O`zbekistonning qazilma boyliklari va ulardan foydalanish
O`zbekiston respublikasining zamini juda katta miqdordagi turli-tuman qazilma boyliklarga ega. Bu zaminda Mendeleyev davriy sistemasining deyarli barcha elementlari topilgan. Respublika hududida hozirgacha 2700 dan ziyod foydali qazilma konlari va ular namoyon bo`lgan joylar aniqlangan. Aniqlangan bu konlarda 100 ga yaqin xom ashyo turlari mavjud bo`lib, ularning umumiy miqdori 3,3 trillion AQSH dollarga baholanadi. Fakatgina neft va gaz zahiralarining qiymati 1 trillion dollarga teng. Aniqlangan konlardan 900 tasi topilgan va o`rganilgan bo`lib, ulardagi zahiralar qiymati 970 mlrd. dollarga teng. Hozirgi kunda respublikada foydalanayotgan konlar soni 400 ga yaqin. Har yili bu konlardan 5,5 mlrd. dollarlik qazilma boyliklar olinmoqda va qo`shimcha 6-7 mlrd. dollarlik yangi zahiralar topilmoqda.
O`zbekiston yoqilg`i-energetika zahiralariga boy o`lka. Unda qidirib topilgan tabiiy gaz zahiralari 2 trillion m. kub atrofida. Bu gaz zahiralari respublikani 35 yil gaz bilan ta'minlashga yetadi. Faqatgina Ko`kdumaloq konlaridagi gazning zahirasi 144 mlrd m. kubga yaqin, ulardagi neft 54,2 mln tonnagaz kondensati esa 67,4 mln.tonnaga teng. Hozirgi paytda foydalanayotgan neft konlarining soni 160 dan ortiq bo`lib, ularning zahiralari 30 yilga yetadi. Birgina 1985-1994 yillar ichida 38 ta yangi neft va gaz koni ishga tushirildi. Bulardan tashqari neft, gaz va gaz kondesati bo`yicha yana 155 ta istiqbolli konlar ham aniqlangan. Tekshirishlar ko`rsatishicha respublika zaminining qariyb 60% da yer osti neft va gaz qatlamlari bor. Bu qatlamlar asosan 5 ta mintaqada joylashgan. Bular: Ustyurt, Buxoro-Xiva, Janubiy-G`arbiy Xisor, Surxandaryo va Farg`ona mintaqalaridir. Respublikada olinayotgan jami neftning 90% dan ortigi arzon ya'ni favvoralar usulida olinmoqda. Hozircha respublika hududida aniqlangan neft zahiralarining fakat 32% o`zlashtirildi, xolos. Bu ko`rsatgich turkmanistonda 61%, Tojikistonda 60% va Qirg`izistonda 41% ni tashkil qiladi. Tabiiy gaz zahiralarini o`zlashtirishda ham ahvol shunga o`xshash.
Ko`mirning umumiy zahirasi 2 mlrd tonna bo`lib, ko`mir zahirasi salmogi bo`yicha respublikamiz markaziy osiyoda ikkinchi o`rinda turadi. Ko`mir Angren, Shargun va Boysun konlaridan qazib olinadi. bu konlardan ko`mir bilan birgalikda qimmatbaho minerallar-kaolin, ohaktosh va kvartsli qum ham olinadi. Kaolindan glinozem, ya'nialyuminiy oksidi va alyuminiy, o`tga chidamli materiallar, keramik qoplamalar, metlax plitkalari, chinni, fayans, oq va boshqa rangli tsement, o`tga chidamli g`isht kabi materiallar olinadi.
O`zbekiston zaminida qimmatbaho metallarning katta zahiralari mavjud. Uning hududida 32 turdagi qimmatbaho rangli metallar topilgan bo`lib. Hozirgi paytda ular 33 ta kondan qazib olinmoqda.
Oltin zahiralari bo`yicha O`zbekiston dunyoda to`rtinchi o`rinda, uning qazib olinishi bo`yicha esa yettinchi o`rinda turadi. Oltinning asosiy zahirasi Markaziy qizilqumda joylashgan. Hozirgi kunda oltin 7 ta kondan olinmoqda. Muruntov koni dunyodagi konining topilishi Xalqaro geologiya jamoatchiligi tomonidan yigirmanchi asrning ikkinchi yarmida oltin sohasida qilingan eng katta kashfiyot deb e'tirof qilindi. Bu yerda affinaj ya'ni eng sof metall olish jarayoning zamonaviy texnologiyasi joriy etilgan va kon oltinining sifati yuqori bo`lgani uchun ham oliy tovar ko`rinishiga ega bo`lgan, soflik darajasi «to`rtta to`qqiz»ga teng asl oltin olinmoqda. Hozirgi paytda Muruntov konidan olib ishlatilgan va ko`p yillardan beri otvalga chiqarib tashlangan ruda tuprog`i Amerikaning «Nyumont Mayning Korporeyshn» kompaniyasi ishtirokida qayta ishlanib, tarkibidagi qolgan oltin ham ajratib olinmoqda. Oltin shuningdek Qizilqum hududidagi Ajibugut, Bulutkon, Balpantov, Aristontov va Turboy konlarida ham bor. Bu konlarni o`rganish davom etmoqda. Keyingi vaqtlarda oltin Toshkent va Samarkand viloyatlari hududida ham topildi.
Kumush konlari Navoiy viloyatining Visokovoltnoye, Ukjetpes va Kosmonachi hududlarida hamda Namangan viloyatining oqtepa hududida mavjud.
O`zbekistonda qimmatbaho metallar qatori uran konlari ham mavjud. Topilgan uran zahiralari bo`yicha respublika dunyoda 7-8 o`rinlarda turadi. Uranning topilgan zahirasi uni 50-60 yil qazib olishga yetadi. Uran bilan yo`l-yo`lakay reniy, skandiy, lantanoidlar va boshqa nodir metallar ham qazib olinadi.
Rangli metallardan O`zbekistonda mis, qo`rg`oshin, rux, volfram va shu guruhga kiruvchi boshqa metallarning zahiralari aniklangan. Bu zahiralarning asosiy qismi olmaliq ruda maydoniga jamlangan. Qidirib topilgan mis zahirasi bo`yicha respublika dunyoda 10-11 o`rinlarda turadi. Hozirgi sur'atda qazib olganda mis 40-50 yilga, rux va qo`rg`oshin 100 yilga yetadi.
Mis rudasi bilan yo`l-yo`lakay oltin, kumush. Molibden, kadmiy. Indiy, tellur, selen, reniy, kobalt, nikel, osmiy kabi 15 dan ortiq turdagi qimmatbaho va noyob rangli metallar qazib olinmoqda. Istiqbolli dalneye mis konida mis, molibden, oltin, kumush, reniy, tellur, selen va oltingugurtning katta zahiralari mavjud.
Mis konlari orasida hozir ishlatilayotgan Kalmaxir koni alohida e'tiborga sazovor. Bu kon mis-molibden rudalarini qazib olish bo`yicha dunyodagi barcha konlardan ustun turadi. Uning rudasini O`zbekistondagi eng yirik korxonalardan hisoblangan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati qayta ishlamoqda. Bundan tashqari hozirgi kunda istiqbolli Dalneye mis koni ham topilgan bo`lib, unda mis, molibden, oltin, kumush, reniy, tellur, selen va oltingugurtning katta zahiralari mavjud.
Qo`rg`oshin-rux asosan Jizzax viloyatidagi Uchquloch va Surxondaryodagi Xondiza konlarida jamlangan. Xondiza konida shuningdek ko`pgina yo`ldosh xom ashyolar – mis, kumush, kadmiy, selen, oltin va indiy ham bor.
Selen va tellurdan asosan yarim o`tkazgichlar, quyosh batareyalari, termogeneratorlar, po`lat va shishaning maxsus navlarini ishlab chiqarishda, reniydan aviatsiya va kosmik texnika uchun o`tga chidamli qotishmalar, elektron uskunalar va neftni parchalash uchun katalizatorlar ishlab chiqarishda foydalaniladi.
O`zbekiston hududida 20 ta marmar, 15 ta granit va gabbro konlari topilgan. Oqdan qora ranggacha xilma-xil bezakbop toshlar olinadigan bu konlar Yevroosiyodagi eng yirik konlar hisoblanadi. Qoplama toshlarning umumiy zahiralari 85 mln. m. kubdan oshib ketadigan bu konlar toshni qayta ishlaydigan korxonalarni yuzlab yillar davomida xom ashyo bilan ta'minlaydi. Bu jihatdan O`zbekiston MDH mamlakatlari orasida yetakchi o`rinni egallaydi. Ayni vaqtda G`ozg`on, Nurota va Zarband konlarida marmar bloklarini zamonaviy texnologiya asosida qazib olish yo`lga qo`yilgan.
O`zbekistonda topilgan Jeroy-Sardara konidagi fosforitlar zahirasi taxminan 100 mln. tonnaga teng. Bularni qayta ishlash uchun hozir Qizilqum fosforit kombinati ko`rilmoqda. Bundan tashqari Markaziy Qizilqumning Qoraxat va Shimoliy Jetitov fosforit konlarida juda katta miqdorda xom ashyo mavjudligi aniqlandi. Bu zahiralarining xo`jalik oborotiga jalb qilinishi respublikada juda ko`p miqdorda fosfat o`gitlari ishlab chiqarish imkonini beradi. Keyingi paytlarda Toshkent viloyatining Qayrag`ochsoy hududida topilgan barit koni ham diqqatga sazovor. Bu konning o`zlashtirilishi chuqur quduqlarni parmalashda foydalaniladigan va hozirgacha chetdan sotib olinayotgan baritni o`zimizdan olib ishlatish imkoniyatini beradi.
Aytilganlardan tashqari O`zbekistonda juda katta tuz konlari mavjud. Qashqadaryodagi tubakat va Surxondaryodagi Xo`jaikon kaliy tuzlari konida respublikamiz hayoti uchun hali 100 yildan ko`pga yetadigan xom ashyo mavjud.
Aniqlagan 5 ta tosh tuzi Koni-Xo`jaikon, Tubakat, Borsakelmas, Boybichakon va Oqkal'a konlarida taxminan 90 mlrd. tonna xom ashyo bor. Qo`ng`irotda kimyoviy usulda kaltsiy va kaustik soda ishlab chiqaradigan zavod qurilishidan Borsakelmas konining tuzlarini qayta ishlash ko`zda tutilmoqda.
Bulardan tashqari respublika hududida 32 ta ma'danli shifobaxsh suv konlari aniqlangan bo`lib, shulardan 12 tasi bazasida shifoxona va kurortlar qurilgan, 9 tasidan olinayotgan suv zavodda qadoqlanmoqda.
O`zbekiston yer osti qazilma boyliklariga boy mamlakat bo`lgani holda bu boyliklardan unumli foydalanish va atrof muhitning sofligini saqlash hozircha talab darajasida emas. Shu kunda respublikada 16 ta tog`-kon korxonalari ishlab turibdi. Ulardan xar yili chiqayotgan 60 mln. tonnagacha chiqindilarni saqlashga 10 ming gektar yer ketmoqda. Buning ustiga otvalga tashlangan kon chiqindilari biosferani ifloslamoqda. Aniqlanishicha shamolning tezligi sekundiga 5 metr bo`lganida 1 kv. metr maydondan sutkasiga 70 kg. chang zarralari havoga ko`tariladi.
Respublikadagi minerallarniing barcha konlari ochiq-karyer usulida ishlatilmoqda. Ularni har bir portlatishda havoga 250 tonnagacha chang hamda 10 ming m. kubgacha zararli gazlar chiqadi va shamol yo`nalishi bo`ylab 10-15 km. masofagacha tarqaladi. Chang tarqalishi ayniqsa marmar va granit konlaridagi toshlarni kesishda juda ko`p bo`ladi.
Masalaning yana bir kamchilik tomoni tog`-kon ishlarida yo`l qo`yilayotgan nobudgarchilikda. Shargun ko`mir konidan olinayotgan xom ashyoning 25% tog` jinslariga aralashib atrof muhitga chiqib ketadi. Angren ko`mir konidan chiqadigan kaolinning 10-15% ishlab chiqarishga yo`naltirilib, qolgan qismi tog` jinslariga aralashib chiqarib tashlanmoqda. Bunday holdan ham iqtisodiyot ham tabiiy muhit zarar ko`rmoqda.
Tog`-kon ishlarida dunyoning ilgor texnologiyalarini qo`llash, katta hajmdagi investitsiyalarni kiritib, qo`shma korxonalar barpo etish, rudalarni ishlab chiqarishga to`liq jalb etib, ulardagi yo`ldosh minerallarni ham ajratib olish va shu asnoda ham iqtisodni yuksaltirish va ham chiqindilarni kamaytirish rejalari tuzilmoqda. Bu ishlar juda katta kuch, mablag` va vaqtni talab qiladi. Hozirgi vaqtda bu yo`lga ilk qadamlar qo`yilib, oltin olish bo`yicha Britaniyaning «Oksis Mayning» kompaniyasi, qo`rg`oshin, rux va oltin olish bo`yicha «Omontaytov-Fred» kompaniyalari ish boshladi. Tuzilayotgan rejalar va bajarilayotgan ishlar, shubhasiz, O`zbekistonni kelajakda rivojlangan mamlakatlar darajasiga ko`tarish o`zbek xalqining faravon turmushini ta'minlashga poydevor bo`ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |