FAN-TA’LIM SOHASIDAGI HAMKORLIK
Fan-ta’lim sohasidagi hamkorlik ham faollashmoqda. O‘zbekiston – Yaponiya markazi kadrlar malakasini oshirish, “O‘zbekiston-Yaponiya” hamda “Yaponiya-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyatlari xalqlarimiz o‘rtasidagi hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shmoqda.
2015 yildan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida yapon tili birinchi xorijiy til sifatida o‘qitila boshlandi. Yaponiya ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati keng yoritilmoqda. Mamlakatimizga kelayotgan yaponiyalik sayyohlar yildan yilga ko‘paymoqda.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrining qurilishida Ikkinchi jahon urushi yillarida taqdir taqozosi bilan yurtimizga kelib qolgan yaponiyaliklar ham ishtirok etgan.
Yapon harbiylari mangu qo‘nim topgan maskan, ular xotirasiga bag‘ishlab bunyod etilgan yodgorlik Kunchiqar yurt vakillarini behad quvontirmoqda. Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe 2015 yilgi tashrifi chog‘ida bu joy obod maskanga aylantirilgani, vatandoshlarining xotirasi abadiylashtirilgani uchun mamlakatimiz rahbariyatiga minnatdorlik bildirgan edi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi va oliy darajadagi muloqotlar chog‘ida mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha sohalarda aloqalarni yanada faollashtirishga oid masalalar yuzasidan fikr almashiladi.
Foydalanilmayotgan imkoniyatlarni ishga solish, hamkorlik salohiyatini to‘liq yuzaga chiqarish yo‘llari muhokama qilinadi. Muzokaralar natijasi bo‘yicha O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonot qabul qilinadi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, bojxona, turizm, ilmiy-texnik va boshqa sohalardagi hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan qator hujjatlar imzolanadi.
Yaponiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi Yoshinori Fujiyama ish boshlaganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. U o‘z intervyularining birida O‘zbekiston rahbarining bo‘lajak tashrifi Yaponiya uchun juda muhim, deb bayonot berdi.
Chunki O‘zbekiston Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashda muhim rolga ega. Shu sababli O‘zbekiston Prezidentining Yaponiyaga tashrifi ikki davlat munosabatlarida tub burilish yasaydi.
Yaponiya O‘zbekiston bilan barcha sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga intilishini bayon etmoqda. Elchi Fujiyamaning aytishicha, Yaponiya kompaniyalarining investitsiyalarini jalb etish, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni izchil davom ettirmoqchi. Chunki O‘zbekiston bu sohalarda ulkan salohiyatga ega.
Keyingi paytlarda Kunchiqar yurt davlati Markaziy Osiyoga oid yangicha siyosat yuritmoqda. Mintaqa davlatlariga yaxlit organizm sifatida qaramoqda.
Shu bilan birga, hozirgi bosqichda Yaponiya va mintaqa davlatlari o‘rtasida qandaydir yirik ziddiyatlar yoki prinsipial muammolar mavjud emas. Umuman, o‘zaro hamkorlikni faol oshirishga hech narsa to‘sqinlik qilolmaydi. Ko‘plab tadqiqotchilarning fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari orasida Yaponiyaning boshqa davlatlar bilan taqqoslaganda nufuzi birmuncha yuqori.
Yaponiya muhtoj davlatlarga samimiy yordam berishga intilayotgan do‘stona va tinchliksevar mamlakat degan ijobiy obrazga ega. Yaponiya hukumat dasturi – rivojlanayotgan mamlakatlarga rasmiy yordam dasturi (RRYo) doirasida mintaqamiz davlatlariga iqtisodiy, texnik va beg‘araz ko‘mak ko‘rsatayotgan birinchi darajali donorlardan sanaladi.
1997 yilda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Nakadzima shunday degan edi: “Biz bu yerda zarar bilan ishladik va ishlayapmiz, ammo bizning mintaqadan ketish niyatimiz yo‘q. Biz boymiz, bunga ko‘z yuma olamiz, baribir yaxshi kelajakni kutamiz”.
Albatta, Tokioning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga yetishishi uchun Markaziy Osiyoda xavfsizlik ta’minlanishi zarur. Tabiiyki, xavfsizlik ta’minlanishi ostida Afg‘onistondagi vaziyatning barqarorlashuvi nazarda tutiladi. 2001 yildan beri afg‘on mavzusi Yaponiyaning Markaziy Osiyoga oid siyosatida ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolmoqda.
Aslida Yaponiyaning imkoniyatlari yuqori, uni bu yerda tinchlikparvar davlat sifatida hurmat qilishadi. Shuning uchun Tokio asosiy e’tiborni mintaqaviy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiradi.
Rasmiy Tokio bir necha bor mintaqada shunchaki hamkorlikni dastaklamaydi, balki uning tashabbuskori bo‘lishini ma’lum qilgan. Markaziy Osiyoni o‘rganayotgan yapon olimlari va ekspertlari fikricha, mintaqada integratsiya jarayonlarini tezlashtirish zarur.
”Yaponiya + Markaziy Osiyo” muloqoti forumining yo‘lga qo‘yilishi sababi shunda. Keyinroq Janubiy Koreya, YeI va AQSh ham “MO+1” forumlarini o‘tkaza boshladi.
Yaponiyaning Markaziy Osiyodagi siyosati boshqa rivojlanayotgan davlatlar bilan munosabatlaridagi ish tajribasiga asoslanadi hamda yordam, texnik ko‘mak va kadrlarni tarbiyalash kabi turli dasturlarni amalga oshiradi, shunda ham yoshlarning mustaqil rivojlanishga nisbatan qobiliyatlarini namoyon etishiga yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |