141-modda. Aylanma kassa mablag‘lari
O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining, shuningdek tumanlar, shaharlar budjetlarining aylanma kassa mablag‘lari ularning daromadlari bilan xarajatlari o‘rtasidagi vaqtinchalik kassa uzilishini qoplash maqsadida shakllantiriladi.
Aylanma kassa mablag‘larining miqdorlari:
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari uchun — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan;
(141-modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-660-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 03/20/660/1682-son)
Oldingi tahrirga qarang.
tumanlar va shaharlar budjetlari uchun — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilinayotganda belgilanadi.
(141-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-660-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 03/20/660/1682-son)
Yil mobaynida aylanma kassa mablag‘laridan jalb qilingan summalar yil oxirigacha tiklanishi lozim. Aylanma kassa mablag‘larining yil oxiridagi miqdori belgilangan summaga mos kelishi kerak.
Kelgusi moliya yili uchun belgilangan aylanma kassa mablag‘lari:
tegishli budjetlarning shaxsiy g‘azna hisobvaraqlaridagi mablag‘larning yil boshidagi qoldiqlari;
joriy yilning birinchi — uchinchi choraklari yakunlari bo‘yicha daromadlar prognozining oshirib bajarilishi summalari hisobidan to‘ldiriladi.
Tumanlar va shaharlar budjetlarining ushbu moddaning to‘rtinchi qismida ko‘rsatilgan manbalari yetarli bo‘lmaganda tumanlar va shaharlar budjetlarining aylanma kassa mablag‘larini to‘ldirish to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan qaror qabul qilinishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur Kodeks 3-moddasining ikkinchi xatboshisi, 99-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-iyundagi “Mahalliy davlat hokimiyati organlarining budjet vakolatlarini kengaytirish va mahalliy budjet daromadlarini shakllantirishdagi mas’uliyatini oshirish to‘g‘risida"gi PQ-3042-son qarori 2-bandining ikkinchi xatboshisi, 3-bandining to‘rtinchi xatboshisi, 6-bandining to‘rtinchi xatboshisi.
Do'stlaringiz bilan baham: |