343-modda. Sud hujjatining qaytarma ijrosi Agar ijro etilgan sud hujjati o‘zgartirilib yoki bekor qilinib, da’voni to‘liq yoki qisman rad etish to‘g‘risida yangi sud hujjati qabul qilinsa yoxud ish yuritish tugatilsa yoki da’vo ko‘rmasdan qoldirilsa, bekor qilingan yoki tegishli qismi o‘zgartirilgan sud hujjati bo‘yicha da’vogar foydasiga undirilgan hamma narsa javobgarga qaytariladi.
Agar ijro etilmagan sud hujjati bekor qilinib yoki o‘zgartirilib, da’voni to‘liq yoki qisman rad etish to‘g‘risida yangi sud hujjati qabul qilinsa yoxud ish yuritish tugatilsa yoki da’vo ko‘rmasdan qoldirilsa, sud bekor qilingan yoki tegishli qismi o‘zgartirilgan sud hujjati bo‘yicha undirishni to‘liq yoxud qisman bekor qilish haqida sud hujjatini qabul qiladi.
LexUZ sharhi Qarang: Mazkur Kodeksning 342, 344-moddalari. LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2013-yil 5-dekabrdagi 254-sonli “Sud buyrug‘i berish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda iqtisodiy sudlar tomonidan protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 18-bandi. 344-modda. Sud hujjatining qaytarma ijrosi to‘g‘risidagi masalani hal qilish Sud hujjatining qaytarma ijrosi to‘g‘risidagi masala ilgari qabul qilingan sud hujjatini bekor qilish yoki o‘zgartirish haqida yangi sud hujjatini qabul qilgan sud tomonidan hal etiladi.
Agar sud hujjatini bekor qilish yoki o‘zgartirish to‘g‘risidagi qarorda uning qaytarma ijrosi to‘g‘risida ko‘rsatma bo‘lmasa, javobgar birinchi instansiya sudiga tegishli ariza berishga haqli.
Sud hujjatining qaytarma ijrosi to‘g‘risidagi ariza sudga kelib tushgan kundan e’tiboran yigirma kunlik muddatda, taraflar chaqirtirilmasdan va sud muhokamasisiz sud majlisida ko‘rib chiqiladi.
Sud hujjatining qaytarma ijrosi to‘g‘risidagi arizaga ilgari qabul qilingan sud hujjati ijro etilganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi.
Sud hujjatining qaytarma ijrosi to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha ajrim chiqariladi.
Ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Sud hujjatining qaytarma ijrosi to‘g‘risidagi ariza qanoatlantirilgan taqdirda, sud undirilgan pul mablag‘larini, mol-mulkni yoki uning qiymatini qaytarish uchun ijro varaqasi beradi.
LexUZ sharhi Qarang: Mazkur Kodeksning 342, 343-moddalari. LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2013-yil 5-dekabrdagi 254-sonli “Sud buyrug‘i berish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda iqtisodiy sudlar tomonidan protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 18-bandi.