bosqich demokratik islohotlar va mamlakatni modernizatsiyalash jarayonini yanada
O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirish, davlat
va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish,
mamlakatimizni modernizatsiya qilish hamda hayotning barcha sohalarini
liberallashtirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish maqsadida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev tomonidan olib borilayotgan
izchil islohotlar, qabul qilingan Xarakatlar strategiyasi va boshqa davlat dasturlarini
amalga oshirish borasida olib borilayotgan chuqur islohotlar natijalarini o‘rganishga
qaratilgan. Ushbu bosqich davlat hokimiyati va boshqaruvini yanada
demokratlashtirish, xalq davlat uchun emas, davlat idoralari xalq uchun xizmat
qilishi kerak tamoyilining ilgari surilishi, xalq bilan muloqot tizimini yo‘lga
qo‘yilishi, sud-huquq tizimi, axborotlashtirish sohasini isloh etish, so‘z erkinligini
ta’minlash, saylov qonunchiligini takomillashtirish, iqtisodiyotni liberallashtirishga
va demokratik bozor islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilganligi bilan
xarakterlanadi.
Mustaqillik yillarida tarixiy voqealarni o‘rganish qanday ilmiy-nazariy
metodologik asoslarga tayanishining ahamiyati juda katta. Sho‘rolar hokimiyati
davrida tarixni o‘qitish va o‘rganish ishlari marksistik metodologiyaga
bo‘ysundirilgan edi. Har qanday voqeani yoritishga komfirqa mafkuraviyligi,
partiyaviylik, sinfiylik nuqtai nazaridan yondoshildi. Oqibatda ko‘pgina tarixiy
voqea-hodisalar soxtalashtirildi, o‘tmish qoralandi, ma’naviy merosimiz, milliy
qadriyatlarimiz haqoratlandi. Bu borada mamlakatda hukmron bo‘lgan totalitar
tuzumning salbiy roli katta bo‘ldi. Tarix totalitar tuzum xizmatkoriga, targ‘ibotchi
va himoyachisiga aylantirilgan edi.
Kishilik jamiyatining tarixiy voqea, hodisalarni o‘rganishning muhim
nazariy-metodologik asoslaridan biri jamiyat taraqqiyoti qonunlarini ochib beruvchi
dialektik metoddir. Inson hayoti, jamiyat taraqqiyoti dialektik jarayondir. Dialektika
olam yagona va yaxlit, unda sodir bo‘ladigan hodisalar, voqealar umumiy va o‘zaro
bog‘lanishda, uzluksiz harakatda, ziddiyatli taraqqiyotda bo‘ladi, deb ta’lim beradi.
Dialektik metodologiya har qanday mamlakat tarixini jahon xalqlari tarixi bilan
bog‘liq holda o‘rganishni taqozo etadi. Negaki har bir xalq, davlat tarixda milliylik,
o‘ziga xos betakror xususiyatlari bilan birga jahon tarixi, butun insoniyat taraqqiyoti
bilan umumiy bog‘lanishdadir. Shundan kelib chiqib O‘zbekistonning eng yangi
tarixini dunyoda sodir bo‘layotgan voqea va hodisalarga bog‘lab o‘rganish muhim
ahamiyatga ega.
“Ma’naviyatini tiklashi, tug‘ilib o‘sgan yurtida o‘zini boshqalardan kam
sezmay boshini baland ko‘tarib yurishi uchun insonga, albatta, tarixiy xotira kerak.
Tarixiy xotirasi bor inson irodali inson. Kim bo‘lishidan qat’iy nazar, jamiyatning
har bir a’zosi o‘z o‘tmishini yaxshi bilsa, bunday insonlarni yo‘ldan urish, har xil
aqidalar ta’siriga olish mumkin emas. Tarix saboqlari insonni xushyorlikka
o‘rgatadi, irodasini mustahkamlaydi”. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti
I.Karimovning bu so‘zlari komil insonni tarbiyalashda Vatan tarixini xolisona va
haqqoniy o‘rganish naqadar muhim ekanligining dalilidir.
Darhaqiqat, tarix xotirasi inson taraqqiyotiga kuchli ta’sir o‘tkazadi, milliy
g‘oyaning shakllanishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Milliy ong, milliy
tafakkur xalq tarixi, uning rivojlanish bosqichlarini nechog‘li o‘rganish, undan
saboq chiqarish bilan bog‘liq. Ulug‘ allomalar aytganidek, tarix insonni istiqbolga
da’vat etadi, ulkan yaratuvchilikni rag‘batlantiradi. Zotan, uning ulug‘ murabbiylik,
tarbiyachilik, yo‘naltiruvchilik qudrati ham xuddi ana shunda.
Har tomonlama yetuk, komil insonni tarbiyalashda O‘zbekiston tarixi,
xususan uning eng yangi davrinining o‘rni kattadir. Bugungi kunda xalqning,
ayniqsa, yoshlarning ma’naviy ruhini mustahkamlash va rivojlantirish borasidagi
ishlar davlatning oldida turgan muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Ma’naviyat, ma’naviy barkamollik shundaygina kishi ruhiga kirib qolmaydi. Unga
har kuni va har soatda tinmay mehnat qilish orqali yetishish mumkin. Bu xayrli ishda
O‘zbekiston tarixining mustaqillik davrini o‘rganishning ham o‘rni beqiyosdir.
Milliy qadriyat, ma’naviyat, madaniyat umumbashariy qadriyat, ma’naviyat va
madaniyatining sarchashmasidir. Ana shu sarchashma ma’lum makonda, ya’ni
Vatanda vujudga keladi. Shunday ekan, milliy qadriyat va madaniyat bevosita
vatanparvarlik bilan uzviy aloqadorlikdadir.
Tarixiy voqea, hodisalarni o‘rganish, tahlil etish va yoritishda xolisona,
haqqoniy, adolatli yondashuv muhim metodologik qoidadir. Xolislik qoidasi tarixiy
voqea, hodisalarni o‘rganayotganda ular bilan bog‘liq bo‘lgan barcha faktlarning,
hech bir istisnosiz, butun majmuini birga olib tekshirishni, aniq, haqqoniy dalillarga
asoslanishini talab qiladi. Tarixiy hodisalarni bir butun holda o‘zaro aloqada va
munosabatda deb tekshirish lozim.
Tarixni o‘rganishda tarixiylik metodologiyasi muhim ahamiyatga ega.
Tarixiylik qoidasi voqea, hodisalarni o‘z davrining aniq tarixiy sharoitidan kelib
chiqqan holda o‘rganishni taqozo etadi.
Voqea, hodisalarni o‘rganishda tarixiy bog‘lanish, tarixiy rivojlanish
jarayoniga e’tibor qilmoq zarur. Har bir voqea, hodisani boshqa voqealar, hodisalar
bilan bog‘lab o‘rgangandagina mazkur voqea-hodisaning umumiy tarixiy
jarayondagi o‘rnini to‘g‘ri aniqlash, belgilash mumkin bo‘ladi. Har bir voqea,
hodisaga umumiy tarixiy jarayonning bir qismi, bo‘lagi deb qaramoq zarur. Har bir
hodisa qanday tarixiy sharoitda, muhitda paydo bo‘lganligini, bu hodisa o‘z
taraqqiyotida qanday asosiy bosqichlarni o‘tganligini, keyinchalik u qanday bo‘lib
qolganligini bilish tarixiylik qoidasining asosiy talabidir. Masalan, ibtidoiy davrda
ayrim qabilalarda odamxo‘rlik bo‘lgan, bu bugungi kun nazaridan baho bersak,
vahshiylik, lekin o‘sha davr sharoitidan kelib chiqib baho bersak, bu zaruriyat
(ilojsizlikdan qilingan harakat) dir.
Do'stlaringiz bilan baham: