Tashqi qiyofaga qarab nimalarni aniqlash mumkin?
Tashqi qiyofaga qarab nimalarni aytish mumkin? «Juda ko‘p narsani!» — deya javob beradi bu savolga fiziognomistlar. Soha mutaxassiclari nazarida yuz — ochiq kitob. Faqat uni o‘qish kerak.
Tashqi qiyofaga qarab nafaqat kishining sog‘lig‘i, balki fe’l-atvori, omadi, muvaffaqiyatga erishish yo‘li va ruhiy holatini ham o‘qish mumkinligini mutaxassislar allaqachon isbotlagan. Bosh shakli, peshona hajmi, ajinlar, qosh-ko‘z, burun tuzilishi, lablar — bularning barchasi biz haqimizda o‘zimiz bilgan-bilmagan narsalarni aytadi.
Cho‘zinchoq bosh, keng iyak yaxshi rivojlangan intellekt, sezgirlik va xarakterning og‘ir-vazminligini, mulohazakorlikni bildiradi. Bunday odam o‘z oldiga aniq bir maqsad qo‘yib, harakat qilishi bilan ajralib turadi. Shu xususiyati sabab tashkilotchilik qobiliyati ham yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Uchburchaksimon bosh sohibi keng peshonali bo‘ladi. Unda bir soha yo‘nalishi bo‘yicha iqtidorni payqash qiyin emas. Sog‘lom va tiniq fikrli bo‘lgani bois, intuitsiyalardan ko‘ra aqlga ko‘proq suyanadi. Atrofdagilar bilan til topishishga qiynalsa-da, muammolarni hal qilishga kelganda uning oldiga tushadigani yo‘q. Lekin bunday odam bilan sirdosh bo‘lish yaramaydi. Chunki sirni birovga oson oshkor qilib qo‘yadi.
Trapetsiyasimon bosh hissiyotlarga tez beriluvchan, ammo aqliy salohiyati yuqori, rol o‘ynashga moyillikdan darak. Amaliy masalalarni yechish unga qiyinchilik tug‘dirmaydi. Har doim biror natijaga erishishga harakat qiladi va jamiyatda hamisha o‘z o‘rniga ega bo‘ladi. Hayotdan mamnun yashab, atrofdagilar uchun ham yaxshi atmosfera hosil qila oladi. Bosh suyagi trapetsiya shaklida bo‘lgan odamda optimistik kayfiyat yetakchidir.
To‘rtburchaksimon bosh suyagi erkaklarga xos qat’iylik va biroz qattiqqo‘llikdan dalolat. Bunday odam, odatda, yaxshigina qaysar va matonatli bo‘ladi. Shu xususiyati tufayli ko‘p hollarda ko‘zlagan maqsadiga erishadi. Ba’zan qaysarlik qo‘pollik bilan ham almashib turadi. Uning eng katta o‘ziga xosligi va yutug‘i — keskinligi va dadilligida.
Dumaloq bosh sohibi ko‘ngli ochiq, yumshoq tabiatli, sulhparvarligi bilan ajralib turadi. Boshqalarga yordam berishga tayyorlik, manfaatni ko‘zlamay yaxshilik qilish, jasorat — unga xos. Ko‘pincha bunday odamlar ovqat shinavandasi bo‘ladi. Maishiy qulaylik, yaxshi davralarda bo‘lish uning uchun muhim. Qo‘lidan ko‘p narsa kelsa-da, mashhurlik va shon-shuhrat ketidan quvmaydi.
Endi bosh suyagining ayrim o‘ziga xosliklari haqida ham to‘xtalib o‘tsak.
Agar qarshingizda bosh shakli yumaloq, qanshari baland, yanoqlari oldinga turtib chiqqan, ko‘zlari yonib turuvchi odam bo‘lsa, ishonaveringki, u aniq bir maqsadga intiladigan, yetakchilik qobiliyati yuqori kishi.
Boshining tepa qismi kallaning boshqa sohalariga qaraganda yirikroq bo‘lsa, bunday kishida his-tuyg‘u yetakchilik qiladi. U qaror qabul qilayotganda tahlilga emas, ko‘proq ichki kechinmalarga suyanadi. Asosiy o‘ziga xosligi — ishga layoqati va tirishqoqligi.
Bosh va bo‘yinning joylashuvi, boshni tutib turish tarzi, harakati ham fiziognomistlar e’tiboridan chetda qolmagan. Tik va baland bosh o‘z qadrini bilishdan darak. Bunday odam mustaqil fikrga ega, hayotga optimistik ko‘z bilan qaraydi va imkoniyatlarini to‘g‘ri baholay oladi.
Biroz orqaga tashlangan bosh shuhratparastlikdan dalolat. Boshini bu tarzda tutib turuvchi odam o‘zi va atrofdagilar o‘rtasida masofa saqlashni xohlaydi. U kuchli iroda va qat’iylik xususiyatiga ega. O’z fikrida sobit turadi va birovning yo‘rig‘iga kamdan-kam yuradi.
Oldinga biroz egilgan bosh itoatkorlik, bo‘ysunishga tayyorlikni ko‘rsatadi. Ammo unutmaslik kerakki, boshning bunday holati fikr va g‘oyalar bilan bandlikdan ham bo‘lishi mumkin. Sharqda oldinga egilgan bosh rivojlangan intellektni bildiradi, deb hisoblanishi bejiz emas.
O’ngga egilgan bosh ochiqlik, xolislikni bildiradi. Boshini o‘ngga egishga moyil odamlar atrofdagilarga xolis yordam berishga tayyor. Chapga egilgan bosh esa qiziquvchanlik, istehzo, shubha va mug‘ombirlikdan darak.
|
|
Do'stlaringiz bilan baham: |