2.Jaloliddinning mo'g'ullar ustidan qozongan dastlabki g'alabasi qayerda bo'lgan edi? A.Parvon dashtida B.Valiyon qal'asi yonida C.Niso shahrida D.Qandahor yaqinida
3.Yurtimizda Jaloliddin Manguberdi ordeni qachon ta'sis etilgan? A.1999-yil 30-avgustda B.2000-yil 30-avgustda C.2002-yil 30-avgustda D.2005-yil 30-avgustda
4.Jaloliddin Manguberdi mo'g'ullarga qarshi kurashib, G'aznaga yetib olgunga qadar ... A.Amudaryo bo'ylarida Jo'jixon qo'shinlarini tor-mor etdi
B.Niso, Qandahor shaharlari yonida mo'g'ul qo'shinlariga qaqshatqich zarbalar berdi
C.Marvni o'z qarorgohiga aylantirib, bu yerda katta qo'shin to'play boshladi
D.Chingizxon bilan yakkama- yakka muzokoralar olib bordi
5.Parvon dashtidagi jangdan so'ng Jaloliddin Manguberdidan qaysi lashkarboshilar ajralib ketadi? A.Sharafiddin O'zdara va Husomiddin B.G'iyosiddin Malik vaTo'g'rul Malik
C.Sayfiddin Ag'roq va A'zam Malik D.Ziyo al-Mulk va To'lan Cherbi
6.Jaloliddin Manguberdi Chingizxon taqibidan qochib, qaysi daryodan ot bilan sakragancha narigi tomoniga suzub o'tib ketadi? A.Sirdaryodan B.Amudaryodan C.Zarafshon daryosidan D.Sind daryosidan
7.Ma'lumki, Chingizxon o'g'illariga imperiyani ulus sifatida bo'lib bergan edi. Shundan Qirg'izlar yerlari kimga tekkan? A.Jo'jiga B.Chig'atoyga C.O'qtoyga D.Tuluga
8.Eng so'nggi Xorazmshohning hukmdorligi qachon tugaydi? A.1221-yilda B.1222-yilda C.1231-yilda D.1241-yilda
III.Yangi mavzu bayoni: Zabt etilgan o‘lka va viloyatlarni Chingizxon hali hayotlik chog‘idayoq to‘rt o‘g‘illariga taqsimlab berdi. Jumladan, Sharqiy Turkiston, Yettisuv va Movarounnahrga Chig‘atoy ega bo‘ldi. Shunday qilib, mo‘g‘ullar bosib olingan viloyatlarni uluslarga taqsimlash asosida boshqarishga kirishdi. Chingizxon vafotidan so‘ng (1227) O‘qtoy mo‘g‘ullar davlatining ulug‘ xoqoni qilib tayinlandi. Uluslarning hukmdorlari «xon» deb yuritilardi. Ulug‘ xoqonning qarorgohi Qoraqurum shahrida bo‘lib, u yerdan turib xonlarning xatti-harakatini qattiq nazorat qilib borar edi. Chingizxon vafotidan keyin ham mo‘g‘ullarning G‘arbga tomon yurishi davom etdi. 1236-1240-yillarda Rus davlati zabt etilib, Oltin O‘rda davlati tashkil topadi. 1256-yilda Eron batamom bosib olinib, Xulakiylar davlati vujudga keladi. 1258- yilda Xuloku abbosiylar sulolasiga xotima beradi. Mo‘g‘ullar Osiyo va Yevropaning katta qismida o‘z hukmronligini o‘rnata olgan bo‘lsalar-da, yagona markazlashgan davlat tuza olmadilar. Ulus xonlari ulug‘ xoqonga nomigagina bo‘ysunsalar-da, amalda o‘z bilganlaricha ish yuritardilar. XIII asrning 20-yillarida Chig‘atoy tasarrufiga berilgan Movarounnahr, Yettisuv va Sharqiy Turkistonda Chig‘atoy ulusi tashkil topdi. Chig‘atoyxonning ulusni boshqaradigan o‘rdasi Elsuvi (Ili) daryosi bo‘yida edi. Viloyatlar va hunarmandchilik shaharlarini boshqarishda Chig‘atoy o‘ziga bo‘ysundirilgan xalqlarning yuqori tabaqa vakillari xizmatidan foydalanadi. Movarounnahrni bevosita idora etish ishlari hali Movarounnahr zabt etilmasdan ilgari Chingizxon huzurida xizmat qilgan xorazmlik savdogar Mahmud Yalavochga beriladi. U Xo‘jand shahrini o‘ziga qarorgoh qilib oladi va shu yerda turib, Movarounnahrni idora qila boshlaydi. Harbiy hokimiyat, aholini ro‘yxatdan o‘tkazish, soliq yig‘ish ishlari dorug‘achi va tavg‘ach deb ataluvchi mo‘g‘ul amaldorlari qo‘lida bo‘lardi. Mo‘g‘ul bosqoqlari (mahalliy hokim) ixtiyoridagi ko‘p sonli askarlar Mahmud izmiga bo‘ysundirilgan edi. Mahmud Yalavoch shularga suyanib mo‘g‘ul xoqonlari talabini ijro qilar va o‘zining cheksiz hukmronligini amalga oshirar edi. Chig‘atoy xonlari markaziy hokimiyat xazinasi uchun aholiga turli soliqlar solib, zo‘ravonlik bilan undirib olishar edi. Ziroatchilardan olinadigan yer solig‘i bu davrda «kalon» deb yuritilgan. Chorvadorlarga esa «qopchur» solig‘i solingan. Davlat xazinasi uchun «shulen» nomi bilan yuritilgan oziq-ovqat solig‘i ham undirilgan. «Shulen» har bir podadan ikki yashar qo‘y, qimiz uchun har ming otdan bir biya hisobida olingan. Hunarmandlar va savdogarlardan «targ‘u» solig‘i undirilgan. Targ‘u ishlab chiqarilgan mahsulot yoki sotilgan molning o‘ttizdan bir qismi hajmida undirilgan. Bulardan tashqari aholiga tuz solig‘i, jun va kumush solig‘i solingan. Soliqlar mahalliy amaldorlar tomonidan barot (ijara) tartibida avvaldan bir yo‘la to‘lab yuborilardi, so‘ngra ular aholidan yig‘ib olinardi. Aholidan yig‘ib olish paytlarida soliqlar, shubhasiz, rasmiylashtirilgan miqdordan oshirib undirilardi. 1238-yilda Buxoroning Torob qishlog‘ida bosqinchilar va mahalliy mulkdorlar zulmiga qarshi qo‘zg‘olon boshlanadi. Qo‘zg‘olonga toroblik g‘alvir yasovchi hunarmand Mahmud boshchilik qiladi. Tarixda u Mahmud Torobiy nomi bilan shuhrat topadi. Torobiyning yaqin safdoshlaridan Shamsiddin Mahbubiy va Buxoro aholisi qo‘zg‘olonchilarga qo‘shilib qo‘liga qurol oladi. Mahmud Torobiy o‘z tarafdorlari bilan Buxoroga kirib olgach, shahar ichidagi Robiya saroyini qarorgoh qilib oladi. Bu yerga Buxoroning sadrlari, badavlat a’yonlari, yirik yer egalarini chaqirtiradi. U o‘zini Buxoro va atrof viloyatlarining xalifasi, ya’ni hukmdori deb rasmiy ravishda e’lon qilishga ularni majbur etadi. Shun- dan so‘ng Shamsiddin Mahbubiy sadr deb e’lon qilinadi. Mahmud Torobiy Buxoroda o‘z hukmronligini o‘rnatgach, mo‘g‘ul tarafdorlari bo‘lgan mahalliy amaldorlar Buxorodan qochib ketadi. Qochqin amaldorlar va mo‘g‘ullar noib Mahmud Yalavoch yordamida Karmana yaqinida kuch to‘plab, Buxoro ustiga yuradilar. O‘rtada jang boshlanadi. Mo‘g‘ullar yengilib, Karmana tomon qocha boshlaydilar. Jangda qo‘zg‘olon boshliqlari Mahmud Torobiy va Shamsiddin Mahbubiylar ham halok bo‘ladilar. Qo‘zg‘olonchilar ularning o‘rniga Torobiyning ukalari Muhammad va Alini boshliq qilib saylaydilar. Oradan bir hafta o‘tmay, ularga qarshi mo‘g‘ullarning yangi qo‘shini hujum qiladi. Jangda qo‘zg‘olonchilar tor-mor qilinib, Torobiyning har ikkala ukalari ham halok bo‘ladilar. Mo‘g‘ullar Buxoroni yana bosib olib, u yerda ilgarigi tartiblarni qayta o‘rnatadilar.Chig‘atoy soliqlarni tartibga solish islohotida 1238-yilda Mahmud Yalavochni noiblikdan chetlatishga majbur bo‘ldi. Uning o‘g‘li Ma’sudbek noib etib tayinlandi. Ulug‘ xoqon O‘qtoy Mahmud Yalavochni Pekin shahriga hokim etib tayinlaydi.