2.2. Kengash yig‘ilishlarini tashkil qilish va o‘tkazish
Kengashning birinchi yig‘ilishi tashkilot direktori tomonidan tashkillashtiriladi va o‘tkaziladi.
Kengash har chorakda kamida bir marta yig‘iladi.
Kengash yig‘ilishi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Kengash yig‘ilishida uning umumiy a’zolaridan 6o foizi ishtirok etganda Kengash qaror qabul qilishi mumkin. Kengash o‘z faoliyatini daxlsizlik, oshkoralik, shaffoflilik, adolatlilik tamoyillariga muvofiq amalga oshiradi. Kengash qarorlari a’zolarning teng huquqliligi asosida oddiy ko‘pchilik ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lgan hollarda Kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Kengash yig‘ilishlariga Kengash raisi raislik qiladi. Kengash raisi o‘z vakolatini vaqtincha bajarish imkoniyati bo‘lmagan hollarda (xizmat safari, ta’til va kasallik davrida), uning vazifasini bajarish Kengash a’zolaridan biriga vaqtincha yuklatiladi. Bunda, tashkilot va hududiy bo‘lim xodimlariga yuklatilishi mumkin emas. Kengash yig‘ilishida tashkilot direktori yoki uning o‘rinbosarlari kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin. Kengash yig‘ilishlari talablariga muvofiq tashkillashtirishi va o‘tkazilishi hamda hujjatlarning to‘g‘ri va to‘liq rasmiylashtirilishi uchun Kengash raisi mas’ul hisoblanadi.
Kengash yig‘ilishi o‘tkazilishidan kamida 1o kun oldin yig‘ilish o‘tkaziladigan kun, vaqti, joyi va muhokama etiladigan masalalar haqida Kengash a’zolari xabardor qilinishi lozim. Kengash a’zolarini xabardor qilish uchun Kengash raisi mas’ul hisoblanadi. Tashkilot rahbari Kengash yig‘ilishlarini o‘tkazish va uning ishini tashkil qilish (hujjatlarni rasmiylashtirish va saqlash uchun zarur bo‘lgan xona, tashkilot faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlar va kanselyariya jihozlari) uchun mas’ul hisoblanadi.Kengashning faoliyati bo‘yicha ma’lumotlarni har chorakda tashkilotning rasmiy veb-saytida, ommaviy axborot vositalarida yoki tashkilotning barcha ko‘rishi mumkin bo‘lgan joyiga joylashtirish tavsiya etiladi. Kengash yig‘ilishlari o‘tkazilganligi haqidagi bayonnomalar Kengash yig‘ilishi o‘tkazilgan kundan boshlab 3 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda hududiy bo‘limga taqdim etilishi lozim.
Kengashning huquq va vakolatlari. Kengash o‘ziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:
tashkilotning tegishli davrdagi faoliyati bo‘yicha tashkilot direktoridan ma’lumotlar so‘rash va olish;
tashkilotning moliyaviy hisobotlari bilan tanishish;
homiylik va xayriya mablag‘larining kirim qilinishi va sarflanishi haqidagi ma’lumotlar bilan tanishish;
tashkilot pedagog xodimlarining sha’ni, qadr-qimmati, obro‘sini himoya qilish bo‘yicha takliflar kiritish.
Kengashning faoliyatiga tashkilot direktori, hududiy bo‘lim, mahalliy hokimliklar va boshqa tashkilotlarning aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi. Tashkilotda tarbiyalanuvchilar va ularning ota-onalaridan turli xil sabablar bilan tashkilot direktori, Kengash a’zolari va boshqa xodimlari tomonidan pul mablag‘larini yig‘ish qat’iyan taqiqlanadi.Kengash raisi, kotibi va a’zolari jamoatchilik asosida amalga oshiradigan kuzatuv kengashidagi faoliyati yuzasidan intizomiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
Xulosa
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2o19 yil 13 maydagi “Maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 391-sonli Qarorining mazmun-mohiyatini tushuntirish bo‘yicha boshqarmaning 2o19 yil 14 iyundagi o2-o4/679-sonli xatiga asosan o‘quv-seminar grafigi ishlab chiqildi. Unga muvofiq, 2o19 yilning 17-19 iyun kunlari shahar va tumanlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 391-sonli Qarorining mazmun-mohiyatini kengroq tushuntirildi, barcha tizimdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga o‘quv seminarida boshqarma mutaxassislari tomonidan taqdimot qilinib, quyidagicha ma’lumotlar berib o‘tildi. “Maktabgacha ta’lim muassasalarining faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2o17 yil 19 iyuldagi 528-son qaror 1-bandining ikkinchi, to‘rtinchi xatboshilari va unga 1, 3-ilovalar o‘z kuchini yo‘qotganligi; Endilikda maktabgacha ta’lim muassasasi termini, maktabgacha ta’lim tashkiloti deb yuritilishi; Maktabgacha ta’lim tizimida Qo‘shma tipdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etilishi;
Endilikda quyidagilar davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining boshqaruvi organlari hisoblanishi;
-Pedagogika kengashi;
-Kuzatuv kengashi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotida ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etishning asosiy shakli o‘yin hisoblanishi;
Bitta xonada ko‘pi bilan 3 ta qisqa muddatli guruh faoliyatini uchta smenada tashkil etish yo‘l qo‘yilishi.
Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi qisqa muddatli guruhlarga 2 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar qabul qilinishi va boshqa ko‘plab Qarordagi yangiliklar tizimdagi barcha shahar va tumanlardagi MTB bo‘lim xodimlariga, maktabgacha ta’lim tashkilot rahbarlariga va uslubchilariga etkazildi.
Shuningdek, barcha maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirlariga o‘z tashkilotida 391-sonli Qarorning mazmun-mohiyatini pedagog-xodimlarga tushuntirish bo‘yicha o‘quv-seminarini o‘tkazib, axboroti va fotolavhalari bilan viloyatga taqdim etish vazifalari topshirildi.
Maktabgacha ta’lim sohasida misli ko‘rilmagan o‘zgarishlarni bugun har bir yurtdoshimiz sezib, kuzatib turibdi. Ta’limning poydevori hisoblangan maktabgacha ta’lim tizimiga davlat tomonidan bu qadar tizimli va bir-birini to‘ldiruvchi e’tibor hamda amaliy yordam kuzatilmagan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Sohada yig‘ilib qolgan muammolarni hal etish va 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarning to‘laqonli ta’lim-tarbiya olishini ta’minlash masalasi davlatimiz rahbari tomonidan kechiktirib bo‘lmas vazifa sifatida ilgari surildi. Sababi bog‘chalar ta’lim muassasasi vazifasini bajarish o‘rniga ota-ona ishda bo‘lgan vaqtda bolaga qarab turadigan muassasaga aylanib qolgani, qamrovning pastligi, binolarning ta’mirtalabligi, boshqa maqsadlarda ishlatilgani, metodik jihatdan to‘liq ta’minlanmagani, pedagoglar ijtimoiy himoyasi va maoshining pastligi kabi kompleks muammolarni hal etish kechiktirib bo‘lmas masala edi. Keyingi 2o yil davomida davlat tasarrufidagi maktabgacha ta’lim muassasalari soni 45 foizga kamaygani, 2,45 million boladan 818 ming nafarigina bog‘chalarga qamrab olingani bu fikrlar isboti bo‘la oladi. Maktabgacha ta’lim muassasalari infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasining yaroqsiz holati bolalarni maktabgacha ta’lim bilan to‘liq qamrab olishni ta’minlashga imkon bermasdi.
Ayrim mutasaddilarning sustkashligi tufayli sohani rivojlantirish bo‘yicha belgilangan ishlar vaqtida bajarilmagani, nodavlat bolalar bog‘chasini ochish borasidagi harakatlar paysalga solingani, joylardagi bog‘chalarda qurilish ishlari to‘liq yakuniga yetkazilmagani kabi kamchiliklar o‘z ortidan uzluksiz xatoliklarni ergashtirib kelardi. O‘rganish shuni ko‘rsatdiki, maktabgacha ta’limni boshqarishning amaldagi tizimi mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, shuningdek, mazkur sohani yanada rivojlantirish uchun innovatsion qarorlarni ishlab chiqish va joriy etish imkonini bermay qolgan edi...
Yuqoridagi ayrimlarinigina sanaganimiz boshi bor-u oxiri ko‘rinmay qolgan muammolarni bartaraf etish uchun birinchi qadam sifatida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. Maktabgacha ta’lim tizimini isloh qilishdagi mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida qabul qilingan Prezident qarorida keng ko‘lamli tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutildi. Maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish, tizimni tarkibiy jihatdan tubdan isloh qilish, boshqaruv tuzilmasini tashkil etish choralari belgilandi. “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorga muvofiq bu sohada yangi tizim yaratildi.
— Yangi vazirlik oldiga maktabgacha ta’lim sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, maktabgacha ta’lim muassasalari davlat va nodavlat tarmog‘ini kengaytirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni qamrab olishni keskin oshirish, ta’lim-tarbiya jarayonlariga zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish orqali bolalarni intellektual, ma’naviy-estetik, jismoniy rivojlantirish hamda ularni maktabga tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash vazifalari qo‘yildi. Maktabgacha ta’lim sohasiga ixtisoslashgan kadrlar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Qabul qilinayotgan barcha-barcha qarorlarni amalga oshiradigan, farzandlarimizga eng zarur hayotiy tushuncha va ko‘nikmalarni o‘rgatadigan yuqori malakali tarbiyachilarni tayyorlash masalasi kun tartibiga chiqdi. Bu sohada zamonaviy talablarga javob beradigan ilg‘or pedagogik usul va uslublarni ishlab chiqish, o‘quv va o‘quv-metodik adabiyotlarning yangi avlodini yaratish va nashr etish ham g‘oyat dolzarb vazifa edi. O‘zbekiston Respublikasining ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarning rivojlanishiga qo‘yiladigan Davlat talablari va “Ilk qadam” maktabgacha ta’lim muassasasining Davlat o‘quv dasturi qabul qilindi. Endilikda zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkilotining tarbiyachilari bolalarni erkin qo‘ygan holda faollik markazlarida o‘yin mashg‘ulotlari orqali yangi ma’lumotlarni o‘rgatmoqda.
Maktabgacha ta’lim tizimida oliy ma’lumotli mutaxassislarga ehtiyoj esa pedagogika universitetlarida maktabgacha ta’lim yo‘nalishiga qabul kvotalarining oshirilishi va nomutaxassis kadrlarni qayta tayyorlovdan o‘tkazish evaziga to‘ldirilmoqda. Ilg‘or xorijiy tajribalar asosida maktabgacha ta’lim tizimidagi pedagog kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv-reja va dasturlarni takomillashtirish, oliy ta’lim muassasalari maxsus sirtqi bo‘limlarining “Maktabgacha ta’lim” yo‘nalishi bo‘yicha 2o18—2o23-yillar uchun kvotalar ajratish masalasiga e’tibor qaratildi.
— Hozirgi zamon tarbiyachisi kasbiy mahoratini doimiy tarzda oshirib borishi, ilg‘or pedagogik texnologiyalarning izchil metodlari mohiyatini to‘liq anglashi va ulardan mashg‘ulotlarida mohirona foydalanishi zarur. Ta’lim jarayonida ilg‘or pedagogik texnologiyalarni faol qo‘llash, ta’lim samaradorligini oshirish, tahlil qilish va amaliyotga joriy etish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir, — deydi Maktabgacha ta’lim muassasalari rahbar xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti katta o‘qituvchisi Mavluda Rustamova. — Tarbiyalanuvchilarning ongi, dunyoqarashini o‘stirish, ularni mashg‘ulotlarda erkin fikrlaydigan erkin ishtirokchiga aylantirish nihoyatda muhimdir. Tarbiyachi mashg‘ulotda boshqaruvchi, bolalar esa ishtirokchiga aylanmog‘i lozim. Ana shu vazifani uddalashda innovatsion faoliyat ustunligi ko‘p qirrali samara keltiradi. Maktabgacha ta’limda ko‘proq bolalarning yoshi, fiziologik holatini hisobga olish lozimligini unutmaslik kerak. Oddiy, oson va kam vaqt sarflanadigan o‘yin mashqlaridan foydalanib, faollik markazlarida ish olib borish yaxshi samara beradi. Ko‘proq atrof-muhit bilan bog‘lab o‘tilgan mashg‘ulotlar bolalar ongi, dunyoqarashini, erkin fikrlash, bayon etish qobiliyatlarini, mustaqil ishlash ko‘nikmasini, ya’ni hayotiy kompetensiyasini rivojlantiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |