O’zbekiston tarixi fanidan toshkent 2015 1-mavzu: O’zbekiston tarixi fanining predmeti, uni o’rganishning nazariy – metodologik asoslari, manbalari va ahamiyati


-mavzu: IX-XII asrlarda O’rta Osiyoda uyg’onish davri. Ilm-fan va madaniyatning rivojlanishi



Download 0,62 Mb.
bet7/19
Sana23.06.2022
Hajmi0,62 Mb.
#697124
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   19
Bog'liq
2016 ўзбекистон тарихи лекция

7-mavzu: IX-XII asrlarda O’rta Osiyoda uyg’onish davri. Ilm-fan va madaniyatning rivojlanishi.

Reja:
1. Ilk uyg'onish davri, uning vujudga kelish sharoitlari va omillari.


2. Ilm-fan ravnaqi, madaniyat rivoji.
3. Islom dini, buyuk hadisshunoslar.
4. Vatandoshlarimizning jahon tamadduniga hissasi.


Tayanch so’z va iboralar: Renessans. Uyg’onish. Sivilizatsiya. Baytul- xikma. Donishmandlar uyi. Ilm-fan. Badiiy adabiyot. Xattotlik. Hadisshunoslik. Tasavvuf ta’limoti. Me’morchilik. Musavvirlik.

Tarixdan ayonki ijtimoiy taraqqiyot doimo bir yo'sinda ravon bo'lmagan. Odamzod umumiy rivojlanish bilan birga qanchadan - qancha to'siqlarni, tanazzul va tangliklarni boshidan kechirgan. So'ng ularni bartaraf etib, o'z moddiy va madaniy darajasini qayta tiklagan va yangi taraqqiyot sari astoydil intilgan. Fanda bunday yirik, salmoqli yuksalishni - tiklanish, uyg'onish, renessans ham deb ataydilar. Xususan, G'arbiy Yevropada bunday renessans XV-XVII asrlarda deyarli 700 yillik xurofotdan so'ng yuz bergan.


Markaziy Osiyoda ilk uyg'onish davri IX-XII asrlarga to'g'ri keldi va u o'zgacha shart - sharoitlarda kechdi. Uning ko'lami oqibatlari, jahon sivilizatsiyasiga ta'siri ham bo'lakcha bo'lgan. IX-XII asrlarda Movarounnahr va Xurosonda sodir bo'lgan o'ta murakkab siyosiy vaziyatning rivoji ijtimoiy va iqtisodiy o'zgarishlar mamlakat madaniy hayotiga ham kuchli ta'sir etdi.
Ma'lumki, Movarunnahr istilo qilinib, xalifalikka qo'shib olingach, zabt etilgan o'zga mamlakatlar qatorida, bu o'lkada ham faqat islom dinigina emas, balki arab tili va uning imlosi ham joriy etildi. Chunki, arab tili xalifalikning davlat tili edi. Shuningdek, Arab xalifaligida davlat tili fan tili ham edi. Somoniylar, Qoraxoniylar, Saljuqiylar va Xorazmshohlar sulolalari hukmronlik qilgan IX-XII asrlarda Movarounnahr aholisi o'rtasida nisbatan tinchlik, osoyishtalik, totuvlik, yaqinlik va hamjihatlik vujudga keldi. Natijada o'lkada moddiy ishlab chiqarish, madaniy rivojlanish jarayoni ancha tezlashdi. Shaharlar hayoti yuksaldi, savdo-sotiq, hunarmandchilik o'sdi, aholi faolligi barqarorlashdi. San'at ayniqsa, devoriy tasvir ravnaqi yangi bosqichga ko'tarilgan edi. Haykaltaroshlik, badiiy yog'och o'ymakorligi, ganchkorlik taraqqiy etdi. Musiqachilar, bastakorlar ko'payib bordi, naychilar, o'yinchi - raqqoslar, surnaychilarning oilaviy chiqishlari bo'lib turar edi.
Bu davrlarda diniy e'tiqodlar o'zaro murosada bo'lganligi aholining hayotida va mamlakat osoyishtaligida muhim o'rin tutgan. Shu bilan birga tabiiy fanlarga, atrof-muhitni anglash, mavjudotni kengroq bilishga intilish kuchayadi. Xususan o'sha paytlarda So'g'd taqvimlari tuzilganligi, hozirgi to'rt ko'l hududida esa rasadxona bo'lganligi haqida ma'lumotlar bor. Demak, O'rta Osiyoda qadimdan sivilizatsiya asoslari, moddiy va ma'naviy madaniyatning chuqur ildizlari mavjud bo'lgan.
Arablar bosqini natijasida jiddiy putur yetgan o'lkamiz madaniyati yillar o'tib, bir muncha tiklandi va yangi sharoitda ilm-fan rivojlandi, madaniy-ma'rifiy sohalarda jiddiy ijobiy o'zgarishlar yuz berdi. Arab xalifaligi ham IX asr boshlariga kelib ilm - fan, ma'rifat ahamiyatini yaxshiroq tushundi. Xalifalikning yangi poytaxti Bag'dodda 832- yili "Baytul-hikma" ("Donishmandlar uyi") tashkil etilib, uning ehtiyoji uchun qayta mablag' ajratildi. Baytul-hikma qoshida ikkita rasadxona, dunyoning turli yerlaridan avvallari bitilgan ilmga oid adabiyot to'plandi, ular yunoncha, lotincha, hindcha, xitoycha, forscha va boshqa tillardan arabchaga tarjima qilindi, o'rganildi. Xalifalik bu ilm maskaniga ko'p mintaqalardan mashhur olimlarni jalb etdi. Xususan, O'rta Osiyodan 20 dan ortiq olimlar bu markazda sadoqat bilan ilm-fan rivojiga o'z salmoqli hissalarini qo'shgan edilar.
XI asr boshlarida Xorazmda vujudga kelib, keng faoliyat ko'rsatgan mashhur "Ma'mun akademiyasi" ilm-fan ravnaqiga ijobiy ta'sir ko'rsatdi. Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr Mansur ibn Inoq singari ilm peshvolari ham dastlab shu fan maskanlarida ulg'ayib, kamolat bosqichiga ko'tarilganlar.
Davlat tizimida madaniyatni yaxshi anglagan ilmli odamlar ko'paydi. Xususan, devon boshliqlari (vazirlar) hokimlarning ko'pchiligi arab, fors, turkiy tillarni bilgan, dunyoqarashlari keng kishilar edi. IX-XII asrlarda mintaqada ko'p bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan, yangi madrasalar, saroylar, masjidlar, maqbaralar va boshqa noyob me'morchilik inshootlari barpo etilgan. O'lkada ko'plab karvonsaroy, rabotlar, sardobalar qurilgan.
Buxoro, Samarqand, Xiva, Termiz, Marv, Shosh, Xo'jand, O'sh, Andijon kabi shaharlarda turli ilm maskanlari bo'lgan. Ko'plab madrasalar ishlab turgan, kutubxonalar, kitob rastalari va bozorlari gavjum bo'lgan.
O'lkamizda bu asrlardagi kashfiyotlar va bilimlar ko'p jihatdan hayotiy bo'lib, ijtimoiy ehtiyojni jadal sur'atlarda o'sib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar talabini qondirish, keng ma'noda moddiy va ma'naviy madaniyatning yuksalishi bilan bog'liq bo'lgan. Ana shu ehtiyoj o'lkamizda buyuk allomalarning vujudga kelishida, ular ijodining samaralarida namoyon bo'ldi.
Demak, IX-XII asrlardagi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy vaziyat mintaqamizda ilm-fan, umuman madaniyatning keng ko'lamda rivojlanishini taqozo qilar edi. Bunday sharoitda yuzlab allomalar davr talabiga javob berib barakali ijod qildilar va ilmning turli sohalarida ko'plab yangiliklar yaratdilar. Aslini olganda, bunday ilmiy madaniy va ma'naviy yuksalish o'rta asrlar uchun kutilmagan, shu bilan birga dunyoni hayratda qoldirgan hol bo'ldi. Shu boisdan ham bunday ma'rifat siljish uyg'onish, ilk renessans deb tarixga kirdi.
Buyuk matematik, astronom va geograf olim Muhammad Muso al-Xorazmiy (783-850) nomi fan tarixida alohida o'rin tutadi. Olim o'zining "Al-jabr val Muqobala", "Hind matematikasi haqida kitob", "Astronomik jadvallar" singari asarlari bilan "Algebra" faniga asos soldi. Uning arifmetika risolasi hind raqamlariga asoslangan bo'lib, hozirgi paytda biz foydalanayotgan o'nlik hisoblash sistemasining Yevropaga tarqalishiga sabab bo'ldi. Allomaning "Al-Xorazmiy" nomi "algoritm" shaklida fanda muhrlanib qoldi. Olimning geografiga oid "Kitob surat al-arz" kitobi, astronomiyaga oid "Zij", tarixga oid "Kitob at-tarix" (Tarix kitob) asarlari bor. Al-Xorazmiyning arab ilmiy dunyosining yirik markazi - Bag'doddagi Ma'mun akademiyasida ishlagan davrlari uning iste’dodining eng barq urgan davrlari bo'ldi. U shu akademiyaning rahbari sifatida ilm ahliga ibrat ko'rsatdi.
Al-Farg'oniy (798-865) dastlabkilardan biri bo'lib Yer shari xaritasini tuzgan, u rasadxonada ishlab, yer meridianing bir darajasining uzunligini o'lchagan. Nil daryosi suvi sathini belgilovchi asbobni yaratish kabi kashfiyotlari jahonga mashhur bo'ldi. Olim yilning yozda eng uzun kunini (22 iyun), qishda eng qisqa kunini (23 dekabr), tunu kunning tengligi 21-mart va 23- sentabrga to'g'ri kelishini aniqlagan.
Vatandosh allomalarimizning ko'pchiligi qomusiy olimlar bo'lgan, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino kabi o'nlab olimlar falsafa, matematika, astronomiya, adabiyot, she'riyat, qonunshunoslik, jamiyatshunoslik bobida samarali ijod qilganlar. X asr allomasi Abu Abdullo al-Xorazmiy (Muso al-Xorazmiy bilan adashtirmaylik) o'zining "Ilmlar kalitlari" nomli asarida o'sha paytda ma'lum bo'lgan ellikka yaqin ilmlar tasnifini, ya'ni klassifikatsiyasini beradi va ularni sharhlaydi. Tabobat va dorishunoslik borasida dunyoga dong'i ketgan Ibn Sinodan tashqari Al-Qumriy, Abu Mansur Qamariy, Sharafutdin al-Iloqiy, Ismoil Jo'rjoniy kabi olimlar unumli mehnat qilganlar.
Kimyo fani ravnaqiga Abu Bakr ar-Roziy, Abul Xakim al-Qosiy, geometriya va trigonometriya rivojiga Mahmud Chagminiy, Shamsutdin A'loul Buxoriy, falsafaga Ibn Miskavayx kabi mutafakkirlarning hissalari katta bo'lgan.
Mashhur faylasuf, ko'p tabiiy fanlar bilimdoni Al-Forobiy musiqa haqida ham asarlar yozgan, uning notalar xususidagi kitoblari o'rta asrlardayoq lotin, ivrit (Qadimgi yaxudiy) va boshqa tillarga tarjima etilgan ekan, yoki Ibn Sinoni olaylik. Bilamizki, bu ulug' zot tabobat, riyoziyot, falsafa, jamiyatshunoslik sohalarida benazir asarlar bitgan. Shu bilan birga Ibn Sino 10 jildlik arab grammatikasi xususida kitob yaratgan. Faxriddin Roziy esa falsafa, mantiq, huquqshunoslik, tibbiyot va boshqa sohalarda 150 dan ortiq ilmiy risolalar yozgan.
Mintaqamizda mavjud bo'lgan ko'p tillilik (aholining ko'pchiligi turkiy, fors va arab tillarini bilgan) bu davr madaniyatining muhim xususiyatlaridan biridir. Shu bilan birga donishmandlarimiz boshqa xorijiy tillardan ham xabardor bo'lganlar. Masalan, buyuk astronom, matematika, geodeziya, geologiya, mineralogiya, tarix fanlarinnng bilimdoni Al-Beruniy 7-8 tilni mukammal bilgan. Xususan, u Yunoniston olimlari Evklidning "Negizlar" va Ptolemeyning "Almagest" asarlarini yunonchadan, o'zi yaratgan "Usturlobiya" kitobini arabchadan sanskritga (qadimgi hind tiliga) tarjima qilganligi tarixdan ma'lum.
Ajdodlarimiz aqlni peshlashda shaxmat o'yinining ahamiyatini yaxshi bilganlar. U paytlarda ko'pincha 100 katakli shaxmatda o'ynash nufuzli hisoblanardi. Abubakr as-Suliy X asrda eng kuchli shaxmat ustasi bo'lgan. Boshqa kuchli o'yinchi-Abulfatx Ahmad XI asrda shaxmat bo'yicha qo'llanma yozadi, bu risola bir necha asrlar davomida qayta-qayta ko'chirilib unga qo'shimchalar kiritiladi. Firdavsiyning "Shohnoma"sida shaxmat o'yinlari mahorat bilan ifodalangan edi.
IX-XII asrlarda tarix, tilshunoslik, badiiy san'at kabi gumanitar fanlar ravnaqi ham salmoqli bo'lgan. Abu Bakr Narshaxiyning “Buxoro tarixi", Al-Mustag'firiyning "Nasaf va Kesh tarixi", Bayxaqiyning "Mas’ud tarixi" asarlari bitildi. Bu davrda Xorazm, Samarqand, Shosh, Qubo, Termiz, Chag'oniyon kabi hududlar tarixiga oid risolalar yaratildi. Xususan, X asrning o'rtalarida yaratilgan "Buxoro tarixi" turli davrlarda fransuz, rus, ingliz, arab, fors va hozirgi o'zbek tillarida bir necha bor chop etilgan.
O'sha paytlarda turkiy tillarga e'tibor ham kuchaydi. VIII-IX asrlar oralig'ida ijod etgan adib Ahmad Yugnakiy "Haqiqatlar tuhfasi" dostonini yaratdi. Bizgacha yetib kelgan bu asardan ko'rinib turibdiki, uning muallifi salohiyatli shoir va ahloq muallimi bo'lgan. Bu ajoyib asar 14 bobdan iborat bo'lib, ular ma'naviy-ahloqiy kamolot sirlaridan ta'lim berishga mo'ljallangan. Dostonning birinchi bobiga "Ilm manfaati va jaholatning zarari haqida" deb bejiz nom berilmagan. Mashhur turkiyshunos olim Mahmud Koshg'ariy "Turkiy tillarning sintaksis qoidalari"ni yozdi va "Devonu lug'atit turk" asarini yaratdi. Unda muallif 7,5 mingdan ortiq turkiy so'zlar izohlari, grammatik va didaktik xususiyatlari, shevalari to'g'risida to'xtalgan. Shu davrlarda Yusuf Xos Xojib "Saodatga boshlovchi bilim" kitobini yaratdi. O'zbek adabiy tilining shakllanishida bu asarlarning o'rni katta bo'lgan.
O'sha asrlarda o'lkamizda she'riyat keng ko'lamda rivojlandi. Ular ko'pincha fors, turkiy va arab tillarida bitilar edi. Abu Abdullo Rudakiy, Abu Mansur Daqiqiy, Sobir Termiziy, Abu Mansur as-Saolibiylarning badiiy asarlari mashhur bo'lgan. Abulqosim Firdavsiyning "Shohnoma"si madaniyatimizda ulkan voqea bo'ldi. Bu davrda xalq og'zaki ijodi ham keng rivoj topdi. “O'guznoma", "Alpomish", "Go'ro'g'li" kabi dostonlar elga manzur bo'ldi, aholi orasida she'riy, qofiyaviy aytishuvlar vujudga keldi.
Musiqa san'ati ham yangi bosqichga ko'tarildi. Bu davrda bir necha turdagi maqom ixtiro etildi, navo - ohanglarni notaga solish boshlandi. Bu jabhada Forobiyning izdoshlari Mas'ud Ishroziy va Muhammad Amoliy samarali ish olib bordilar. Yangi musiqiy asboblar kashf etildi, o'ynoqi ohanglar bastalandi. Sayyohlardan biri XII asrda Buxorada Isfaxoniyning "Ashulalar kitobi"ni bozor rastasida uchratgani haqida hikoya qiladi.
IX-XII asrlar davrida dunyoviy fanlarning yuksalib borishi bilan birga, islomiy madaniyat va ma'naviyat shakllanib, chuqur ildiz otib bordi, yetuk olimu - ulamolar yetishib chiqib, Vatanimiz nomini ulug'laganlar. Bunda shu yurt zaminidan yetishib chiqqan buyuk islomshunos allomalarning xizmati benazirdir. Xazrati payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v) nomi va u zoti sharifning muborak so'zlari bilan bog'liq "Qur'oni Karim" oyatlari mazmuni, mohiyatini teran tushunish va anglab yetishga muhim kalit bo'lib xizmat qiladigan hadisshunoslik ilmi IX asrda juda rivojlandi. Butun musulmon olamiga eng ishonchli manbalar deb tan olingan 6 ta ishonchli hadislar to'plami - "As-sixax as sitta" xuddi shu davrda yaratildi. Ular orasida hadis ilmida "Amir al- mo'min" degan sharafli nomga sazovar bo'lgan Imom Ismoil al -Buxoriy nomi yorqin ko'zga tashlanib turadi.
Imom Buxoriy o'z safarlari davomida turli shaharlardagi 90 ga yaqin ustozlardan ta'lim olgan. Ayni chog'da uning o'zi ham yuzlab shogirdlarga ustozlik qilgan. U qoldirgan noyob asarlar ro'yxati 20 dan oshadi. Bu asarlar orasida "Al-jome as-saxix" asari (u "Saxix al-Buxoriy" nomi bilan ham yuritiladi) o'zining mukammalligi, ahamiyatining benihoyaligi bilan ajralib turadi.
Allomaning "Al jome as - saxix" asari asrlar davomida butun musulmon dunyosida yuksak qadrlanib, necha bor nashr etilib, yer yuzi musulmonlari uchun dasturulamal qo'llanma bo'lib kelmoqda. Uning 1325- yilda ko'chirilgan 8 jildlik mukammal nusxasi hozirda Istanbul (Turkiya) da saqlanmoqda.
Imom al-Buxoriyning zamondoshi va shogirdi, o'z davrining mashhur allomasi - Abu Iso Muhammad at-Termiziy ham hadisshunoslik ilmini yuksak bosqichga ko'targan siymolardandir.
At-Termiziydan bizgacha katta ilmiy meros yetib kelgan. Uning asosiy asarlari sirasiga "Al-jomi" ("Jamlovchi"), "Al ilol fin - hadis" ("Hadislardagi og'ishmalar"), "At tarix" ("Tarix") kabilarni nisbat berish mumkin.
Bu tilga olingan tarixiy davrning yana bir muhim jihati shundaki, bunda islom dini va uning asosiy tamoyillarini har tomonlama chuqur tadqiq etish hamda rivojlantirishga o'z hissasini qo'shgan, tasavvuf va tariqat ilmida benazir bo'lgan vatandosh allomalarimiz faoliyatiga ham bir nazar tashlash joiz bo'ladi. Al-Buxoriy va At-Termiziyning sadoqatli izdoshlari Abduraxmon an-Nasoiy, Abu Mansur ad-Moturidiy, Qaffol ash-Shoshiy, Mahmud az-Zamaxshariy, Abu Iso Samarqandiy, Najmiddin Kubro kabi ulamolar musulmon dunyosining yirik mutafakkirlari sifatida ko'pchilikka mashhur bo'ldilar. Xususan, shayx Al-Moturidiy ta'limotiga ko'ra, bilishning uch manbai mavjud. Ular his (sezgi), naql-rivoyat va aql-idrokdir. Shu bilan birga ul zot aql-idrokning alohida o'rni borligini ta'kidlaydi, Demak, aqliy dalillar va isbotlar asosida voqelikni anglamoq musulmonchilikda muhimdir. Xazrati imom ash-Shoshiy halollik, odillik masalalarini o'z asarlarida keng yoritgan. Shariat qonun-qoidalarini chuqur tahlil etib, "Hidoya" asarini yaratgan Burhoniddin Marg'inoniyning mulohaza va tavsiyalari islom dunyosida ko'p asrlar davomida muhim manba bo'lib, u yoki bu masalani adolat va insof nuqtai nazaridan hal etishda asosiy qo'llanma vazifasini bajargan.
Islom dini shakllangandan so'ng uning doirasida, Qur'on va hadis talablariga mos ravishda paydo bo'lgan tasavvuf (sufiylik) ta'limoti XI asrga kelib keng tarqala boshladi. O'lkamizda so’fiylik asoslarini Yusuf Xamadoniy, Abdulxoliq G'ijduvoniy, Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirg’oniy targ'ib etganlar va rivojlantirganlar. So'ng Xorazmda Kubraviya birodarligi, Buxoroda Naqshband tariqatlari shakllandi. Bularning barchasi o'sha davrda islom madaniyatining shakllanishida, ma'naviyatimiz asoslarini peshlashda, odamlarning iymonli bo'lib yetishishida muhim o'rin tutgan. Bu iymon-e'tiqod asrlar davomida sinovdan o'tdi va hamon odamlarni kamtarlikka, mo'minlikka, halollikka, bag'rikenglikka, insofu-vijdonli bo'lishga da'vat etib kelmoqda.
Yurtdoshlarimiz yaratgan ilmiy asarlar o'sha asrlardayoq arab tili orqali dunyoga tanilib, Sharq, G'arbda ibrat bo'lgan va ma'lum darajada andoza rolini o'ynagan. Donishmandlarimiz asarlari turli o'zga tillarga tarjima qilinib, Fransiya, Angliya, Ispaniya, Italiya, Tailand va boshqa ko'p mamlakatlarga tarqalgan. O'lkamizda yuz bergan ilm-fan, madaniyat va sa'nat sohalaridagi o'zgarishdirlar. Yangiliklarning asosiy xislatlaridan biri insonparvarlik g'oyasining doimo ustun bo'lganligidadir. Markaziy Osiyodagi uyg'onishning muhim belgisi - bu dunyoviy ilmlarga intilish, hamda din va diniy bilimlarni jamiyat, inson manfaatidan kelib chiqib talqin etish bo'lgan, odamzod ma'naviyatini boyitish esa asosiy mezon bo'lgan. G'arb olimlarining e'tiroficha, antik sivilizatsiya bilan Yevropa to uyg'onish davriga qadar, ya'ni XVI asrgacha arab tilida bitilgan asarlar bilan tanishgan. G.Gegel o'zining "Tarix falsafasida": "Fan va bilimlar,ayniqsa, falsafa G'arbga arablardan o'tgan", -dedi. Yurtdosh donishmandlarimizning ko'pchiligi zamon taqozosiga ko'ra o'z asarlarining ko'pchiligini o'sha paytlarda xalqaro tilga aylangan arab tilida yozganlar. Shu boisdan aksariyat G'arb olimlari ko'pchilik Sharq olimlarini arab deb faraz qilganlar. Al-Xorazmiyning arifmetikaga bag'ishlangan kitobi XII asrda Ispaniyada lotinchaga tarjima qilingan va o’sha paytlarda ko'chirilgan. U nusxa hozir ham Kembrijda saqlanmoqda. Bu asar bir necha asrlar davomida Yevropa universitetida "Algortim kitobi" nomi bilan mashhur bo'lgan. Rim papasi Silvestoi rim raqamlari o'rniga Xorazmiy ishlab chiqqan arab raqamlarini Yevropada iste'molga kiritish to'g'risida farmon berdi. "Algebra", "Algoritm" atamalarining dunyo miqyosida tarqalishiga ham vatandoshimizning nomi sababchi bo'lgan. Al-Xorazmiyning geografiya xususidagi asari 1037-0 yilda ko'chirilgan nusxasi Strasburg kutubxonasida mavjud. Al-Farg'oniyning astranomik asari Yevropada XII asrda lotin tiliga 2 marta va XIII asrda boshqa Yevropa tillariga tarjima etilgandan so'ng, uning nomi "Alfragonus" shaklda G'arbda bir necha asr davomida keng tarqaldi. Farg'onalik donishmand nomini Dante (XV asr) Shiller (XVIII asr) ehtirom bilan tilga olganlar. Farg'oniy yaratgan asarlaridan birining qo'lyozmasi Prinstogn (AQSh) universitetida saqlanmoqda. Abu Nasr Farobiy asarlari XII-XIII asrlardayoq lotin, qadimiy yaxudiy, fors, fransuz, rus, ingliz tillarida chop etilgan. Ibn Sino asarlari o'sha paytlardan boshlab ko'p tillarga ag'darilgan. Faqat "Tib qonunlari"ning o'zi lotinchada 30 martadan ortiq nashr qilingan. Abu Rayhon Beruniy yaratgan durdonalar turli asrlarda lotin, arab, sanonrid, fransuz, italyan, nemis, ingliz, yaxudiy, rus, fors, turk va boshqa ko'p tillarda chop etilgan. Amerikalik prof.J.Sartoen Beruniy merosiga yuksak baho berish bilan birga, uni "O'z davridagi jahonning birinchi donishmandi" deb ataydi. O'tmishni ziyraklik bilan kuzatayotgan Prezidentimiz Islom Karimov: "Markaziy Osiyo tarixida siyosiy aql-idrok bilan ma'naviy jasoratni, diniy dunyoqarash bilan qomusiy bilimdonlikni o'zida mujassam etgan buyuk arboblar ko'p bo'lgan", deb takidlaydi. Ularning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo'shgan hissalarini o'sha davrlardan buyon butun dunyo tan olmoqda.
Ajdodlarimiz shuhratining muhim manbai ularning qiziquvchanligida, jiddiy izlanuvchanligida masalaning yechimini topishda zaxmat chekishga ruhan tayyorligida, halol va xolis tadqiqot olib borishlarida, falsafiy idrokida, mustahkam irodasida, qisqasi ularning imoni komilligidadir, desak vijdonan to'g'ri bo'ladi.
Qissadan hissa shulkim, ajdodlarimiz orasida katta iste'dod egalari, zehni tez, mulohazasi chuqur, mantiqi kuchli, fikri o'tkir, xotirasi mustahkam allomalar ko'pdan-ko'p bo'lgan. O'sha asrlarda o'tgan donishmandlarimiz bilan tabiiyki fahrlanamiz. Ularning ilm-fan, ma'rifat va ma'naviyat sohalaridagi buyuk jasorati bizga,mustaqil O'zbekiston ahliga, nafaqat boy meros, balki katta saboq, ulkan ibratdir.
Demak, IX-XII asrlarda O'rta Osiyoda madaniy va ma'rifiy taraqqiyotning barcha sohalarida yuqori darajali rivojlanish yuz bergan. Shu bois bu ulkan jarayonni uyg'onish, renessans deyishga asos bor.
O'zbekistan Prezidenti I.Karimov "Tafakkur" jurnali savollariga javob bera turib, IX-XII asrlarda ma'rifatli dunyo yurtimiz donishmandlarini qanchalik izzat-ikrom qilgan bo'lsa, XXI asrda biz xalqimiz, millatimizga nisbatan ana shu ehtiromni qaytadan qo'lga kiritishimiz kerak, deb buyuk vazifani olg'a surdi. Bugungi kunda Vatanimiz, uning xalqi yangi sivilizatsiya arafasida turibdi, mamlakatimiz ulkan taraqqiyot sari qadam qo'ymoqda. Ana shunday sharoitda ajdodlarimizning ruhi barchamizga yor bo'lsin.



Download 0,62 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   19




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish