IV.MUSTAHKAMLASH
A)Mashqlar orqali.
202-mashq.1- topshiriq. Berilgan gaplardagi qanday? qancha? nechta? nechanchi? qaysi? so'roqlariga javob bo'lib, belgi ma'nosini bildirgan so'z (bo'lak)larni u bog'langan so'z (bo'lak) bilan birgalikda yozing.
1. Ko'm-ko'k g'o'zalar hosilga kirib, nishonasi gulga, guli ko'sakka aylanmoqda. (R.F.) 2. Bu kishining fe'l-atvori menga juda yoqib tushdi. (G'.G'.) 3. Mahallada duv-duv gap tarqaldi. 4. Aytilgan so'z — otilgan o'q. (Maqol) 5. Sanjar sakkizinchi sinfda o'qiydi. 6. Besh-olti keksa yig'ilib maslahat qilishdi. 7. Ko'cha tomondan gurs-gurs oyoqtovushi keldi. (S. A.)
2- topshiriq. Belgi ma'nosini bildirgan so'z (bo'lak)larning qaysi
turkumdan ekanligini aniqlang.
203- mashq. Yozuvchi Abdulla Qahhorning hikmatlarini o'qing. Undagi
birikmali sifatlovchi aniqlovchilarni ko'chirib yozing.
Daraxtni undiradigan, o'stiradigan va mevasini laziz qiladigan quyosh, yer va suv bo'lsa, badiiy mahoratni undiradigan va o'stiradigan, samarasini jozibali qiladigan xalq hayotidan olingan ilhomdir.
Baqirgandan ko'ra, maromi bilan sekinroq qilingan ta'na quloqqa yaxshiroq kiradi, zehnga yaxshiroq o'rnashadi.
Odobsizlik taraqqiy topib yetib boradigan joyi «jinoyat» degan narsa, aytmoqqa oson, uning zamirida barbod etilgan salomatlik, nomus, nohaq to'kilgan hovuch-hovuch ko'z yoshi yotadi.
Bilib oling. Sifatlovchi aniqlovchilar ba'zan o'ziga qarashli so'zlar bilan birikmali holda qo'llanadi: Jamilovning egnida oq shohi kitel, sariq koverkot shim, oyog'ida kavkazcha etik, boshida chust do'ppi edi. (S.Anorboyev) Yuzida bilinar-bilinmas chechak o'rni qolgan, keng peshanali, sochlarini o'ng tomonga silliq taragan jurnalist sHolrga bir qarab qo'ydi. (S.Anorboyev)
Aniqlovchi vazifasida kelgan sifatdoshlar birikmali qo'llanib, sifatdosh qurilmani hosil qiladi. Yuqorida keltirilgan so'nggi misolda ikkita sifatdosh qurilma bor: yuzida bilinar-bilinmas chechak o 'rni qolgan, sochlarini o'ng tomonga silliq taragan.
204- mashq. Maktabingizning sport zalini tasvirlovchi matn tuzing
va undagi sifatlovchi aniqlovchilarni belgilang.
B)Savollar orqali
1.Gapning qanday bo'lagiga sifatlovchi aniqlovchi deyiladi?
2.Sifatlovchi aniqlovchi bog'langan so'z qanday ataladi?
3.Sifatlovchi aniqlovchilar qaysi turkum so'zlari bilan ifodalanadi?
4.Sifatlovchi aniqlovchining birikmali holda qo'llanishiga misollar keltiring.
V.BAHOLASH MEZONI
Ishtirokiga qarab
VI.UYGA VAZIFA
205- mashq. O'zingiz shu kunlarda o'qiyotgan badiiy asardan inson (obraz)ning tashqi qiyofasini tasvirlovchi parcha ko'chirib yozing, sifatlovchi aniqlovchilarni belgilang.
Do'stlaringiz bilan baham: |