HAMKORLIKNING BOShQA YO‘NALIShLARI Hamkorlikning boshqa yo‘nalishlari bilan birga, ikki davlat o‘rtasida madaniy-gumanitar aloqalar ham izchil kengayib bormoqda. 2 ming nafardan ziyod o‘zbekistonlik mutaxassislar JICA tashkilotchiligida biznes, bank-moliya jabhasi, qishloq xo‘jaligi, transport, telekommunikatsiya, menejment, sog‘liqni saqlash, huquqshunoslik va sayyohlik yo‘nalishlari bo‘yicha Yaponiyada malaka oshirdi.
Kunchiqar mamlakat hukumati granti doirasida har yili 15 nafar yurtdoshimiz Yaponiyaning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqda. Bugungi kunda Yaponiya O‘zbekiston iqtisodiyotining eng yirik sarmoyadorlaridan biri hisoblanadi.
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hamda Yaponiya tashqi savdo tashkilotining (JETRO) mintaqaviy idoralari ishbilarmon va jamoatchilik doiralari o‘rtasida aloqalar o‘rnatilishi hamda beg‘araz va texnikaviy yordam ko‘rsatilishiga ko‘maklashmoqda. Respublikamizga taqdim etilgan moliyaviy mablag‘larning umumiy hajmi 4,1 milliard AQSh dollaridan ziyodni tashkil qiladi.
Tokioda buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgani hamda Toshkentda Yapon bog‘ining tashkil qilingani, shuningdek, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzurida ochilgan Xalqaro madaniyat karvonsaroyiga yapon olimi va rassomi Ikuo Xirayamaning nomi berilgani xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hurmat hamda yaqinlikni yaqqol namoyon etadi.
Taniqli arxeolog olim Kyudzo Kato (2016 yil 12 sentabr kuni Termizda vafot etdi) o‘zbek xalqining bebaho merosini o‘rganishga, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi samarali munosabatlarning rivojiga ulkan hissa qo‘shdi.
Yapon professorining ko‘pgina tadqiqotlari Buyuk Ipak yo‘lini o‘rganish va qadimgi Baqtriya davlatini tadqiq etishga bag‘ishlangan edi. U Mirzo Ulug‘bek, Bobur va boshqa buyuk ajdodlarimizning asarlarini yapon tiliga tarjima qildi. Shubha yo‘qki, olimning ilmiy-ijodiy ishlari o‘z dolzarbligini yo‘qotmagani holda kelgusi avlodlar tomonidan ham qiziqish bilan o‘rganiladi.
Diplomatik munosabatlar yo‘lga qo‘yilganiga chorak asrdan ko‘roq vaqt o‘tishi bilan O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar kamolot hamda barqarorlikning yangi bosqichiga kirdi.
Tomonlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli mamlakatlarimizni ikki xalq farovonligi yo‘lidagi uzoq muddatli va ko‘p qirrali hamkorlikning yanada rivojlanishi kutayotganiga aslo shubha yo‘q.
Ikki mamlakat hamkorlikni mustahkamlashda madaniy-gumanitar aloqalar ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Taraqqiyotga rasmiy yordam dasturi doirasida hamda Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) orqali ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarda qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Yaponiyada O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlari tashkil etilmoqda. Kunchiqar yurt ijodkorlari mamlakatimizda o‘tkazilayotgan xalqaro anjumanlar, xususan, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida faol qatnashib kelmoqda.
Poytaxtimizda Yapon bog‘i tashkil etilgani, Tokioda buyuk shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyga haykal o‘rnatilgani, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi xalqaro madaniyat karvonsaroyiga yaponiyalik olim va musavvir Ikuo Xirayama nomi berilgani xalqlarimizning madaniy yaqinligi ifodasidir.