13.3. Listochkali qirqma cho’ntaklarni tikish. Listochkali tepa cho’ntaklarni tikish.
Pidjak, jaket kabi kiyimlarning tepa cho’ntak listochkalariga astar qo’yib, astar listochkaning yuqori ziyiga kengligi 0,5 sm ag’darma chok solib ulanadi. Bu chok baxyaqator listochkaning ikkala uchigacha 0,7 – 1 sm yetmasligi kerak. Listochka uchlarini andazada belgilab olib, 0,7 sm kenglikda bukib dazmollanadi. Listochka uchi burchaklaridagi ortiqcha material kesib tashlanadi. Listochka avrasidan uning butun uzunasi bo’ylab 0,2 sm kenglikda kant qilib, ustki ziyini qayirib dazmollanadi.
Yupqa jun kiyimlarning listochkasi yelim uqa, kolenkor yoki flizelin tipidagi noto’qima gazlamadan qotirma qo’yib tikiladi. Shuningdek, cho’ntak xaltaning o’zi listochkaning qotirmasi vazifasini o’tashi mumkin. Bunda cho’ntak xaltaga listochka astarining ostki ziyini 0,7 sm kenglikda bukib va ustki qirqimini cho’ntak xalta qirqimidan 0,3 sm yuqoriroq chiqarib, bukilgan ziydan 0,1 sm narida bostirma chok bilan tikiladi. Astar bilan cho’ntak xalta yon tomonlari listochkaning tayyor bo’lgandagi kengligi darajasida qirqiladi.
Ko’rinma 0,7 sm kenglikda chok bilan cho’ntak xaltaga ulanadi. Choklar cho’ntak xalta tomonga qayrilib to’grilanadi.
Listochka bilan astarning o’ng tomoni ichkariga qilib juftlanadi va burchak joylarida avradan 0,2-0,3 sm solqi hosil qilib, astar tomondan listochka uchlariga 0,2 sm dan yetkazmay, kengligi 0,5 sm ag’darma chok bilan tikiladi. Burchak joylarida 0,2-0,3 sm chok qoldirib ortiqchasi qirqib tashlanadi. Listochka o’ngga ag’dariladi. Burchaklarini to’q’rirlab, qolipda dazmollanadi yoki avrasidan 0,2 sm kenglikda kant hosil qilib ko’klanadi va dazmollanadi.
Listochkaning teskarisida ulash chizig’i belgilanadi. Old bo’lakning teskarisiga bo’ylama qo’yiladi. O’ngi tomondan esa listochka astarini ko’tarib turib, old bo’lak bilan listochkadagi belgi chiziqlarning guli yoki yo’llarini bir-biriga to’g’rilab, listochka old bo’lakka ulanadi. Listochka ulangan chok listochka bukilgan ziylari qirqimi bo’ylab baxyaqatorga 0,1 sm yetkazmay kesiladi. Kesimlar orasidagi chokni listochka tomonga qayirib, ustiga cho’ntak xalta bilan astarni tushiriladi va ularni old bo’lakka listochka ulangan chiziqdan 0,1-0,2 sm narida tikiladi. Ko’rinma 0,7 sm kenglikda chok solib old bo’lakka ulanadi. Bu chokning baxyaqatori listochka old bo’lakka ulangan baxyaqatorga bort tomondan 0,5 sm yetkazilmaydi, o’miz tomonda esa undan 0,2 sm uzaytirib tikiladi.
Baxyaqatorlar orasida old bo’lak qopqoqli cho’ntaklar tikishdagi kabi qirqiladi. Cho’ntak xalta old tomon teskarisiga ag’darib ,o’tkazib to’grilanadi. Ko’rinma old bo’lakka ulangan chok yorib dazmollanadi.
Listochkani to’grilanadi. Old bo’lak bilan listochka gullari yoki yo’llarini, listochka ustki ziyi bo’ylab bir-biriga to’q’rirlab, listochka old bo’lakka maxsus mashinada yoki qo’lda ko’klanadi. Listochka uchlari o’ngi tomondan qo’lda uzunligi 0,2-0,3 sm yashirin qaviq solinib, burchaklari 3-4 ta qaviq bilan puxtalanib old bo’lakka tikiladi. Listochka uchlaridan 0,4-0,5 sm narida astar tomondan 2- yashirin qaviq solinadi.
Listochka uchlarini modelga muvofiq bostirma chok bilan mahkamlasa ham bo’ladi.Cho’ntak xalta kengligi1 sm chok solib biriktirib tikiladi. Cho’ntak bitgandan keyin, uni dazmol yoki pressda dazmollanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |