QADIMGI BAQTRIYA PODSHOLIGI
Oʻrta Osiyodagi qadimiy davlatchilik tuzilmalaridan biri Qadimgi Baqtriya davlatidir. Qadimiy manbalar shundan dalolat beradiki, eramizdan avvalgi VIII asrda yirik Baqtriya podsholigi mavjud boʻlgan. Avestoda uning nomi Baxdi, Bihistun yodgorliklarida Baktrish, antik davr adabiyotlarida Baktriana sifatida qayd etilgan. Qadimgi Baqtriya bilan oʻsha davr dunyosining boshqa davlatlari - Ossuriya, Yangi Vavilon, Midiya, Hindiston knyazligi oʻrtasida aloqalar mavjud boʻlgan. Tarixiy manbalarga koʻra, Ossuriya hukmronligi (gegemonligi) qaror topgan eramizdan avvalgi IX-VII asrlarda ossuriyaliklar Baqtriyaga hujum qilishgan. Bu harakat tarixda Ossuriya yurishi nomi bilan ma’lum. Bu yurishning asosiy sababi Baqtriya lazuriti ustidan nazorat oʻrnatishga qaratilgan edi.
Eramizdan avvalgi VII-VI asrlarda Qadimgi Baqtriya podsholgi hududiga Surxon, Qashqadaryo va Zarafshon vohalari, Margʻiyona va Sugʻd yerlari kirgan. Baqtriyalik ustalar tomonidan tilla, tosh va bronzadan yasalgan turli mahsulotlar Xitoy, Fors davlati va Yevropada juda mashhur boʻlgan. Baqtriyaning yirik shaharlari Qiziltepa, Yer-Qoʻrgʻon, Uzunqir va Afrosiyob hududlarida joylashgan. Oʻsha davrda Baqtriyaga tashrif buyurgan sayyoh e’tiborini uylar, hunarmandlarning ustaxonalari va xoʻjalik binolari uzra boʻy choʻzib turgan salobatli minoralar tortishi tabiiy edi. Kursiy Rufning yozishicha, "Baqtriyaning tabiati boy va turli-tuman. Ayrim joylarda daraxtlar va toklar oʻta sermahsul hosil beradi, hosildor yerlar koʻplab buloqlardan suv ichadi. Yumshoq yerlarga bugʻdoy ekiladi, qolgani esa chorva uchun yaylovlardir".
QADIMGI XORAZM
Oʻrta Osiyoning ikki daryo oraligʻidagi yerlari qadimdan Xorazm nazorati ostida boʻlgan. Xorazmning nomi Avestoda Xvariazm, Bihistun yozmalarida Xvarazmish, Arrian va Strabonning tarixiy kitoblarida Xorasmiya sifatida keltiriladi. VIII asrda arab istilochilari tomonidan vayron etilgan Xorazm madaniyati tarixi eramizdan avvalgi 1292-yillarga borib taqaladi. Xorazm butun mintaqa uchun Avestoning muqaddas yeri, qadimiy madaniyat markazi sanalgan. Eramizdan avvalgi VII-VI asrlardayoq Xorazm hududida davlatchilik tuzilmalari mavjud edi. Arxeologik ma’lumotlar shundan dalolat beradiki, eramizdan avvalgi birinchi ming yillikning ikkinchi choragidayoq Amudaryo daryosiga tutashgan kuchli irrigasiya tizimi mavjud boʻlgan. Xorazmda yirik kanallarni tashkil etish uchun markazlashgan kuchli boshqaruv kerak boʻlgani tabiiy. Eramizdan avvalgi VI asrning oʻrtalarida Xorazm Fors podsholigi tomonidan bosib olingan. Forsiylar Xorazmdan turli qimmatbaho toshlarni, zargarlik va kulolchilik mahsulotlarini tashib ketgan. Eng yaxshi ustalar ham Fors podsholari saroyiga olib ketilgan. Eramizdan avvalgi V-IV asrlarda Xorazm Fors podsholigidan ozod boʻlib, oʻz mustaqilligini qayta tiklaydi. Eramizdan avvalgi IV-III asrlarda Xorazm yozuvi paydo boʻlgan. Xon qarorgohi - Tuproq qal’a, qadimiy maqbara va rasadxona Qoʻy-Qirilgan qal’a ham oʻsha davrlardayoq mavjud boʻlgan. Grek manbalarining shohidlik berishicha, eramizdan avvalgi 329-328-yillarda Xorazm xoni Farisman yunonistonlik Iskandar Zulqarnayn (Aleksandr Makedonskiy) bilan tinchlik bitimi tuzgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |