O’zbekiston tarixi kafedrasi о‘zbekiston tarixi fanidan


Temuriylar hukmronligi (1405-1506 yy.) davrida ilm-fan va madaniy hayot



Download 2,66 Mb.
bet44/191
Sana14.03.2023
Hajmi2,66 Mb.
#918885
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   191
Bog'liq
O’zbekiston tarixi kafedrasi î‘zbekiston tarixi fanidan

3.Temuriylar hukmronligi (1405-1506 yy.) davrida ilm-fan va madaniy hayot.
Garchi XV asr boshidan ichki nizolar, o‘zaro kurashlar mamlakat ichki hayotiga salbiy ta’sir o‘tkazgan bo‘lsa-da, lekin temuriy hukmdorlardan Shohrux Mirzo (1405-1447), Mirzo Ulug‘bek (1409-1449), Sulton Husayn (Boyqaro) (1469-1506), qisman Sulton Abu Said (1451-1469) davrilarda ichki osoyishtalik, ma’rifat va madaniyatga katta e’tibor berilishi tufayli ilmu-fan va madaniyat sohasi yuksalib, Movarounnahr va Xuroson yana Sharqning ma’rifat va madaniyat markazi nomini qaytarib oldi.
Bu vaqtda nafaqat poytaxt Hirot va Samarqand, balki Movarounnahr va Xurosondagi boshqa shaharlarda ham olimu-fuzalo, shoiru-me’morlar, bastakoru-naqqoshlar guruhlari to‘plana boshlaydi. Buxoro, Xorazm, Balx, Mashhad, SHeroz ham o‘ziga xos madaniy markazlar rolini o‘ynay boshlaydi. Tarixda ma’rifatparvar va oqilligi bilan nom chiqargan Shohrux (1405-1447) davrida asriy ilm-fan, madaniyat, an’analari qayta jonlana boshlagan edi.
Shohrux Hirot, Balx shaharlarini qayta tikladi, Chingizxon yurishi vaqtida vayron bo‘lgan Marv shahri qayta barpo etildi, unga Murg‘ob daryosidan ariq qazdirilib, shahar suv bilan ta’minlandi. Xurosonning barcha shaharlarida obodonchilik, qurilish ishlariga katta e’tibor berildi, qator madaniy-ma’naviy xarakterdagi imoratlar qurildi. Shohruxning o‘g‘illari Mirzo Boysunqur Hirotda, Ibrohim Sulton SHerozda ilm-fan, ma’rifat yuksalishiga o‘z hissalarini qo‘shdilar. Shohruxning xotini Gavharshodbegim Hirotda barpo etgan me’moriy majmuasi hozirda shaharning eng diqqatga sazovor joyi hisoblanadi.
Hirotdagi eng gavjum joylardan biri Shohruxning o‘g‘li Boysunqur tashkil etgan «Kitobxona» nomini olgan joy bo‘lib qoldi. Bu yerda o‘z davrining eng sara kitoblari qayta ko‘chirilar, sotib olinar va sotilar edi. Bu paytda hukmdor va amaldorlarning homiyligi natijasida tasviriy san’at, amaliy san’at, hattotlik san’ati ayniqsa o‘z rivojini maromiga yetkazdi. Mirak naqqosh boshchiligidagi sharq miniatyura san’ati ham o‘z faoliyatini shu yerdan boshlagan edi.
Hirotlik va xurosonlik ko‘plab badavlat zodagonlar, savdogarlar ham ilm-fan, madaniyatga homiylik qila boshlaydilar. Masalan, Shohrux davrida yashagan taniqli zodagon Hoji Arslon tarxon o‘zining ma’rifatparvarligi bilan nom chiqargan edi. Lekin, har holda hukmdorlar ichida ilm-fan, ma’rifat va madaniyatga yetarli homiylik qilgan shaxs-bu o‘zi ham buyuk olim bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek hisoblanadi.
Yurtboshimiz I.Karimov o‘zining «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» asarida buyuk olim va davlat arbobi xususida jumladan quyidagi yuksak ehtiromni aks ettiruvchi e’tirofni qayd etgan edi: «Buyuk Amir Temurning nabirasi, benazir alloma Mirzo Ulug‘bekning o‘rta asrlar sharoitida namoyon etgan ilmiy jasorati bugungi kun olimlarini ham hayratga solmasdan qo‘ymaydi».
Mirzo Ulug‘bek uning zamondoshlari, muarrixlarning xabar berishlaricha, sharq mutafakkirlari, ular orqali yunon mumtoz ilmiy asarlaridan xabardor bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bek zamondoshi G‘iyosiddin Koshiyning yozishiga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek o‘ta zukko va juda ilmli shaxs bo‘lib, Qur’oni karimni yod bilgan, arab va fors tillarini yaxshi bilib, tafsir va hadis ilmi bobida bilimdon inson, fikh, mantiq, adabiyot, musiqa, riyoziyot va falakiyot ilmlarini chuqur bilgan qomusiy olim bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bek islom olamida ilk bora hukmdorlik va olimlik darajasini birgalikda olib bordi. U Movarounnahrni musulmon olamining ilmiy markaziga aylantirishga harakat qildi. Xususan Samarqand, Buxoro, Kesh (Shahrisabz) ilm-fan markazlariga aylandi. U 1417 yil Buxoro, 1420 yili Samarqandda, 1433 yillarda G‘ijduvonda madrasalar barpo etdi. Samarqandning obodonchilik ishlariga bosh-qosh bo‘lib, Go‘ri Amir, Shohizinda me’moriy majmualarini oxiriga yetkazadi. Shohi Zinda majmuasida masjid, peshtoq, chortoq quriladi. Mirzo Ulug‘bek davrida Registon maydoni shakllandi, unga Ulug‘bek madrasasidan tashqari xonakoh, karvonsaroy, o‘ymakor yog‘ochlar bilan bezalgan Muqatta masjidi bino etildi.
Shuningdek, Ko‘kaldosh jome masjidi ham qurib bitkazildi. Ushbu me’moriy binolardan faqat Ulug‘bek madrasasi asrlar silkinishlariga dosh berib, majmuadan yagona yodgorlik bo‘lib qoldi. Shuningek, Samarqandda barpo etilgan Mirzoyi hammomi va karvonsaroyi, Chilustun (qirq ustun) va Chinnixona saroylari o‘zlarining me’moriy qurilishi kompozitsiyalari bilan ajralib turgan. Xususan, Zahiriddin Muhammad Bobur Chilustun va Chinnixona saroylarining ko‘rkam va juda muhtasham bo‘lganligini ta’kidlab o‘tgan edi. Mirzo Ulug‘bek boshqa shaharlardagi me’moriy obidalar qurilishi masalasiga ham e’tibor bilan qaragan. Ular orasida Shahrisabzdagi Ko‘k gumbaz masjidi o‘zining hashamatliligi bilan ajralib turadi. Bu yerdagi Gumbazi Sayidon yodgorligi qayta tiklandi.
Hadisi sharifdagi ”Ilm olmakka intilmoq har bir muslim va muslima uchun ham farz, ham qarz” degan ibora Buxoro madrasasi peshtoqiga shior sifatida o‘yib yozdirib qo‘yiladi. Xususan, u Samarqandga o‘z zamonasining yirik, taniqli olimlarini chorlashga harakat qilgan.
Uning sa’yi-harakatlari tufayli zamonasining 100 dan oshiq olimlari Samarqandga yig‘ildilar. Ular orasida Taftazoniy, Mavlono Ahmad, o‘z zamonasining “Aflotuni” deb nom olgan Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Koshiy, Muhammad Hafoviylar va boshqa taniqli zotlar ham bor edi. 1420 yil Samarqand madrasasi ochilganda, unda 100 dan ziyod talaba o‘qigan, madrasada 50 tadan ko‘proq talabalar uchun maxsus hujralar mavjud bo‘lgan. Zayniddin Vosifiyning yozishicha, 1420 yili Samarqand madrasasi ochilganida unda 90 tadan oshiq olim qatnashgan. Ilk ma’ruzani Mavlono Hafoviy o‘qigan. Keyinchalik o‘z zamonining taniqli kishilari Abdurahmon Jomiy, Xo‘ja Axror va boshqalar ham Samarqand madrasalarida tahsil olganlar.
Shuningdek, Samarqandda bu davrda bir necha boshqa madrasalar ham bo‘lib (Xonim, Feruzshoh, Shohmalik, Qutbiddin va boshqalar) u yerlarda ham salohiyatli olimlar dars berishar edi. 1424-1429 yillarda Samarqand yaqinidagi Obirahmat anhori bo‘yida Mirzo Ulug‘bek rasadxona qurdiradi. Rasadxona o‘sha davrning noyob inshootlaridan bo‘lib, u doira shaklida barpo etilgan, imoratning aylanasi 47 m, balandligi 31 m.dan iborat 3 qavatli bino bo‘lgan. Binoning ichi bir necha xona, aylana zal, maxsus tekshirish xonalaridan iborat bo‘lib, u yerlarda maxsus asbob-uskunalar joylantirilgan.
Rasadxona ichi koinot, yer kurrasi tasvirlari bilan bezalgan bo‘lib, xalq ichida shuning uchun “Naqshi jahon” degan nom bilan shuhrat topgan edi. Samoni kuzatish va o‘rganish borasida G‘iyosiddin Jamshid yordamida astronomik o‘lchov asbobi-ulkan sekstant o‘rnatilingan. Bu sekstant, o‘z navbatida, Sharqdagi eng katta astronomik asbob o‘lchovi hisoblangan. Shuningdek, mahalliy ustalar (Iso Usturlobiy, Abu Mahmud Xo‘jandiy, usta Ibrohim) qo‘li bilan ko‘plab zaruriy astronomik o‘lchov asboblari ham yasaldi va o‘rnatildi. Rasadxona qoshida shuningdek 15.000 jilddan iborat kitob saqlanadigan boy kutubxona ham bo‘lgan. Uning atrofida olimlar yashaydigan yer-chorbog‘lar Bog‘imaydon va Chinnixona nomi bilan shuhrat topdi. Ulug‘bek Samarqandda o‘ziga xos astronomiya maktabini yaratdi. Rasadxonada Ulug‘bek bilan bir qatorda o‘z zamonasining mashhur matematigi va astronomlari Qozizoda Rumiy (Salohiddin Muso ibn Muhammad), G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Ulug‘bekning shogirdi o‘z davrining “Ptolemey”i nomi bilan shuhrat qozongan Ali Qushchi (Alouddin ibn Muhammad) va boshqalar yelkama-yelka turib ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordilar.
Rasadxonadagi tadqiqotlar natijasida 1018 ta yulduzning o‘rni va holati (koordinatlari) aniqlanib, astronomik jadvali tuzildi. O‘rta Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq o‘lkalari bo‘ylab joylashgan 683 geografik punktlarning joylashuvi Samarqand kenglik koordinatlari bilan belgilab chiqildi. Matematika fani sohasida Ulug‘bek maktabi yaratgan - o‘nlik darajali algebrali tenglama yechilib, bir darajali yoyning sinusi aniqlangan.
Shu jihatdan buyuk olimning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” (Ko‘ragoniyning yangi astronomik jadvali) nomli asari diqqatga sazovordir. Bu asar 1437 yil yozib tugatilgan bo‘lsa-da, olim umrining oxiriga qadar unga yangi natijalarni kiritib borgan.
Mirzo Ulug‘bekning ilmiy merosi jahon ilm-fan olamida hamisha yuqori baholanganligini, hozirda ham uning yulduzlar harakatiga oid hisob-kitoblari kompyuter yordamida tekshirib ko‘rilganda atigi bir necha daqiqa farq qilinganligini 1996 yil YUNESKOning bosh kotibi Federiko Mayor Respublikamiz Prezidenti I.Karimov bilan bo‘lgan muloqotda faxr bilan ta’kidlaganini Yurtboshimiz «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» asarida alohida qayd etib, buyuk vatandoshimiz merosiga yuksak baho bergan edi. Ulug‘bek rasadxonasi yodgorligi mustaqillik yillarida qayta ta’mirlandi, rasadxona atrofi obodonlashtirilib, buyuk olim hurmatiga bag‘ishlangan monumental kompozitsiya barpo etildi.
Ulug‘bek davrida, shuningdek Samarqand Sharqning madaniy markaziga aylanganligi uchun mashhur faylasuf Ali ibn Muhammad Jurjoniy, taniqli tabib Mavlono Nafis, shoir Xayoliy Buxoriy, “Yusuf va Zulayho” dostonining muallifi Durbek, qasida janrining taniqli namoyondasi o‘zbek shoiri Sakkokiy, mashhur xattot Abdurahim Xorazmiy va boshqalar Ulug‘bek homiyligi ostida Samarqandda yashab ijod qildilar. Shuningdek, Sharqning ko‘plab taniqli olim va shoirlari fuzaloi-ulamolari Samarqandga tez-tez kelib turdilar. Ulug‘bek davrida o‘ziga xos tarixnavislik maktabi ham paydo bo‘ldi. XV asrdagi taniqli tarixchilar, “Zubdat at tavorix” (Tarixlarning yuqori qismi) asarining muallifi Hofizi Abro‘, “Matla as-sa’dayn va majma al-bahrayn” (Ikki dengizning qo‘shilishi va ikki saodatli yulduzning bolqishi) asarining muallifi Abdurazzoq Samarqandiy, “Ravzat as safo” (Jannat bog‘lari) asarining muallifi Mirxond, “Habib us siyar” (Do‘stga maktub) va boshqa qator asarlarning muallifi Xondamir Ulug‘bek yaratgan madaniy sharoitda o‘sib ulg‘aydilar. Ulug‘bek davridagi madaniy markaz keyinchalik ”Ulug‘bek akademiyasi” nomini olib, dastavval mashhur fransuz yozuvchisi va olimi Volter (1694-1778) tomonidan e’tirof etilgan edi. Ajdodlarimiz tarixida 1004 yilda tuzilgan Ma’mun akademiyasidan so‘ng, Ulug‘bek akademiyasi O‘rta Osiyo tarixida ikkinchi akademiya sifatida yuzaga keldi.
Mirzo Ulug‘bekning vafotidan so‘ng madaniy markaz Xurosonga, jumladan uning poytaxti Hirotga ko‘chdi. Hirot madaniy va ilmiy markazining shakllanishida Xuroson hukmdori Sulton Husayn (Boyqaro) (1469-1506) va ayniqsa buyuk shoir va mutafakkir, g‘azal mulkining sultoni Mir Alisher Navoiyning (1441-1501) roli nihoyatda beqiyos bo‘ldi. Ma’rifatli hukmdor bo‘lmish Sulton Husayn (Boyqaro) butun Xurosonda ilm-fan, adabiyot, madaniyat homiysiga aylanadi. Uning o‘zi “Husayniy” taxallusi ostida g‘azallar yozgan. Bizning kunlargacha uning she’riy “Devon”i va nasriy “Risola” asarlari yetib kelgan. Ta’kidlash joiz-ki, Sulton Husayn (Boyqaro) hayrihohligi va homiyligi madaniy yuksalishga katta turtki bo‘lgan.
Buyuk mutaffakir va davlat arbobi, o‘zbek adabiyoti asoschisi Alisher Navoiy 1441 yili Hirotda taniqli barlos bahodiri G‘iyosiddin xonadonida dunyoga kelgan. U yoshligidanoq nihoyatda zakovatli va zehnli bola bo‘lgan. Uning besh yoshida yozgan g‘azaliga taniqli o‘zbek shoiri Lutfiy o‘z vaqtida katta baho bergan edi. Yoshligidanoq u temuriy shahzoda Sulton Husayn bilan do‘st bo‘lib, keyinchalik ular Xuroson hokimi Abulqosim Bobur (1451-1457) xizmatida birga bo‘lganlar. Husaynning xizmat davrida Alisher Navoiy Mashhad va Hirot madrasalarida tahsil ko‘radi. Keyinchalik Movarounnahr hokimi Sulton Abu Said tazyiqi bilan Samarqandga ketishga majbur bo‘lib, u yerda ikki yilcha turib, o‘z bilimini yanada takomillashtiradi. 1469 yili Xuroson taxti Sulton Husaynga tekkandan so‘ng, uning taklifi bilan Alisher Navoiy Hirotga kelib, avval muhrdorlik so‘ngra vazirlik lavozimida faoliyat ko‘rsatadi. Jumladan, Alisher Navoiy o‘zining vazirlik lavozimini egallagan vaqtida (1472-1476) mamlakatda imkon boricha osoyishtalik va adolat o‘rnatishga harakat qiladi. Uning hatti-harakatlari natijasida shaharlar yuksaldi, suv chiqarilib, ko‘pgina yerlar obod qilindi, hunarmandchilik va savdo-sotiq ishlari yanada rivojlandi. Navoiy ilm-fan, ma’rifat va madaniyat ahliga shaxsan o‘zi homiylik ko‘rsatdi. Garchi toju-taxt uchun kurashlarda va fitna-nizolar natijasida Navoiyning Sulton Husayn bilan oralari bir oz sovugan bo‘lsa-da, lekin Navoiy umrining oxiriga qadar davlatning tayanch shaxslaridan biri bo‘lib qoladi. Jumladan, u vazirlik lavozimidan ketar ekan, sulton Navoiyga shohona to‘n kiygizib, uning hech bir iltimosi hech qachon yerda qolmasligini aytadi. Alisher Navoiyning birgina o‘zi 300 tadan ziyod turli qurilish, obodonchilik ishlariga bosh-qosh bo‘ladi. Hirotdagi Injil daryosi bo‘yida uning qurilish ishlari uchun maxsus yer ham ajratib beriladi. U barpo etgan Hirotdagi “Ixlosiya”, “Shifoiya” majmualari, Tus viloyatidagi Turuqband suv ombori va kanali, Hirot va Mashhaddagi qator sug‘orish inshootlari, Astroboddagi saroy va masjid, Marvdagi madrasa shular jumlasidandir. El-yurt farovonligini o‘ylagan Navoiy o‘z daromadlarining aksariyat qismini hayriya ishlariga sarflaydi.
Odamiy dersang demagil odamiy,
Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami,
deb, o‘z ta’rifini bergan edi shoir. Shaxsan uning mablag‘lari hisobidan 52 ta rabot, 19 ta hovuz, 16 ta ko‘prik, 9 ta hammom va boshqalar qurildi. Shuningdek, Navoiy butun Xurosonda 12 tadan oshiq ahamiyatli bo‘lgan va ta’mirlanishga muhtoj masjid, minora, rabot va boshqalarni ta’mir etib o‘z holiga qaytaradi. Jumladan, Navoiy ta’mir etgan Hirotdagi jome masjidi hozirgi kunga qadar Hirot shahrining go‘zal inshootlaridan biri hisoblanadi. Alisher Navoiy homiyligi ostida Sharq miniatyurasi maktabining yetuk namoyondasi “Sharq Rafaeli” nomini olgan Kamoliddin Behzod, taniqli tabiblar Abdulhay Muniy, Darvish Ali, hattotlardan - Sulton Ali Mashhadiy, musiqachilardan - Husayn Uddiy, shoir va tarixchilardan-Sohib Doro, Muhammad Nizomiy, Kamoliddin Binoiy, Davlatshoh Samarqandiy, Husayn Voiz Koshifiy, Mirxond, Zayniddin Vosifiy, Muiniddin Muhammad Isfizoriy va boshqalar yetishib chiqdilar. Alisher Navoiy ilk bora o‘zga shoirlardan farqli ravishda turkiy tilda 1483-1485 yillarda beshta dostondan iborat “Xamsa” asarini yozdi.
Buyuk shoirning 20 tadan ziyod yirik asarlari mavjuddir. Ular “Xazoyinul maoniy”, “Lison ut tayr”, “Mahbub ul qulub”, “Majolisun nafois”, “Munshaot”, “Muhokamatul lug‘atayn”, “Mezonul avzon” va boshqalardir. Bular tarixiy, falsafiy, ahloqiy mezonlarni o‘z ichiga olib, ularda insoniyatga xos bo‘lgan barcha ijobiy xislatlar ulug‘lanadi. Navoiy o‘z asarlarida Vatanga, tug‘ilib o‘sgan yeriga nisbatan buyuk muhabbatni kuylaydi, muhabbat va sadoqat, halollik va poklik, do‘stlik va hamkorlik, ezgulik va adolat kabi o‘chmas g‘oyalar tarannum etiladi. Buyuk mutafakkir insonlarni o‘zaro mehr-oqibatli, insof-diyonatli, bag‘rikeng, olijanob, mehnatsevar bo‘lishga chaqirib, aynan yuqori ahloqiy sifatlarga ega bo‘lgan insongina mamlakat ravnaqiga bevosita hissa qo‘shishi mumkinligini, har bir kishi o‘z ahloqi va odobi ila jamiyat ma’naviy hayotini yuksaltirishi mumkinligini uqtirib o‘tadi. Ilm olishga intilmak, xat-savodli bo‘lish, o‘z halol mehnati, pok kalbi bilan umr kechirish haqidagi ezgu fikrlar uning asarlaridan keng joy olgan.
Navoiyning o‘zi esa barkamol, komil inson qiyofasi uchun buyuk ramzdir. Alisher Navoiy o‘z umri va ijodini xalq osoyishtaligi va farovonligi, davlat ravnaqi va obodligi, madaniyat, fan, adabiyot taraqqiyotiga bag‘ishlaydi. Jahon ahli Navoiyni nafaqat ulug‘ shoir va davlat arbobi, balki buyuk insonparvar shaxs, qomusiy olim, betakror so‘z san’atkori, Gomer, Nizomiy, Shota Rustaveli, SHekspir, Balzak, Pushkin, Tolstoy,
Tagor kabi adabiy dunyo daholari qatoridan joy olganligini e’tirof etadi. Moskva, Tokio, Boku shaharlarida ushbu mutafakkirga haykallar o‘rnatilganligi, asarlarining o‘nlab jahon xalqlari tillariga tarjima qilinganligi yuqoridagi fikrning tasdig‘i bo‘lib qoladi.
Ulug‘ shoirning o‘lmas merosini o‘rganish mustaqillik yillarida o‘zining haqiqiy darajasiga chiqdi, adibning barcha asarlari qayta chop etildi. Hukumatimiz qaroriga binoan, xalqimizning buyuk mukofoti ramzida Navoiy nomidagi davlat mukofoti ta’sis etildi. O‘lkamizda Navoiyning ulug‘ nomini bilmagan zot yo‘qdir. Xalqimiz Alisher Navoiy buyuk nomiga yuksak hurmat va ehtiromi Prezidentimiz I.Karimovning «Agar bu ulug‘ zotni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning sultonidir», degan so‘zlarida to‘laqonli o‘zining ifodasini topgan.
Prezidentimiz I.Karimov tashabbusiga ko‘ra, 1991 yili Alisher Navoiyning 560 yilligi juda katta tantanalar bilan nishonlanib, shoirning mahobatli haykali xalqimizning ulug‘ mutafakkirga muqaddas ramzi sifatida poytaxtimizning markazida qad ko‘tardi.
XV asrning zabardast o‘zbek shoirlari ichida, shuningdek Lutfiy, Durbek, Sakkokiy, Gadoiy, Atoiy va boshqalarning ham nomlari ma’lum va mashhur bo‘lgan. Jumladan, Navoiydan avval turkigo‘y shoir Lutfiy (1366-1465) bo‘lgan. Uning o‘z vaqtida 20 dan ziyod ajoyib asarlari mavjud bo‘lib, bizgacha faqat mashhur “Gul va Navro‘z” va g‘azallar devoni etib kelgan xolos.
Bu davrlarda shuningdek, Sharafiddin Ali Yazdiyning (1454 yili vafot etgan) Temur tarixiga bag‘ishlangan, Nizomiddin Shomiydan so‘ng yozilgan bir xil nomdagi “Zafarnoma” asari yaratildi. Fors-tojik adabiyotida ayniqsa mashhur shoir va olim, Navoiyning zamondoshi hamda do‘sti Nuriddin Abdurahmon Jomiyning (1414-1492) roli buyuk bo‘ldi. Jomiy va Navoiyning do‘stligi esa, tarixda xalqlarimiz ittifoqligining buyuk ramzi bo‘lib qoldi.



Download 2,66 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   191




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish