Siz – Xorazmiylar, Farg‘oniylar, Beruniy va Ibn Sinolar, Ulug‘bek, Navoiy va Boburlar, Buxoriylar va Termiziylar avlodisiz. Ana shunday buyuk vatandoshlarimiz yaratgan bebaho bilim va kashfiyotlar bugun ham insoniyatga beqiyos xizmat qilmoqda.
Bu o‘rinda, qomusiy olim Muhammad Xorazmiy asos solgan ilm – “algoritm”ni eslashning o‘zi kifoya. Bu ulug‘ zotning ulkan xizmatlarini butun bashariyat hanuzgacha minnatdorlik bilan eslamoqda. Uning olamshumul kashfiyotlari bugungi axborot texnologiyalarini yaratishda ham mustahkam asos bo‘lmoqda.
Kuni kecha Ispaniyaning Madrid shahridagi Komplutense universitetida alloma bobomizning haykali o‘rnatildi. 500 yillik tarixga ega bu nufuzli universitet mamlakatda birinchi o‘rinda turadigan oliygoh hisoblanadi. Mashhur ajdodimiz xotirasiga ko‘rsatilgan bunday ulkan ehtiromni biz ayni vaqtda xalqimizga, uning qadimiy tarixi va boy ilmiy merosiga ko‘rsatilgan yuksak hurmat ramzi sifatida qabul qilamiz.
Fursatdan foydalanib, Ispaniya hukumatiga, universitet rahbariyati va ilmiy jamoasiga butun el-yurtimiz va yoshlarimiz nomidan samimiy tashakkur bildiraman.
Atoqli shoir Abdulla Oripov yozganiday, Beruniy bobomizning “aql mash’ali” butun bashariyatni haligacha hayratga solib kelayotganini siz, aziz yoshlar yaxshi bilasizlar, albatta.
Eng muhimi, bu ulug‘ allomalarimiz o‘zlarining olamshumul kashfiyot va ixtirolarini sizning yoshingizda – ayni kuchga to‘lgan navqiron chog‘larida amalga oshirganlar. Siz ham buyuk ajdodlardan ibrat olib, hayotda mo‘’jizalar yaratishga astoydil intilishingiz kerak.
O‘z tajribamdan kelib chiqib, sizlarga aytadigan maslahatim shu: Ilmni qadrlang, ilmga intiling! Bir soniya vaqtingiz ham bekor o‘tmasin! Yoshlik – umrning eng bebaho davri. Ilm va bilim – o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang! Sizlar mustaqillik farzandlarisiz. Ota-bobolaringiz ko‘rgan to‘siq va qiyinchiliklarni ko‘rmay, ozod Vatanda erkin nafas olib voyaga yetayapsizlar.
Yuksak maqsadlar yo‘lida siz – yoshlar hal qiluvchi kuch bo‘lishingiz kerak.
Men sizlarning zimmangizga yuklangan ana shunday ulkan mas’uliyatni, tom ma’nodagi tarixiy vazifani sharaf bilan ado etishingizga qat’iy ishonaman.
Sizlar zamonaviy ilm-fan va yuqori texnologiyalarni mukammal egallashingiz uchun barcha kuch va imkoniyatlarni ishga solayapmiz.
Men hududlarga borganimda, sizlarning tengdoshlaringiz bilan uchrashib, ularni qiynayotgan dolzarb muammolarni o‘rganishga alohida vaqt ajrataman.
Dunyoda globallashuv va raqobat tobora kuchayib borayotgan bugungi vaziyatda barcha sohalarda yuksak bilimli kadrlarni tayyorlamasak, taraqqiyotdan ortda qolib ketishimiz mumkin.
Shu maqsadda, ta’lim tizimida tub islohotlarni amalga oshirayapmiz. Sohada mutlaqo yangi tizim – Prezident va ijod maktablarini, matematika, ximiya, biologiya fanlari bo‘yicha maxsus maktablarni tashkil etayapmiz. Yoshlarimizga “IT” texnologiyalarni chuqur o‘rgatadigan ta’lim maskanlarining soni kun sayin ko‘payib bormoqda.
Biz bu ishlarimizning ilk mevalarini ko‘ra boshladik. So‘nggi uch yilda mamlakatimiz yoshlari nufuzli xalqaro tanlov va musobaqalarda besh yarim ming sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdilar.
Toshkent shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Firdavs Abduqayumov IELTS dasturi bo‘yicha yuqori ball to‘plab, AQSHning Jon Keroll universitetida tahsil olish uchun 96 ming dollarlik grant sohibiga aylandi.
Firdavs o‘g‘limni, uning ota-onasi va ustozlarini chin dildan tabriklab, ularga sihat-salomatlik tilayman.
Firdavsning izdoshi sifatida, Toshkent shahridagi Prezident maktabidan Temur Sulaymonov grant asosida, Namangandagi maktabdan Mironshoh Inomjonov va Azimjon Alijonov hamda boshqa ko‘plab o‘quvchilar nufuzli xorijiy ilm dargohlariga o‘qishga kirganlar va ularning soni kun sayin oshib bormoqda. Biz bunday iqtidorli yoshlarga o‘z vaqtida har tomonlama e’tibor qaratib, qo‘llab-quvvatlasak, o‘ylaymanki, ular katta-katta zafarlarni qo‘lga kiritadilar.
Shu sababli, yoshlarimizning nufuzli xorijiy oliygohlarda tahsil olishi uchun har tomonlama ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratamiz. Jumladan, xalqaro ta’lim dasturlari bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan iqtidorli yoshlarga imtihon topshirish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!