18-modda. Viloyat va tuman bo‘ysunuvidagi shaharlarni, viloyatlar tumanlarini, Toshkent shahar tumanlarini va viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar tumanlarini tuzish hamda tugatish Viloyat va tuman bo‘ysunuvidagi shaharlarni, viloyatlar tumanlarini, Toshkent
shahar tumanlarini va viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar tumanlarini tuzish hamda
tugatish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifiga ko‘ra
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tegishli viloyatlar hokimlarining,
Toshkent shahri tumanlariga nisbatan esa — Toshkent shahar hokimining
iltimosnomalari asosida amalga oshiriladi.
Tegishli viloyat yoki Toshkent shahar hokimi O‘zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
tegishli shahar yoki tumanni tuzish yoki tugatish zarurligi va maqsadga
muvofiqligi asoslantirilgan iltimosnoma;
tegishli shahar yoki tumanni tuzish yoki tugatish masalasi bo‘yicha viloyat xalq
deputatlari Kengashining qarorini, Toshkent shahri tumaniga nisbatan esa — xalq
deputatlari Toshkent shahar Kengashining qarori;
viloyat yoki Toshkent shahar hokimi tomonidan tashkil etilgan komissiya
xulosasi;
shahar yoki tuman chegaralarining va shahar yoki tuman tarkibiga hududlari
o‘tkazilayotgan ma’muriy-hududiy birliklar chegaralarining kartografik chizmasi
hamda shahar yoki tuman chegaralari chizig‘ining tavsifi (shahar yoki tumanni tuzish
to‘g‘risidagi taklifga ilova qilinadi);
tarkibiga tugatilayotgan shahar yoki tuman hududi o‘tkazilayotgan ma’muriy-
hududiy birliklar chegaralarining kartografik chizmasi va ma’muriy-hududiy birliklar
chegaralari chizig‘ining tavsifi (shahar yoki tumanni tugatish to‘g‘risidagi taklifga
ilova qilinadi);
shahar yoki tumanni tuzish yoki tugatish bilan bog‘liq tegishli hisob-kitoblar
va xarajatlarni moliyalashtirish manbalari.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tegishli viloyat yoki Toshkent
shahar hokimining shahar yoki tumanni tuzish yoki tugatish haqidagi iltimosnomasini
iltimosnoma kelib tushganidan keyin o‘ttiz kun ichida ko‘rib chiqadi va uni
ma’qullaydi yoki rad etadi.
Tegishli viloyat yoki Toshkent shahar hokimining shahar yoki tumanni tuzish
yoki tugatish haqidagi iltimosnomasi ma’qullangan taqdirda, O‘zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasi shahar yoki tumanni tuzish yoki tugatish
to‘g‘risidagi taklifni hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik
palatasining va Senatining qarorlari loyihalarini o‘n kun ichida tayyorlaydi hamda
ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hujjatlar bilan birga O‘zbekiston
Respublikasi Oliy Majlisiga ko‘rib chiqish uchun kiritadi.