksoniyaga hujumi
(“preventiv urushi”) bilan boshlandi. Evropada Fridrix II fratsuzlar va avstriyaliklarni
og‘ir mag‘lubiyatga uchratdi (Rosbax yonidagi jang; 1757y.). Biroq, rus armiyasining
urushga Kirishi Prussiyaning mag‘lub bo‘lishini muqarrar qilardi. Rus qo‘shinlari
sharqiy Prussiya va Pomeraniyani egallashdi, Gros-Egersdorf va Kunersdorfda yirik
g‘alabalarga erishib (1759y.), berlin shahrini vaqtinchalik qo‘lga kiritishdi (1760 -
1761y.). Faqat Elizaveta Petrovnaning vafoti va taxtga Pyotr III ning o‘tirishi
Prussiyani halokatdan saqlab qoldi. Fridrix II ning shaydosi bo‘lgan Pyotr III 1762
yilda nafaqat sulh tuzdi, balki Prussiyaning ittifoqchisiga aylandi.
“Mustamlakachilik maydonida” mutlaqo o‘zgacha manzara hosil bo‘ldi. Bu
erda Angliya Fransiya va Ispaniya ustidan to‘liq g‘alabaga erishdi. Inglizlar 1759
yilga kelib Kanadani va 1761 yilda Pondisherni (Hindistonda) egallashdi. 1763 yilda
Angliya, Fransiya va Ispaniya o‘rtasida imzolangan Parij tinchlik shartnomasi, hamda
Avstriya, Fransiya va Prussiya o‘rtasida imzolangan Gubertusburg shartnomasi
urushga yakun yasashdi. Prussiya va Rossiya o‘rtasidagi ittifoqchilik bitimi taxtga
Ekaterina II ning o‘tirishi bilanoq bekor qilindi (iyun 1762y.). Shartnomalarga ko‘ra,
Fransiya Kanadani va Shimoliy Amerikadagi boshqa erlarni yo‘qotdi. Bundan
tashqari, fransuzlar faqatgina beshta shaharni o‘zida saqlab qolgan holda,
Hindistondan ham voz kechishga majbur bo‘lishdi.
Ispaniya Floridani Angliyaga topshirganligi evaziga Fransiyadan G‘arbiy
Luizianani va tovon pulini oldi. Angliya Fransiyaga Sen - Per va Mikelon orollarini
topshirdi, ammo Menorkani qaytarib oldi. Avstriya Sileziyani batamom yo‘qotdi.
Prussiya esa Saksoniya kurfyurstiga uning erlarini qaytarib berdi.
Etti yillik urush xalqaro munosabatlar tartibida qandaydir tub o‘zgarishlarga
olib kelmadi. Rech Pospolitaya va Usmoniylar imperiyasining zaiflashuvi yangi
omilga aylanib bordi.
XVII asrning oxirigacha Usmoniylar imperiyasi Evropa uchun haqiqiy tahdid
sifatida gavdalanardi. Lekin, XVIII asrning boshida Usmoniylar imperiyasining
xalqaro munosabatlar tizimidagi mavqei tub tarzda o‘zgardi: mamlakat ichki
inqirozni va qo‘shni davlatlar bilan kurashdagi harbiy muvaffaqiyatsizliklarni
boshidan kechirdi. Ayniqsa, bu holat Rossiya bilan bo‘lgan to‘qnashuvlarda ko‘zga
tashlandi. Pyotr I ning Shimoliy urush davrida Turkiya bilan bo‘lgan kurashdagi
mag‘lubiyati (Prut bitimi; 1711y.) sultonlarning oxirigi harbiy g‘alabasi bo‘ldi.
Keyingi rus - turk urushlari (1735 - 1739; 1768 - 1774; 1787 - 1791) Turkiyaning
yirik harbiy - diplomatik mag‘lubiyatga olib keldi. Natijada imperiya Qora dengiz
bo‘yidagi shimoliy hududlarni (Janubiy Ukraina, Qrim, Shimoliy Kavkaz oldi)
yo‘qotdi, Rossiya esa iliq dengizlarga chiqishga ega bo‘ldi.
Shimoliy urush yakunlaganidan so‘ng va Rossiya Boltiq dengizi sohillariga
chiqqanidan keyin Fransiya va Angliya Turkiya, Rech Pospolitaya va Shvetsiyadan
66
iborat bo‘lagn “sharqiy to‘siqni” barpo etishni boshlashdi. Maqsad - Rossiyaning
xalqaro mavqeini pasaytirish edi. Ruhlantiruvchisi Fransiya bo‘lgan “sharqiy to‘siq”
tizimiga javoban Rossiya XVIII asrning 60 - yillarida “janubiy davlatlarga”
(Fransiya, Avstriya, Turkiya, Neapolitan qirolligi) qarshi yo‘naltirilgan “shimoliy
tizimni” (Prussiya va Daniya bilan harbiy ittifoqlar, Angliya bilan 1766 yildagi savdo
shartnomasi) barpo etdi.
Sharqiy masala bilan bir qatorda XVIII asrning 70 - 90chi yillarida xalqaro
munosabatlarda Polsha masalasi katta o‘rin egalladi. XVIII asrning o‘rtalariga kelib
Rech Pospolitaya hududiy jihatdan Evropaning eng yirik davlatlaridan biri bo‘lib
qolaverdi. Biroq, XVIII asrda mamlakat chuqur ichki inqirozni boshidan kechirardi.
Polyak erlariga Prussiya va Avstriya da’vogarlik qilardi, Rossiya esa g‘arbiy belorus
va ukrain erlarini o‘ziga qaytarmoqchi edi. Fransiyada ichki siyosiy inqiroz avj
olganligi, Angliya 70 - 80 chi yillarda Shimoliy Amerikadagi mustamlakalari bilan
olib bolgan urushda o‘ralashib qolganligi, hamda Usmoniylarning Evropaga tahdidi
bartaraf etilganligidan foydalanib Rossiya, Prussiya va Avstriya 1772, 1793 va 1795
yillardagi bo‘lib olishlardan so‘ng Rech Pospolitayaning erlarini o‘zaro bo‘lib olishdi
- polyaklar davlati Evropaning siyosiy xaritasidan o‘chirildi.
Shimoliy Amerikadagi ingliz mustamlakalarining o‘z mustaqilligi uchun
kurashi xalqaro maydondagi kuchlarning tartiblanishiga ma’lum o‘zgarishlar kiritdi.
Shimoliy Amerikada Mustaqillik uchun urush (1775 – 1783 yy.) va AQSHning
tashkil topishi Evropa davlatlarini jadal harakatlarga undadi. Fransiya 1778 yilda
Angliyaga urush e’lon qildi. Keyingi yilda unga Ispaniya qo‘shildi, 1782 yilda esa
Gollandiya ham Angliyaga urush e’lon qildi. Fransuzlarning eskadralari va
qo‘shinlari Amerikaga yuborildi. Fransuzlar inglizlarga qarshi harbiy operatsiyalarni
Hindistonda boshlashdi, ispanlar esa Gibraltarni qamal qilishdi. Angliya kuchlarini
yoyib yuborishga majbur edi, hamda dengizdagi ustunlikdan mahrum bo‘ldi.
Urushning natijasi ko‘p jihatdan shunga bog‘liq edi.
Rossiyaning munosabati ham AQSHga qulay keldi. 1780 yilda Rossiya
qurollangan betaraflikni e’lon qildi va o‘zining homiyligida qurollangan dengiz
betarafligi davlatlarining Ligasini (Rossiya, Shvetsiya, Daniya, Gollandiya, Prussiya,
Avstriya, Portugaliya, ikkala Sitsiliya qirolligi) tuzdi. Betaraflar Liganing barpo
etilishi Angliyaning xalqaro yakkalab qo‘yilishini yakunladi va “shimoliy tizim”ning
barbod bo‘lishini keltirib chiqardi.
Shimoliy Amerikadagi urush 1783 yilda Versal shartnomasining imzolanishi
bilan yakunlandi. Angliya AQSHning mustaqilligini tan oldi.
Shimoliy Amerikada urush tugaganidan so‘ng Angliya darhol “sharqiy to‘siq”
g‘oyasiga qaytadi. Prussiyaning ushbu tizimga kiritilishi (1786 yildagi Angliya -
Prussiya ittifoqi) yangilik sifatida ko‘riladi. Angliyaning Prussiya bilan
yaqinlashuviga javoban Rossiya Avstriya bilan ittifoq tuzdi (1781 - 1790). Inglizlar
esa ko‘plab subsidiyalar hisobiga shvedlar qiroli Gustav III-ni Rossiya bilan yangi
urush boshlashga (1788y) undashdi. Lekin bu urush ham Rossiyaning g‘alabasi bilan
yakunlandi. 1790 yilda imzolangan Varel sulhi Shimoliy urush natijalarini tasdiqladi.
XVIII asrning oxirgi o‘n yilligida xalqaro munosabatlar maydonida Fransuz
inqilobining boshlanishi bilan bog‘liq umumiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Fransiyaga
67
qarshi kurash Evropa davlatlari orasida yirik qayta guruhlanishni keltirib chiqardi.
Ular Fransiyaga qarshi ittifoqlar tuzishni boshlashdi. 1792 yildan (ushbu yilda
Fransiyaga qarshi birinchi koalitsiya tuzildi) xalqaro munosabatlarda yangi davr -
inqilobiy va Napoleon urushlari davri - boshlandi.
XVII - XVIII asrlar xalqaro munosabatlarning muhim yo‘sini sifatida
mustamlakachilik
masalasi
gavdalandi. “Eski”
mustamlakachi
davlatlari
hisoblanmish Ispaniya va Portugaliyaga qarshi Angliya va Gollandiya kabi “yosh”
davlatlar chiqishdi, Fransiya ham savdo - mustamlakachilik raqobatida faol
qatnashdi. Mustamlakalar uchun kurash Yangi Dunyoda (Amerika), Janubi - Sharqiy
Osiyoda, Hindistonda, G‘arbiy Afrikada bo‘lib o‘tdi.
Mustamlakalarning bosib olinishi va talanishi metropoliya mamlakatlarida
boyliklarning ulkan jamg‘arilishiga, manufaktura ishlab chiqarishning o‘sishiga
ko‘maklashdi.
Davlatlar xomiyligidagi monopol savdo kompaniyalarning faoliyati ushbu
davrning tavsifiy xususiyati edi. XVII - XVIII asrlardagi mustamlakachilik siyosati
Evropa davlatlari o‘rtasidagi shiddatli raqobat bilan ifodalanardi. Ushbu raqobat
ko‘plab harbiy to‘qnashuvlarga - mustamlakalarda va savdoda ustunlik qilish uchun
olib borilgan “savdo urushlari”- ga (ingliz - golland, fransuz - golland, ingliz -
fransuz urushlari va boshq) zamin yaratib berardi.
Savdo urushlari dunyoning turli chekkalarida olib borildi-ki, ular davomida har
bir mustamlakachi davlat mustamlakalar bilan savdoni monollashtirishga intildi.
Alohida mamlakatlarning mustamlakachilik imperiyalarini shakllantirishiga bir qator
omillar ta’sir etdi: metropoliya mamlakatining ijtimoiy - iqtisodiy qiyofasi, zabt
etilgan mamlakatlarda aholining zichligi va rivojlanish darajasi, sarmoyalarning
vujudga kelayotgan jahon bozori va boshq.
Do'stlaringiz bilan baham: |