150-modda. Xarajatlar smetasiga va shtat jadvaliga o‘zgartirishlar kiritish tartibi Budjet tashkilotining yoki budjet mablag‘lari oluvchining so‘roviga ko‘ra moliya yilida uning uchun nazarda tutilgan xarajatlarning ayrim moddalar bo‘yicha budjetdan ajratiladigan mablag‘larning hajmlari xarajatlarning boshqa moddalari bo‘yicha budjetdan ajratiladigan mablag‘lar teng miqdorda kamaytirilgan hamda budjet tashkiloti yoki budjet mablag‘lari oluvchi uchun nazarda tutilgan budjetdan ajratiladigan mablag‘larning tasdiqlangan umumiy hajmi saqlab qolingan holda ko‘paytirilishi mumkin. Mazkur o‘zgartirishlar budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar tomonidan xarajatlar smetasiga yiliga ko‘pi bilan to‘rt marta kiritiladi va:
O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar bo‘yicha — budjet mablag‘larini taqsimlovchi tomonidan;
budjet mablag‘larini taqsimlovchilar bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar bo‘yicha — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining moliya boshqarmalari tomonidan;
tumanlar va shaharlar budjetlaridan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar bo‘yicha — tumanlar va shaharlar hokimliklarining moliya bo‘limlari tomonidan;
davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlaridan moliyalashtiriladigan budjet mablag‘lari oluvchilar bo‘yicha — davlat maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchi organlar tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang. Budjet tashkilotlarining xarajatlar smetasiga kiritiladigan o‘zgartirishlar soni hisobga olinayotganda budjet tashkilotlarida ishlovchi ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lash uchun budjet tashkilotining tasdiqlangan xarajatlar smetasi doirasida budjetdan ajratiladigan mablag‘larni bir moddadan boshqa moddaga ko‘paytirishni yoki kamaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar hisobga olinmaydi.
(150-modda O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi O‘RQ-396-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda) Budjet tashkilotining va budjet mablag‘lari oluvchining so‘roviga ko‘ra kamaytirish tomonga o‘zgartirishlar kiritishga yo‘l qo‘yilmaydigan xarajatlar moddalari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang. Qonunchilikka muvofiq ish haqi miqdorlari oshirilishi munosabati bilan budjet tashkilotining shtat jadvaliga kiritiladigan o‘zgartirishlar moliya organi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.
(150-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) Budjet tashkilotining shtat jadvaliga kiritilgan o‘zgartirishlar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilangan shakl bo‘yicha tegishli moliya organida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim, ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan hollar bundan mustasno.