IV BOB. JAMOA ShARTNOMALARI VA KELIShUVLARI
1-§. UMUMIY QOIDALAR
29-modda. Jamoa shartnomalari va kelishuvlarining tushunchasi va maqsadi
Jamoa shartnomasi — korxonada ish beruvchi bilan xodimlar o‘rtasidagi mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbga oid munosabatlarni tartibga soluvchi normativ hujjatdir.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning IV bobi 2-paragrafi (“Jamoa shartnomasi”).
Jamoa kelishuvi — muayyan kasb, tarmoq, hudud xodimlari uchun mehnat shartlari, ish bilan ta’minlash va ijtimoiy kafolatlar belgilash borasidagi majburiyatlarni o‘z ichiga oluvchi normativ hujjatdir.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning IV bobi 3-paragrafi (“Jamoa kelishuvlari”).
Jamoa shartnomalari va kelishuvlari xodimlar bilan ish beruvchilarning mehnatga oid munosabatlarini shartnoma asosida tartibga solishga va ularning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini muvofiqlashtirishga yordam berish maqsadida tuziladi.
30-modda. Jamoa shartnomalari va kelishuvlari tuzishning asosiy prinsiplari
Jamoa shartnomalari va kelishuvlari tuzishning asosiy prinsiplari quyidagilardir:
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik normalariga amal qilish;
(30-moddaning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
taraflar vakillarining vakolatliligi;
taraflarning teng huquqliligi;
jamoa shartnomalari, kelishuvlari mazmunini tashkil etuvchi masalalarni tanlash va muhokama erkinligi;
majburiyatlar olishning ixtiyoriyligi;
olinayotgan majburiyatlarning haqiqatda bajarilishini ta’minlash;
tekshirib borishning muntazamligi;
javobgarlikning muqarrarligi.
31-modda. Muzokaralar olib borish huquqi
Har qaysi taraf jamoa shartnomasi, kelishuvini tuzish va o‘zgartirish yuzasidan muzokaralar olib borish tashabbusi bilan chiqishga haqlidir.
Kasaba uyushmasi, xodimlarning boshqa vakillik organi o‘zlarini vakil qilgan xodimlar nomidan muzokaralar olib borish, jamoa shartnomasiga, kelishuviga o‘zlarini vakil qilgan xodimlarning manfaatlarini himoya qiluvchi ilovalar taklif etish va ularni imzolashga haqlidir.
Agar xodimlar tomonidan bir vaqtning o‘zida xodimlarning bir nechta vakillik organi qatnashayotgan bo‘lsa, ular muzokaralar olib borish, jamoa shartnomasi yoki kelishuvining yagona loyihasini ishlab chiqish va bunday shartnoma yoki kelishuvni tuzish uchun birlashgan vakillik organi tashkil etadilar.
Jamoa shartnomasi, kelishuvini tuzish, o‘zgartirish va to‘ldirish uchun ish beruvchi, ish beruvchilar birlashmasi (ularning vakillari) bilan kasaba uyushmalari yoki xodimlarning boshqa vakillik organlari o‘rtasida muzokaralar olib boriladi. Zarur hollarda muzokaralarda ijro etuvchi hokimiyat organlari ishtirok etadilar. Ish beruvchilar, ijro etuvchi hokimiyat organlari kasaba uyushmalari yoki xodimlarning boshqa vakillik organlari ko‘rib chiqish uchun taklif etgan mehnatga oid va ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan muzokaralar olib borishga majburdirlar.
Tegishli yozma xabar olgan taraf yetti kunlik muhlat ichida muzokaralarga kirishishi shart.
Avvalgi jamoa shartnomasi, kelishuvining amal qilish muddati tugashiga qadar uch oy mobaynida yoki bu hujjatlar bilan belgilab qo‘yilgan muddatda har qaysi taraf boshqa tarafga yangi jamoa shartnomasini, kelishuvini tuzish yuzasidan muzokaralar boshlash to‘g‘risida yozma xabar berishga haqlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |