Spitamenning oʻlimi va Iskandarning soʻgʻd-baqtriya hukmdorlari bilan tuzgan sulhi natijasida 327-yilda Oʻrta Osiyo Iskandar Zulqarnayn davlati tasarrufiga oʻtadi. Mahalliy elitalarning harbiy kontingenti Iskandar Zulqarnayn armiyasiga qoʻshiladi. 323-yilda Iskandar Zulqarnaynning oʻlimi haqdagi xabarni eshitgan Soʻgʻd va Baqtriyadagi grek kelgindilari 20 ming kishidan iborat piyoda askar va 3 ming nafar otliqni yigʻib oʻz vatanlariga qaytishga otlandi. Ammo ularni toʻxtatish uchun Iskandarning Safdoshi sarkarda Perdik yetib keladi va qochishga shaylangan askarlarni qurolsizlantirib, jazolaydi. Oʻz vatanlariga qaytishga shaylangan grek askarlariga xayrixohlik bildirgan Soʻgʻd hukmdori (strapi) oʻz lavozimidan ozod etildi. Uning oʻrniga makedoniyalik Filipp oʻtiradi. Ma’lum muddat u har ikki straplikni - Soʻgʻdiyona va Baqtriyani boshqarib turdi. 315-yildan keyin mahalliy xalq orasidan tayinlangan straplarning hammasi greklar va makedoniyaliklar bilan almashtirildi. Faqat Oksariat (Iskandarning qaynotasi) va Atropat (Perdikning qaynotasi) oʻz lavozimida qoldiriladi. 312-yilda Iskandar sarkardalaridan biri - Salavk Vaviloniyaga ega boʻldi. Tez orada u oʻz yerlarini Sirdaryo va Hind daryolari qadar kengaytirdi. Uning oʻgʻli Antiox I (Salavk bilan Spitamenning qizi Apama nikohidan tugʻilgan) esa Iskandarning Osiyodagi hududlarining katta qismiga egalik qilgan. Oʻrta Osiyo hududida ikkita straplik vujudga keldi. Unga Soʻgʻdiyona, Baqtriya va Margʻiyona kirdi. Xorazm salavkaylarga boʻysunmagan.
Ahmoniylarning soʻnggi vakili va Iskandar davrida ham Xorazm oʻz mustaqilligiga ega boʻlgan. Salavk va Antiox Oʻrta Osiyoda oʻz pozisiyalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratgan. Koʻplab qal’a va shaharlar barpo etilgan va ular asosan greklar bilan toʻla boʻlgan. Tarixiy manbalarga koʻra, Salavk 75 ta shahar qurdirgan. Eng olis shaharlardan biri Yaksart ortida joylashgan Antioxiya shahri boʻlgan. Taxminlarga koʻra, mazkur shahar hozirgi Toshkent viloyati hududida yoki Fargʻona vodiysida joylashgan. Eramizdan avvalgi III asrning 60-yillariga qadar Baqtriyada salavkiylarning zarbxonasi saqlanib qolgan. Bu zarbxonada oltin va kumush tangalar zarb etilgan. Salavkiy hukmdorlaridan biri Antiox II ning davrida (earimizdan avvalgi 261-247-yillar) uning Baqtriyadagi strapi Diodot salavkiy tangalar asosida oʻz tangalarini zarb qilgan. Bu uning salavkiylar hukmronligida qandaydir muxtoriyatga ega boʻlganidan dalolatdir. Baqtriya, Soʻgʻdiyona va Oʻrta Osiyodagi boshqa viloyatlarning iqtisodiy hayoti Salavkiylar davlatining gʻarbiy viloyatlaridagidan ancha farq qilgan.