75-modda. Mehnat shartnomasining muddati
Mehnat shartnomalari:
nomuayyan muddatga;
besh yildan ortiq bo‘lmagan muayyan muddatga;
muayyan ishni bajarish vaqtiga mo‘ljallab tuzilishi mumkin.
Agar mehnat shartnomasida uning amal qilish muddati ko‘rsatilmagan bo‘lsa, mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga tuzilgan deb hisoblanadi.
Nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning roziligisiz muayyan muddatga, shuningdek muayyan ishni bajarish vaqtiga mo‘ljallab qayta tuzilishi mumkin emas.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yozma holdagi mehnat shartnomasi (kontrakt) tuzish yuzasidan tavsiyalari”ning I bo‘limining (“Umumiy qism”) ikkinchi xatboshisi.
76-modda. Ish beruvchining muddatli mehnat shartnomasi tuzish huquqini cheklash
Oldingi tahrirga qarang.
Muddatli mehnat shartnomalari:
bajarilajak ishning xususiyati, uni bajarish shartlari yoki xodimning manfaatlarini hisobga olgan tarzda, nomuayyan muddatga mo‘ljallangan mehnat shartnomalarini tuzish mumkin bo‘lmagan hollarda;
korxona rahbari, uning o‘rinbosarlari, bosh buxgalter bilan, korxonada bosh buxgalter lavozimi bo‘lmagan taqdirda esa, bosh buxgalter vazifasini bajaruvchi xodim bilan;
qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda tuzilishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998-yil 17-apreldagi 12-sonli “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakti)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo‘llanilishi haqida”gi qarorining 5-bandi.
(76-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 12-maydagi 220-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 5-son, 89-modda)
2-§. MEHNAT ShARTNOMASINI TUZISh
77-modda. Ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yiladigan yosh
Oldingi tahrirga qarang.
Ishga qabul qilishga o‘n olti yoshdan yo‘l qo‘yiladi.
(77-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2009-yil 24-dekabrdagi O‘RQ-239-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2009-y., 52-son, 554-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Yoshlarni mehnatga tayyorlash uchun umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarining o‘quvchilarini ularning sog‘lig‘iga hamda ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan, ta’lim olish jarayonini buzmaydigan yengil ishni o‘qishdan bo‘sh vaqtida bajarishi uchun — ular o‘n besh yoshga to‘lganidan keyin ota-onasidan birining yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligi bilan ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yiladi.
(77-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2009-yil 24-dekabrdagi O‘RQ-239-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2009-y., 52-son, 554-modda)
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarni ishga qabul qilish ushbu Kodeksning 241-moddasida nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 12-sentabrdagi 207-sonli “O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi konvensiyani hamda bolalar mehnatining og‘ir shakllarini taqiqlash va yo‘q qilishga doir shoshilinch choralar to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qarori.
Do'stlaringiz bilan baham: |