Kompaniya istiqbol rejasi “O’zbektelekom” aktsiyadorlik kompaniyasi respublikadagi yirik telekommunikatsiya operatori bo’lib, O’zbekiston Respublikasining barcha hududlarini o’z tarmog’i bilan qamrab olgan. O’zining zamonaviy texnologiyalari asosida barpo etilgan telekommunikatsiya tarmog’idan foydalanish orqali kompaniya turg’un va mobil, xalqaro va shaharlararo aloqa operatorlari hamda Internet provayderlari uchun kanallarni ijaraga berish, barcha xildagi tovushli aloqa va ma’lumotni uzatish xizmatlari, Internet tarmog’i, videkonferentsaloqa, CDMA standarti asosidagi mobil aloqa kabi xizmatlarini ko’rsatib kelmoqda. Undan tashqari, televidenie va radio eshittirish dasturlarini uzatish uchun kanallarni tashkil etib boradi. Kompaniya hukumat idoralari va muassasalariga telekommunikatsiya xizmatlarini etkazuvchi etakchi kompaniya sirasidan o’rin olgan. “O’zbektelekom” aktsiyadorlik kompaniyasi doimo xalqaro aloqa tashkilotlari bilan o’zaro faoliyat olib boradi, xalqaro telekommunikatsiya loyihalarida ishtirok etadi, telekommunikatsiya qurilmalarini ishlab chiqaruvchi xorij operator va kompaniyalari bilan ikki tomonlama hamkorlik faoliyatlarini amalga oshirib boradi. “O’zbektelekom” AK Xalqaro elektroaloqa ittifoqi (XEI), Aloqa sohasidagi hududiy hamdo’stlik (ASHH), “Intelsat” yo’ldoshli aloqa va boshqa qator tashkilotlar bilan faol hamkorlik rishtalarini yo’lga qo’ygan, TOE (Trans – Osiyo – Evropa optik tolali aloqa magistrali) qo’mitasining boshqaruv a’zosi hisoblanadi, ASHH operatorlar Kengashi qatnashchisidir. Kompaniya tarkibida 14 ta hududiy va 5 ta ixtisoslashgan filiallar va ikkita sho’’ba korxonalari faoliyat ko’rsatib kelmoqda. “O’zbektelekom” AK mobil va turg’un aloqa, xalqaro va shaharlararo hamda ma’lumotni uzatish va Internet xizmatlarini ko’rsatuvchi qator qo’shma korxonalarda o’z ulushiga ega. Kompaniyaning mahalliy telekommunikatsiya tarmog’ida sig’imi 2 mln. dan ortiq raqamli, 2 mingdan ziyod telefon stantsiyalari ishlayotgan bo’lib, ularning 93,6 foizi zamonaviy, ya’ni raqamli telefon stantsiyalardan iboratdir.Kompaniyaning transport tarmog’i ko’p qatlamli tarmoq boshqaruvchi zamonaviy SDH tarmoq texnologiyasini qo’llagan holda optik tolali va radiorele liniyalari asosida barpo etilgan. Ko’rsatilayotgan yangi turdagi xizmatlar sifatini yaxshilash hamda xizmat turlarini oshirish maqsadida STM-1/4/16/64, DWDM va IP/MPLS rusumdagi yuqori tezlikdagi uzatuvchi tizimlarga bosqichma-bosqich o’tib borilmoqda. “O’zbektelekom” aktsiyadorlik kompaniyasi so’nggi yillarda o’zining telekommunikatsiya tarmoqlarini izchillik bilan modernizatsiyalash ustida qator ishlarni amalga oshirdi. Yangi turdosh aloqa xizmatlarini joriy etmoqda. Shuningdek asosiy e’tiborni ma’lumotni uzatish, Internet tarmog’idan foydalanish va IP-telefoniya hamda mobil aloqa singari zamonaviy xizmatlarni taqdim etish yo’lida, istiqbolli rejalarni shakllantirish, qolaversa umuman o’zgacha yondoshuvlar sari intilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |