5. Qishloq xo’jaligini jamoalashtirish siyosati, uning og`ir oqibatlari. Quloqlashtirish siyosati va uning mudhish natijalari.
O’lkamiz iqtisodiy-ijtimoiy hayoti Oktyabr tuntarishi arafasida ayni mustamlaka mamlakatlariga xos ko’rinishida bo’lgan bo’lsa, undan keyin ham yangi sovet tuzumi mafaatlari asosida olib borilgan taraqqiyot yo’nalishlari mohiyatan o’lka xalq xo’jaligini qaramligini saqlab qoldi. XX asr 20-yillarning boshida yangi iqtisodiy siyosatga o’tish tufayli, respublikamiz iqtisodiyotining liberallashuvi natijasida ishlab chiqarish sohasida sezilarli yutuqlar qo’lga kiritildi. Biroq 20 yillarning ikkinchi yarmidan boshlab iqtisodiyotda ma‘muriy-buyruqbozlik usullari qo’llanila boshlandi, erkin savdo va xususiy tadbirqorlikka chek qo’yila boshlandi. Mulkiy munosabatlar tubdan o’zgardi, ishlab chiqarish vositalariga deyarli tuliq davlat mulki o’rnatildi. Davlat tomonidan rejalashtirish asosida mahsulotni ishlab chiqarishda va taqsimlashda to’liq nazorat ostiga olinishi iqtisodiy siyosatda zo’ravonlik tomon yo’l olishga, iqtisodiy omillar o’rniga ma‘muriy choralar keng qo’llanishga imkon berdi.
Birinchi besh yillikdan (1928-1932 y.) xo’jalikni industrlash, qishloq xo’jaligi jamoalashtirishga zo’r berildi. Industrlashtirish siyosati qishloq hisobiga amalga oshirildi. Natijada dehqonlar qashoqlashdi. Industrlashtirsh dastlab sekinlik bilan amalga oshdi, chunki kosibu hunarmandchilik ustinvor soha edi. 20-yillar oxiridan bu jarayon sur‘atlari tezlashtirildi. Urushdan oldingi 3 ta besh yilliklarda (1928 - 1941 yillar) O’zbekistonda 500 ga yaqin sanoat korxonalari, elektrostantsiyalar ishga tushirildi. Bo’lar orasida Toshket qishloq xo’jalik mashinasozlik zavodi, Chirchiq elektr-kimyo, Toshkent to’qimachilik kombinati, Samarqand, Buxoro, Marg’ilon pillakashlik fabrikalari bor. Industrlashtirish ekstensiv usulllari bilan olib borilib, biroq sanoat korxonalariga, ayniqsa og’ir sanoatda, malakali xodimlar va tajribali ishchilar Rossiyaning markaziy shaharlaridan jalb etildi, natijada ularda tub aholiga mansub ishchilar ozchilikni tashkil etdi. Undan tashqari industrlashtirish sharoitida shaharlarga ko’plab ishchilarning keltirilishi uy-joy muammosini ham keskinlashtirdi. Masalan, 1928-1932 yillarda Toshkent aholisi asosan chetdan keluvchilar hisobiga 344,2 mingdan 491 ming kishiga yetdi.
O’zbekistondagi mavjud sanoatning 90 % qishloq xo’jalik xom ashyosini ishlashga ixtisoslashgan edi. Asosiy e‘tibor paxta bilan bog’liq sohalarning ravnaqi, ya‘ni qishloq xo’jalik mashinasozligi, kimyoviy vositalar, avvalo mineral ug’itlar, irrigatsiya qurilishi, metall konstruktsiyalar ishlab chiqishga, kon sanoati, rangli va nodir metallar, oltingugurt, ozokerit, volfram, molibden, toshkumir, to’z, grafit qazib olishga qaratilgan edi. Respublika sanoati sobiq ittifoqni xom ashyo qaramligidan halos etishga yordam beradigan yirik mintaqaga aylandi. Jumladan respublikaning oltin sanoati butun Ittifoqning tulov balansini mustahkamlash uchun katta-katta mablag’larni berib turdi. O’zbekiston Ittifoqning iqtisodiy Mustaqilligiga o’lkan hissa qo’shdi, uni chet el xom ashyosiga qaramlikdan qo’tqardi. Ikkinchi jahon urushi arafasida respublikaning sanoat salohiyatini 1445 ta yirik va o’rta sanoat korxonalari tashkil etar edi. Biroq Oktyabr tuntarishidan oldin sanoat rivojlanishidagi asosiy tendentsiya, ya‘ni asosan xom ashyoni dastlabki qayta ishlab chiqaruvchi sanoat va yengil sanoat korxonalarini rivojlantirish saqlanib kolindi. Shubxasiz, respublika sanoatidagi tezkor sur‘atlar ijobiy xodisa edi, ayni paytda u dehqonlar ommasini talash evaziga amalga oshirildi, sanoatni rivojlantirish esa bir yoqlama xususiyat kasb etdi, iqtisodiyot strukturasidagi ishlab beruvchi va mashinasozlik sanoati sohalari nixoyatda past darajadaligicha qolaverdi.
O’zbekistonning qishloq xo’jaligi ham o’ziga xos murakkab taraqqiyot yo’lini bosib o’tdi. Alohida ta‘kidlash lozimki, o’lkaning qishloq xo’jaligi oldiga mustabid rus Chorizmi hukmronligi davrida qo’yilgan bosh vazifa-qimmatli sanoat xom ashyolari-paxta, pilla qabilar bilan ta‘minlash vazifasi Sovet hokimiyati yillarida yana ham qat’iyroq qilib kun tartibiga qo’yildi. 1925-1928 yillarda o’tkazilgan yer-suv islohoti natijasida barcha yer resurslarining umumdavlat monopoliyasiga olinishi, irrigatsiya-melioratsiya ishlarini qat’iyy rivojlantirishga intilish sobiq Ittifoqning paxta Mustaqilligini ta‘minlashga erishish yo’lidagi dastlabki qadamlar ediki, bu vazifani bajarish asosan O’zbekiston zimmasiga yuklangan edi. Shu tariqa respublikada paxta-yakka hokimligi joriy etildi. Bu jarayon qishloq xo’jaligini yoppasiga jamoalashtirish siyosati bilan birga olib borildi. 1929 yili noyabrda Stalinning “Buyuk burilish yili” maqolasi e‘lon qilingan bo’lib unda, avvalgi ixtiyoriylik printsipi inkor etilib, dehqonlarni zo’rlash yo’li bilan kolxozlarga jalb etishga da‘vat etildi.Ommaviy jamoalashtirish jarayonida mahalliy sharoitlar, milliy psixologiya, urf-odatlar hisobga olinmadi. Boz ustiga, uning sur‘atlari jadallashtirilib, ba‘zi joylarda turar joy binolari umumlashtirilib yuborildi, o’rta xol va, hatto, kambag’al xo’jaliklar ham musodara qilindi.
1930 yil 1 fevraldan esa “quloqlar”ni sinf sifatida tugatish siyosati amalga oshirila boshlandi. Bu inson huquqlarini poymol etuvchi siyosat nafaqat o’ziga tuq “quloq” dehqonlarni, balki o’rta xol amaldorlarga yoqmagan kambag’al dehqon xo’jaliklarini ham musodara etishga olib keldi. Jadal jamoalashtirish va “quloq qilish” siyosati, o’rta xol dehqonlarga nisbatan zo’rlik qilish respublikaning ayrim joylarida dehqonlarning norozilik chiqishlariga sabab bo’ldi. Masalan, 1930 yil fevral oyida Farg’ona, Andijon, Toshkent, Xorazm, Samarqand okruglarida dehqonlarning ommaviy chiqishlari bo’lib o’tdi.
O’zbekistonda 1930-33 yillada “quloq qilish” siyosati natijasida 5,5 ming dehqon xo’jaliklari oila a‘zolari bilan quvg’in qilinib, ko’pchiligi Ukraina, va Sibirga surgun qilindi. Birinchi besh yillik oxiriga kelib 91,7 %, 1939 yilda esa 99,5 % dehqon xo’jaliklari jamoalashtirildi. Shu tariqa, yerga nisbatan davlat mulkidan tashqari mulkchilik shakllari bekor qilindi. Yerni amalda davlatlashtirish dehqon ommasini mulkdan hamda ishlab chiqarish vositalaridan, ishlab chiqariladigan mahsulotlardan, jamiyatda yaratilayotgan boyliklardan begonalashtirildi. Jamoalashtirish jarayonida inson huquqlari qo’pol ravishda bo’zilib, aslida kolxozchilar sovet davri “krepostnoylariga” aylandilar, chunki ularga Xrushchev islohotlariga qadar pasport berish taqiqlanib, boshqa joyga keta olmas edilar. Mehnat kuning majburiy minimumi joriy etilishi-barshchinaning sotsialistik ko’rinishi edi.
Jamoalashtirish paxta yakka hokimligiga zamin yaratdi. 1932 yilda O’zbekiston sobiq Ittifoq paxtasining 60% yetqazib berdi va uning paxta Mustaqilligini ta‘minlab, chetdan paxta olib kelishni to’xtatdi; 1940 yilda Ittifoqning 63% paxtasi respublikamizda yetqazib berilgan.
Ba‘zi iqtisodiy muvaffakiyatlarga qaramay, jamoalashtirish natijasida dehqonlarga xos butun turmush tartibi bo’zildi, ma‘naviy va axloqiy qadriyatlar zavol qo’rdi. Ma‘muriy-buyruqbozlikning ustun bo’lganligi tufayli dehqonning shaxsiy mafaati inobatga olinmadi. Hamma narsa: nima ekish, qachon ekish, qachon yig’im-terim ishlarini boshlash “yuqoridan” belgilab turildi. Natijada qishloq xo’jaligi oqsay boshladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |