253-modda. Chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi arizani qaytarish O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy sudi chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi arizani ish yuritishga qabul qilish haqidagi masalani hal etishda, u ushbu Kodeks 249 — 252-moddalarining talablari buzilgan holda taqdim etilganligini aniqlasa, ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni o‘z ajrimi bilan qaytaradi.
Ajrim, ariza va unga ilova qilingan hujjatlar arizachiga yoki uning vakiliga ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran besh kun ichida yuboriladi.
Arizani qaytarish uchun asos bo‘lgan holatlar bartaraf etilganidan keyin manfaatdor shaxs umumiy tartibda ariza bilan O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy sudiga yangidan murojaat etishga haqli.
Chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi arizani qaytarish haqidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Ajrim bekor qilingan taqdirda, ariza iqtisodiy sudga dastlabki murojaat etilgan kunda berilgan deb hisoblanadi.
LexUZ sharhi Qarang: Mazkur Kodeksning 248 — 251, 253 — 258-moddalari. 254-modda. Chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish tartibi Chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi ariza, agar O‘zbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, mazkur bobda belgilangan xususiyatlarni e’tiborga olgan holda ushbu Kodeksning qoidalari bo‘yicha u iqtisodiy sudga kelib tushgan kundan e’tiboran olti oydan oshmagan muddatda sud majlisida ko‘riladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy sudi ajrimi bilan ushbu Kodeksning 127-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinadi. Sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi ishni ko‘rish uchun to‘sqinlik qilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy sudi ishni ko‘rishda ushbu Kodeksning 255-256-moddalarida nazarda tutilgan holatlarni O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy sudiga taqdim etilgan, bildirilgan talablar va e’tirozlarni asoslovchi dalillarni tekshirish yo‘li bilan aniqlaydi.
O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy sudi ishni ko‘rishda chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini mazmunan qayta ko‘rib chiqishga haqli emas.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 19, 20-boblari, 248 — 253, 255 — 258-moddalari.