Yutuqlar yo‘lini ko‘rsatuvchi ustunlar
O‘zbekiston rahbari dastlabki kunlardanoq mustaqillik g‘oyalarini izchil ro‘yobga chiqarish hamda uni mustahkamlashni eng asosiy burch va shior sifatida o‘rtaga tashladi. Bu tezislar Shavkat Mirziyoyevning boy hayotiy tajriba, amaliy bilim hamda ko‘nikmalar, respublikamiz fuqarolari uchun dolzarb bo‘lgan muammolarni hal etishga nisbatan keng qamrovli yondashuv asosida ishlab chiqilgan Saylovoldi dasturida yaqqol ifodasini topdi.
Mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari chuqur tahlil qilingan, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni saqlash hamda tashqi siyosatda yangicha yondashuvlar aks etgan bu dasturda 130 dan ziyod millatlar va elatlarni jamlagan O‘zbekiston xalqi shunday istiqbolni ko‘rdiki, hatto butun dunyoda murakkab siyosiy jarayonlar, to‘qnashuvlar kechayotgan bir davrda ham respublikamiz tinchlik va o‘zaro totuvlikning mustahkam qo‘rg‘oni sifatida rivojlanib boraveradi. O‘zbekistonni o‘zining aziz va jonajon Vatani, deb bilgan yigirmaga yaqin diniy konfessiyalar vakillari mamlakat buguni va ertangi kuniga o‘z taqdiri, farzandlari kelajagini bog‘lagan holda katta ishtiyoq va g‘ayrat-shijoat bilan ishga kirishdilar.
Shu o‘rinda aytish joizki, Saylovoldi dasturi davlat tuzilishining barcha jihatini qamrab olgan bo‘lib, yaxlit holda, bir-biriga o‘zaro ta'sirini hisobga olgan mazmunda aks etgan edi. Ma'lumki, puxta o‘ylangan siyosiy qarorlar qudratli iqtisodiyot asosiga quriladi. O‘z navbatida, ijtimoiy va gumanitar sohalar ham unga tayanadi. Zamonaviy voqelik ham shunday yondashuvni talab etadi. Ammo ayrim ekspertlar bu holatda tanlangan dastur teskari yo‘nalishga aylanib ketishidan ehtiyot bo‘lish kerakligi xususida ham ogohlantirishadi. Ya'ni iqtisodiy jihatdan qudratli, lekin ma'nan zaif jamiyat -tashqi ta'sirlar ostida mafkuraviy immunitetini yo‘qotib qo‘yishi, rivojlanish yo‘lidan chalkashib ketishi ham hech gap emas.
Dasturda qayd etilganidek, davlatimiz taraqqiyoti yo‘lida uchrashi mumkin bo‘lgan to‘siqlarning har tomonlama tahlili asosida hayotning barcha sohasini o‘z ichiga olgan beshta ustuvor yo‘nalish ko‘rsatildi. Bu yo‘nalishlar mavjud muammolarni bartaraf etish, yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan edi. Bir oz vaqt o‘tib, ushbu masalalar 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida o‘z ifodasini topdi. Hujjatning puxta ishlab chiqilgan bandlari kutilgan yutuqlar sari olib boradigan sermashaqqat yo‘lda aniq ko‘rsatkichga aylandi.
— Men O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini diqqat bilan o‘rganib chiqdim, — deydi Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasining a'zosi Muhammad Iltaf Shayx. — Bu jiddiy hujjatda O‘zbekistonning kelgusidagi rivoji hamda puxta o‘ylangan, tinchliksevar tashqi siyosati mujassam. Ana shunday yondashuvlar bugungi kunda o‘zining amaliy samaralarini ko‘rsatmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |