Buxoro xonligining tashkil
topishi.
Shayboniylar urf-odatiga ko‘ra, vafot etgan xon o‘rniga
taxtga yoshi katta shayboniy o‘tqazilgan. Shuning uchun ham Muhammad Shayboniyxonning
o‘limidan so‘ng taxtga bevosita uning avlodlari emas, amakisi
Ko‘chkunchi Sulton
(1510-1530,
(Mirzo Ulug’bekning qizi Robiya Sultonbegim bilan Abulxayirxonlarning farzandi) o‘tqazilgan.
XVI asrning 40-yillaridan so‘ng bu urf-odatga rioya etilmay qo‘yilgan. Ko‘chkunchixondan
so‘ng esa taxtga uning o‘g‘li
Abu Said
(1530-1533) o‘tirdi. Undan keyin esa hukmdorlik
Shayboniyxonning ukasi Mahmud Sultonning o‘g‘li
Ubaydullaxon
(1533-1540) qo‘liga o‘tdi.
Ubaydullaxon poytaxtni Samarqanddan Buxoroga ko‘chirtirdi. Ubaydullaxon Buxoroga ota
meros mulk deb qarar edi, chunki Shayboniyxon hayotligidayoq Buxoro hokimligini ukasi
Mahmud Sulton (Ubaydullaxonning otasi)ga bergan edi. Shu tariqa, shayboniylarning
Movarounnahrda tashkil etgan davlati endilikda rasmiy ravishda Buxoro xonligi deb ataladigan
bo‘ldi.
Ubaydullaxon o‘z davlatining chegarasini Shayboniyxon davridagi sarhadlarda qayta
tiklashga harakat qildi. U Hirotni ishg‘ol etgan Eron qo‘shinini bir necha marta mag‘lubiyatga
uchratgan edi. Ayni paytda, u mamlakat ichkarisidagi o‘zaro kurash va tarqoqlikka barham berdi.
Ubaydullaxon vafot etgach esa ichki ziddiyatlar yana kuchaydi. Hokimiyat uchun qattiq
kurashlar boshlandi. Shayboniyxon avlodlarining har biri toj-taxtga da’vogar edilar. Ularning har
biri o‘z ota merosi bo‘lgan hududlarda mustaqillikka intilar, imkoni bo‘lsa, xonlik taxtini
egallash ishtiyoqida edilar.
Buning natijasida, Ko‘chkunchixonning o‘g‘li Abdullaxon I ning qisqa vaqt hukmdorligidan
so‘ng mamlakatda qo‘shhokimiyatchilik vujudga keldi. Ya’ni bir davlatda ikki hukmdor paydo
bo‘ldi.
Biri – Ubaydullaxonning o‘g‘li Abdulazizxon Buxoroda, ikkinchisi – Ko‘chkunchixonning
o‘g‘li Abdulatifxon Samarqandda hukmdorlik qila boshladilar. Mamlakat bir necha mustaqil
hokimliklarga bo‘linib ketdi.
Mamlakatdagi parokandalikka chek qo‘yish uchun markaziy hokimiyatni yana tiklash va
kuchaytirish zarur edi. Bu zaruriyatni urushlarsiz amalga oshirib bo‘lmas edi. Ana shunday
sharoitda kurash maydoniga Miyonqol hokimi Iskandar Sultonning o‘g‘li
Abdullaxon II
(1534-
1598) chiqdi.
1556-yili Muhammad Islomning ko‘magida Abdullaxon II Buxoro taxtini egallaydi. To‘g’ri,
1557-1561-yillarda amakisi
Pirmuhammadxon
, 1561-1583-yillarda otasi
Iskandarxon
oliy
xukmdor deb e’lon qilingan bo‘lsada, amalda xukmdor Abdullaxon II edi.
Abdullaxon II siyosiy tarqoqlikka qarshi uzoq yillar urush olib borib, 1573-yilda Farg’onani,
1574-yilda Shahrisabz, Qarshi, Hisor viloyatlarini, 1578-yilda Samarqandni, 1582-yilda
Toshkent, Shohruhiya, Ohangaron va Sayramni, 1583-yilda Balxni, 1584-yilda Badaxshonni,
1588-yilda Hirotni, 1595-yilda Xorazmni zabt etib, mamlakatni birlashtirish ishini uddaladi.
Uning davlati sarhadlari janubda Hirotdan Mashhadgacha, shimolda Orol dengizigacha, Kaspiy
dengizidan Issiqko‘lgacha yetdi. Butun Movarounnahr, Xorazm va Xuroson yana yagona
hukmdor qo‘li ostida birlashtirildi. XVI asr oxirlariga kelib Buxoro xonligi nisbatan
markazlashgan ulkan davlatga aylandi.
Rossiyada bu davlatga nisbatan „Velikaya Buxariya “ (Buyuk Buxoro) iborasi qo‘llangan
edi.
Shunday qilib, XVI asrdagi davlatchiligimiz tarixida yetakchi sulola – shayboniylar sulolasi
bo‘ldi. Sulolaning eng qudratli vakili Abdullaxon II davrida esa o‘zbek davlatchiligi o‘z tarixida
yana bir bor yuksak darajaga ko‘tarila oldi.
Abdullaxon II 1598-yilda vafot etgach, taxtni uning o‘g‘li
Abdulmo‘min
(1598-1599)
egalladi. Biroq ko‘p o‘tmay Abdulmo‘min fitnachilar tomonidan o‘ldirildi. Taxt uchun kurash
yakunida Abdullaxon II ning amakivachchasi
Pirmuhammad
(1599-1601) taxtga o‘tqazildi.
Ichki nizolar tufayli Buxoro xonligida sodir bo‘lgan og‘ir vaziyatdan foydalangan Eron
hukmdori shoh Abbos bostirib kirib, Nishopur, Sabzavor, Mashhad, Hirotni egallaydi. Xorazm
esa xonlik tasarrufidan chiqib, davlat mustaqilligini tiklab oldi. Ayni paytda, qozoq xoni
Tavakkal Movarounnahrga qo‘shin tortib, Axsi, Andijon, Toshkent, Samarqandni egallab,
Buxoroga yurish qildi. Pirmuhammadxon qo‘shini 1599-yilda Tavakkal qo‘shinini tor-mor
keltirdi va Movarounnahr hududini ozod etdi. Qozoqlar qo‘shini Dashti Qipchoqqa chekindi.
Pirmuhammad Buxoro xonligini yana ikki yilcha idora qildi. 1601-yilda Pirmuhammad va
kelib chiqishi ashtarxoniylardan bo‘lgan Boqi Muhammad o‘rtasida qonli to‘qnashuv yuz beradi.
Mag‘lub bo‘lgan Pirmuhammad o‘ldirildi. Shunday qilib Abdullaxon II vafotidan atigi 3 yil
o‘tgach bir asr davom etgan shayboniylar sulolasi hukmronligi barham topdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |