O'ZBEKISTONDA ISHLAB CHIQARISHNI MAHALLIYLASHTIRISH SIYOSATI
Reja:
O‘zbekistonda 2017-yilda Mahalliylashtirish dasturi doirasida 960 loyiha amalga oshiriladi
Mahalliylashtirish korxonalari
Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va tarmoqlararo sanoati
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 26-dekabrdagi “2017-2019-yillarda tayyor mahsulot turlari, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning istiqbolli loyihalarini amalga oshirishni davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mahalliylashtirish ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 26-dekabrdagi “2017-2019-yillarda tayyor mahsulot turlari, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning istiqbolli loyihalarini amalga oshirishni davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mahalliylashtirish ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda. Qaror bilan tasdiqlangan dasturga muvofiq, kelgusi ikki yilda mamlakatimizda 3 milliard 400 million dollarlik qariyb 1 ming 150 loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida sanoat kooperatsiyasi hamda mahalliylashtirish jarayonlarini rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Anjumanda Iqtisodiyot, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirliklari mutasaddilari, tadbirkorlik subyektlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini oshirish iqtisodiyotning barqaror va izchil rivojlanishi, uning tashqi omillarga tobeligini kamaytirish, ishlab chiqarish jarayonlariga yangi samarali texnologiyalarning tatbiq etilishini jadallashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
2010-2016-yillarda ikki mingga yaqin mahalliylashtirish loyihasining amalga oshirilishi natijasida umumiy import o‘rnini bosish samaradorligi 7 milliard 500 million dollardan ko‘proqni tashkil etdi.
So‘nggi uch yilda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hisobiga shaxta vagonetkalari, vakuum nasoslar, ko‘tarma kranlar, har xil turdagi o‘tga va kislotaga chidamli materiallar, qurilish jihozlari, sendvich panellar, sun’iy sintetik gazonlar, shisha bankalar, butilkalar, kraxmal, non mahsulotlari uchun achitqilar singari yuz turdan ortiq tovarlarning mamlakatimizga olib kirilishi butunlay to‘xtatilgan.
Maishiy elektrotexnika mahsulotlari, avtomobil filtr va radiatorlari, po‘lat quvurlar, keramik plitalar, tibbiyot ampulalari, poligrafik bo‘yoqlar, bolalar o‘yinchoqlari, sport anjomlari kabi 350 dan ortiq turdagi mahsulotni chetdan keltirish ikki baravardan ziyodga kamaygan.
Joriy yilda 960 loyihani amalga oshirish hisobiga 6 trillion 500 milliard so‘mga yaqin mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarilishi belgilangan. 122 turdagi o‘zlashtirishga taklif etilgan mahsulotlar aniqlangan.
Prezidentimizning mamlakatimizni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida belgilangan vazifalarga muvofiq, iqtisodiyot tarmoqlari kesimida mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hisobiga import hajmini kamaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mahsulotlar importini qisqartirishning qo‘shimcha rezervlarini o‘rganish jarayoni joriy yilda tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda import o‘rnini bosadigan yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil qilish hisobiga importni qo‘shimcha 23 foizga qisqartirish imkoniyati mavjudligini ko‘rsatdi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini mazkur jarayonga faol jalb etish maqsadida Iqtisodiyot vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda mamlakatimizning barcha hududlari imkoniyatlari tahlil etildi. Natijada yillik ishlab chiqarish hajmi 900 milliard so‘mlik 400 dan ortiq qo‘shimcha loyiha aniqlandi.
Mahalliy xomashyo va resurslardan oqilona foydalanishni rag‘batlantirish, eksport salohiyatini rivojlantirish maqsadida mahalliylashtirish dasturiga yangi loyihalarni kiritishning yagona mezon va talablari belgilandi.
Vazirlik rasmiy saytidagi maxsus avtomatlashtirilgan tizim (mineconomy.uz/uz/local) tadbirkorlik subyektlari tomonidan taqdim etiladigan hujjatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqishda qulayliklar yaratish, loyihalarni kiritish jarayonining ochiqligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Bu yerda mahalliylashtirish dasturlari borasidagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar, o‘zlashtirishga taklif etilayotgan mahsulotlar va taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxatlari bilan tanishish mumkin.
Mahalliylashtirish dasturi to‘g‘risida
UMUMIY MA‘LUMOT
Mahalliylashtirish dasturining asosiy maqsadi - O‘zbekiston Respublikasida eksportga mo‘ljallangan va import o‘rnini bosadigan raqobatbardosh zamonaviy mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, mahalliy xom-ashyo va mineral resurslar negizida ichki va tashqi bozor talablariga javob beradigan mahalliy mahsulotlarni ishlab chiqarishni rag‘batlantirishdan iboratdir. Shu bilan birga dastur doirasida ichki tarmoq va tarmoqlararo, shu jumladan respublikaning kichik biznes va yirik korxonalari o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini keng yo‘lga qo‘yish va uni yanada mustahkamlash ko‘zda tutilgan.
Mahalliylashtirish dasturiga kichik biznes sub’ektlari tomonidan loyihalarni kiritish uchun ularni tanlash tamoyillari quyidagilardan iborat:
1. Mahalliylashtiriladigan mahsulotni ishlab chiqarishni tashkil etish uchun ishlab chiqarish quvvatlari va mahalliy xom ashyo resurslarining mavjudligi;
2. Ishlab chiqarishning birinchi yilida mahalliylashtirish darajasi kamida 36 foizga etishi;
3. TIF TN kodi bo‘yicha pirovard mahsulot tovar pozitsiyasining boshlang‘ich xom ashyoga nisbatan kamida birinchi to‘rtta belgilardan biri darajasida o‘zgarishining ta’minlanishi;
4. Mahalliylashtiriladigan mahsulotga ichki va tashqi bozorlarda talabning mavjudligi;
5. Shunga o‘xshash (analog) mahsulotlar importining mavjudligi (yangi turdagi mahsulotlar bundan mustasno);
6. Mahsulotning potentsial iste’molchilari bilan shartnomalarning yoki ahdlashuvlarning mavjudligi;
7. Mahalliylashtiriladigan mahsulotlarning sotish narxlari import mahsulotlari narxlaridan yuqori bo‘lmasligi (O‘zbekiston Respublikasigacha bo‘lgan transport xarajatlari, bojxona va soliq to‘lovlarini hisobga olingan holda);
Shu bilan birga, yuqoridagi talablarga mos keladigan va xalqaro sifat boshqaruv tizimini joriy etgan korxonalar Mahalliylashtirish dasturiga o‘z loyihalarini kiritish huquqiga egadirlar.
Mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan loyihalar bo‘yicha korxonalarga beriladigan soliq va bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar
- chetdan olib kelinadigan texnologiya uskunalari va ularning ehtiyot qismlari, shuningdek respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan, mahalliylashtirilayotgan mahsulotni ishlab chiqarishdagi texnologiya jarayonida foydalaniladigan komponentlar uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno);
- mahalliylashtirish loyihalari bo‘yicha ishlab chiqarilgan mahsulotlardan olingan daromad (foyda) solig‘i, yagona soliq to‘lovi (soddalashtirilgan soliq tizimi qo‘llaniladigan subektlar uchun) to‘lashdan;
- mahalliylashtiriladigan mahsulot ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan asosiy ishlab chiqarish fondlari bo‘yicha mulk solig‘i to‘lashdan ozod qilinadilar.
Mahalliylashtirish dasturiga loyihalarni kiritish uchun talab etiladigan jadval va shakllar
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 21 iyuldagi 154-sonli qaroriga muvofiq Mahalliylashtirish dasturiga loyihalarni kiritish bo‘yicha tegishli jadval va shakllarni quyida yuklab olish mumkin.
Mahalliylashtirish dasturi doirasida loyihalarni amalga oshirish uchun murojaat qilish
Mahalliylashtirish dasturi doirasida loyihalarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining joylardagi Axborot-maslahat markazlari / Biznes markazlariga yoki O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining tuman iqtisodiyot bo‘linmalariga murojaat qilishingiz mumkin.
Shuningdek, Mahalliylashtirish dasturi to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining rasmiy veb saytiga quyidagi manzil bo‘yicha http://mineconomy.uz/uz/node/385 o‘tishingiz mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |