Inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlanishi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasida O’zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy printsiplarga asoslanadi, ularga ko’ra inson, uning hayoti, qadr-qimmati va boshqa dahlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi, deb belgilab qo’yilgan.
O’zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo’lib, jinsi, irqi, millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar qonun oldida tengdirlar. O’zbekistonda yagona fuqarolik o’rnatilgan. Har bir foqaro yashash, shaxsiy daxlsizlik, turar joy daxlsizligi, bir joydan ikkinchi joyga ko’chish, so’z va e’tiqod erkinligiga ega bo’lib, bu huquqlar davlat tomonidan himoya qilinadi. Fuqarolarning istagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqi qonun bilan mustahkamlab qo’yilgan.
O’zbekistonda shaxs erkinligi, inson huquqlarining muhofazasi va kafolati, mehnat va kasbni erkin tanlash huquqi, ta’lim olish, ijtimoiy muhofaza va boshqa huquqlari qonun bilan himoya qilinadi.
1995-yil 23-fevralda birinchi chaqiriq Oliy Majlisning birinchi sessiyasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo’yicha Vakili (Ombudsman) lavozimi ta’sis etildi va bu lavozimga Sayyora Rashidova saylandi. Uning maqomi va faoliyat doirasi 1997-yil 26-aprelda qabul qilingan Oliy Majlisning "Inson huquqlari buyicha vakili (Ombudsman) to’g’risida" gi qonun bilan belgilab berildi. Vakil BMTning inson huquqlari bo’yicha markazi, EHXTning demokratik institutlar va inson huquqlari bo’yicha byurosi bilan yaqin hamkorlikda faoliyat ko’rsatmoqda.
O’zbekiston Respublikasining 1995-yil 30-avgustda qabul qilingan "Fuqarolarning huquq va erkinliklarini buzuvchi harakat va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish to’g’risida"gi qonuni Inson huquqlari va erkinliklarini kafolatlashga xizmat qilmoqda.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil oktabr oyida e’lon qilingan "Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Milliy markazini tuzish to’g’risida"gi Farmonga binoan inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil etildi.
O’zbekistonda foqaro va davlat bir-biriga nisbatan bo’lgan huquqlari va burchlari bilan bog’langan. Davlat o’zining foqarolar oldidagi vazifalarini bajarmoqda. Fuqarolarning erkinliklari va huquqlarini amalda himoya qilmoqda. Shuningdek, fuqarolarning ham davlat oldidagi burchlari, majburiyatlari belgilab qo’yilgan.
Fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar. Davlat har bir inson zimmasiga tarixiy, ma’naviy va madaniy merosni avaylab asrash, atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo’lish, soliq va yig’imlarni to’lash majburiyatini yuklaydi. Konstitutsiyaning 52-moddasida "O’zbekiston Respublikasini himoya qilish-O’zbekiston Respublikasi har bir foqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o’tashga majburdirlar", deb belgilab qo’yilgan.
Saylov tizim. O’zbekistonda demokratik jamiyatga xos saylov tizimi barpo etildi. 1991-yil 18-noyabrda "O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida", 1993-yil 28-dekabrda "O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to’g’risida" va 1994-yil may oyida "Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to’g’risida" hamda "Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to’g’risida" qonunlar qabul qilindi.
Konstitutsiya va qonunlarda 18 yoshga to’lgan fuqarolarning saylash huquqiga ega ekanligi, O’zbekiston Prezidenti saylovi, Oliy Majlis saylovi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovi umumiy, teng, to’g’ridan-to’g’ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo’li bilan o’tkazilishi mustahkamlab qo’yilgan. Har bir fuqaro-saylovchi bir ovozga ega. 35 yoshdan kam bo’lmagan fuqaro O’zbekiston Respublikasi Prezidenti, 25 yoshga to’lganlar Oliy Majlisga, 21 yoshga to’lganlar viloyat, tuman va shahar Kengashlariga deputat etib saylanish huquqiga ega. Fuqaro bir vaqtning o’zida ikkidan ortiq vakillik organlarining deputati bo’lishi mumkin emas.
Ommaviy axborot vositalari. Demokratik institutlarning muhim tarmog’i bo’lgan erkin ommaviy axborot vositalari vujudga keldi. 2004-yilda Respublika ommaviy axborot vositalari tizimida 609 nomda gazeta va 162 nomda jurnal chop etildi, 3 axborot agentligi, 50 dan ortiq teleradiokompaniya va studiyalar ishladi. Jurnalistlarning erkin ijod qilishi, mamlakat ravnaqi yo’lida xizmat qilishi uchun shart-sharoitlar yaratildi. Ommaviy axborot vositalari to’g’risida qabul qilingan qonunlar ularni "to’rtinchi hokimiyat" darajasida faoliyat ko’rsatishiga ko’maklashmoqda.
2014-yilga kelib mamlakatimizda ommaviy axborot bositalari soni 1991-yilga nisbatan 3,5 barobar, shu jumladan, gazetalar 2,5 marta, jurnallar esa 3,5 karra ko’paydi.
O’zbekistonda fuqarolik jamiyati barpo etish aholining siyosiy faolligi va siyosiy madaniyatining oshib borayotganligida, turli siyosiy partiyalar va jamoat tashkilotlarining shakllanishida ham namoyon bo’lmoqda.
Mustakillik yillarida mamlakatimizda siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlarining vujudga kelishi va faoliyat yuritishi uchun huquqiy asoslar yaratildi. Respublika parlamenti tomonidan qabul qilingan: "Jamoat tashkilotlari to’g’risida" (1991-yil 15-fevral), "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida" (1998-yil, yangi tahriri), "Kasaba uyushmalari, ular faoliyatining huquq va kafolatlari to’g’risida" (1992-yil 2-iyul), "Siyosiy partiyalar to’g’risida" (1996-yil,-dekabr)gi qonunlar shular jumlasidandir.
O’zbekistonda 4 ta siyosiy partiya faoliyat yuritmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |