188-modda. Ish beruvchining xodimga mehnat qilish imkoniyatidan g‘ayriqonuniy
ravishda mahrum etilganligi natijasida yetkazilgan zararni to‘lash majburiyati
Xodim mehnat qilish imkoniyatidan g‘ayriqonuniy ravishda mahrum etilgan barcha hollarda
ololmay qolgan ish haqini ish beruvchi unga to‘lashi shart. Bunday majburiyat, agar ish haqi ishga
qabul qilish g‘ayriqonuniy ravishda rad etilganligi, mehnat shartnomasi g‘ayriqonuniy ravishda
bekor qilinganligi yoki xodim g‘ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o‘tkazilganligi va mehnat
nizolarini ko‘ruvchi organning bunday ishlar yuzasidan chiqarilgan qarori o‘z vaqtida
bajarilmaganligi, mehnat daftarchasini berish kechiktirilganligi, har qanday yo‘llar bilan xodimning
sha’niga dog‘ tushiruvchi ma’lumotlar tarqatilganligi natijasida, basharti bu ma’lumotlar haqiqatga
to‘g‘ri kelmasa, shuningdek boshqa hollarda olinmay qolgan bo‘lsa, kelib chiqadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998-yil 17-apreldagi 12-sonli “Sudlar
tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakti)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo‘llanilishi
haqida”gi qarorining
51-bandi
.
189-modda. Ish beruvchining xodim sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni to‘lash majburiyati
Xodimning sog‘lig‘iga mehnatda mayib bo‘lishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki u o‘z mehnat
vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda sog‘lig‘ining boshqacha tarzda shikastlanishi sababli
yetkazilgan zararni ish beruvchi to‘liq hajmda to‘lashi shart.
Xodimning ish beruvchining hududida ham, uning tashqarisida ham mehnatda mayib
bo‘lishi, shuningdek ish beruvchi tomonidan ajratilgan transportda ish joyiga kelayotgan yoki
ishdan qaytayotgan vaqtda shikastlanishi natijasida yetkazilgan zarar uchun ish beruvchi moddiy
javobgar bo‘ladi.
Mehnatda mayib bo‘lish oqibatida yoki o‘z mehnat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holda
sog‘lig‘ining boshqacha tarzda shikastlanishi sababli xodimga yetkazilgan zararni ish beruvchi,
basharti zarar uning aybi bilan kelib chiqmaganligini isbotlab berolmasa, to‘lashi shart.
O‘z mehnat vazifalarini bajarayotgan vaqtida yuqori xavf manbai natijasida xodimning
sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni ish beruvchi, basharti zarar uni bartaraf qilish mumkin bo‘lmagan
kuchlar tufayli yoki jabrlanuvchi qasddan qilganligi oqibatida kelib chiqqanligini isbotlab
berolmasa, to‘lashi shart.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 11-fevraldagi 60-sonli qarori bilan
tasdiqlangan “Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda jarohatlanishi, kasb
kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni to‘lash
qoidalari”ning
1 — 10-bandlari
.
Do'stlaringiz bilan baham: |