(10-q.)
Soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchisi boʻlgan banklar
soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilaridan birining bu guruhning boshqa
ishtirokchilari oldidagi qarziga taalluqli qism boʻyicha ushbu Kodeksning 315-moddasiga
muvofiq zaxirani shakllantirmaydi. Guruhga kirish chogʻida banklar zaxirani bu guruhning boshqa
ishtirokchilariga tegishli boʻlgan qarzning summasiga tiklaydi. Tegishli summalar bank soliq
toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi aʼzosiga aylangan soliq davridan oldingi soliq
davridagi jami daromad tarkibiga kiritiladi.
(11-q.)
Soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining ushbu guruh tarkibiga kirgan,
soliq davridan oldingi soliq davrlarida ushbu boʻlimga muvofiq hisoblab chiqarilgan zararlarni
koʻrgan aʼzolari konsolidatsiyalashgan soliq bazasini oʻzlari koʻrgan zararning butun summasiga
yoki ushbu summaning bir qismiga kamaytirishga yoxud ushbu guruh tarkibiga kirgan soliq
davridan eʼtiboran zararlarni ushbu Kodeksning 333-moddasida belgilangan tartibda kelgusiga
oʻtkazishga haqli emas.
(12-q.)
Soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi aʼzolarining ushbu guruh tarkibiga
kirguniga qadar koʻrgan zararlarini (shu jumladan ushbu Kodeksning 302-moddasiga muvofiq
xizmat koʻrsatuvchi xoʻjaliklar obyektlaridan foydalanganlik oqibatida koʻrilgan zararlarni)
konsolidatsiyalashgan soliq bazasi bilan umumlashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Mazkur qoida soliq
toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi tarkibiga ushbu guruhning ishtirokchisiga qoʻshib
olish yoki bunday guruhning ishtirokchisiga qoʻshib yuborish yoʻli bilan kirgan yuridik shaxslar
koʻrgan zararlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
(13-q.)
Kodeksning ushbu boʻlimida nazarda tutilgan soliq solish maqsadida qabul
qilinadigan xarajatlar normativlari soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining har bir
ishtirokchisi tomonidan qoʻllaniladi.
(14-q.)
Ushbu Kodeksda qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari
boʻlmagan soliq toʻlovchilar uchun belgilangan qimmatli qogʻozlarga va muddatli bitimlarning
moliyaviy vositalariga doir operatsiyalar boʻyicha soliq bazasini aniqlashning oʻziga xos
xususiyatlari soliq bazasini alohida aniqlashga, shuningdek soliq bazasini koʻrilgan zararlar
summasiga kamaytirishga va zararlarni kelgusi davrga oʻtkazishga taalluqli qismi boʻyicha
konsolidatsiyalashgan soliq bazasini hisoblab chiqarishda qoʻllaniladi.
(15-q.)
Ushbu moddada belgilangan qoidalar faqat 337-moddaning 12-bandida belgilangan
soliq stavkasi qoʻllaniladigan soliq bazasini aniqlashga, banklar uchun esa ushbu Kodeks 337-
moddasining 1-bandida belgilangan soliq stavkasi qoʻllaniladigan soliq bazasini aniqlashga
nisbatan tatbiq etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: